Jahon bankining 2018-yilgi tadqiqotiga ko‘ra, qizlarning ta’lim olishi cheklangani va o‘rta ta’limni yakunlash yo‘lidagi to‘siqlar dunyo mamlakatlariga 15 trilliondan 30 trillion dollargacha iqtisodiy zarar keltirgan. Bu raqamlarning o‘ziyoq ayollarning taraqqiyot va iqtisodiyotdagi o‘rnini ko‘rsatadi, quyida shu mavzuda so‘z yuritamiz.
Taraqqiyot yo‘lidagi davlat, avvalo, inson kapitalini rivojlantirishga urinadi, bu jarayonda ayollarning potensiali tengma-teng muhim ekani ta’kidlanadi. Ammo ba’zi davlatlarda hali ham ayollarning ta’lim olishi, jamiyatdagi, siyosiy hayotdagi o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarishda qonuniy yoki xalq orasidagi fundamental stereotip to‘siqlar mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydi”, deb belgilab qo‘yilgan.
Shunga qaramay xalqimiz orasida qizlar ta’limiga qarshi chiquvchi, ixtiyoriga zid ravishda, erta turmushga berishga urinadiganlar bor. Ba’zi stereotiplardan chiqib ketish ma’lum vaqt talab qiladi. Shu o‘rinda xotin-qizlarning ta’lim olishi, ularni ish bilan ta’minlab, iqtisodiy-ijtimoiy hayotda faol bo‘lishi uchun alohida dasturlar amalga oshirilayotgani, erta turmushning oldini olish borasidagi ishlarni e’tirof etish kerak. Lekin keyinchalik ham qizlar uchun ta’lim jarayonining davomiy bo‘lishi, mutaxssisligi bo‘yicha ishlashi, biror sohada yangilik qila olishi oila va muhitga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Ayollar ish haqi nega kam?
Ma’lumotlarga ko‘ra dunyo bo‘ylab ayollar mehnatiga haq to‘lash erkaklar maoshining o‘rtacha 80 foizini tashkil qilsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 61 foizga teng. Jahon banki tayyorlagan “O‘zbekistonda gender tengligi tahlili” hisobotida aytilishicha, O‘zbekistonda ish bilan band bo‘lgan ayollar va erkaklar o‘rtacha ish haqidagi gender tafovutini bartaraf etish 700 mingdan ortiq odamni qashshoqlikdan chiqarishga yordam beradi. Ayollar maoshining erkaklar maoshiga nisbatan kam ekaniga bir qancha sabablar bor.
AQShning “Pew” tadqiqot markazi ma’lum qilishicha, AQShda erkaklarning o‘zlari ishlayotgan joyda rahbarlik lavozimlarida bo‘lish ehtimoli ayollarnikiga nisbatan ko‘proq: 28 foizga – 21 foiz nisbatda. Bu, ayniqsa, ish bilan band otalar o‘rtasida ko‘proq, ularning 35 foizi o‘zlari ishlayotgan joyda rahbar yoki top-menejerlardan biri ekanini aytgan. Bundan tashqari, ish bilan band bo‘lgan har o‘nta ayoldan to‘rt nafardan ko‘prog‘i (46 foiz) rahbarlik lavozimida ishlash istagi yo‘qligini bildirgan. Yevropa Ittifoqidagi o‘rganishlarga ko‘ra, ayollarning deyarli uchdan bir qismi (28 foiz) to‘liq bo‘lmagan ish kunida ishlaydi, erkaklarning atigi 8 foizi yarim kunlik ishlaydi. Ish haqi bo‘yicha umumiy farqning taxminan 24 foizi ayollarning parvarish, sog‘liqni saqlash yoki ta’lim kabi nisbatan kam maosh oladigan sohalarda haddan tashqari ko‘pligi bilan ham izohlanadi. Aksariyat ayollar ona bo‘lgach, daromadi ma’lum muddatga qisqarishi, erkaklarda esa buning aksi bo‘lishi, bu holat ayollarning bola tarbiyasiga ko‘proq vaqt ajratishi bilan bog‘liq ekani ham tadqiqotlarda isbotlangan.
Ayni masalada Xalqaro mehnat tashkiloti 2022-yildagi hisobotida shunday sabablarni keltirgan: “Ayollarning tez-tez tug‘uruq ta’tili va farzandlari salomatligi tufayli kasallik ta’tiliga chiqishi ish beruvchilar orasida ayollarning potensial xodim sifatida jozibadorligini pasaytiradi. Erkaklarning potensial xodim sifatidagi afzalliklari shundaki, ular tug‘uruq ta’tiliga chiqmaydi (qonuniy huquqi bo‘lsa ham), ishda ushlanib qolishga tayyor, ish bo‘yicha safarlarga borishda hech qanday to‘siqlar yo‘q”.
Bu xulosalar asosan AQSh, YIdagi o‘rganishlar natijasi ekani, bizning jamiyatda ham ayni shunday holatlar mavjudligini hisobga olsak, buni butun dunyoda kuzatilayotgan tendensiya desak bo‘ladi. Ammo yuqoridagilardan tashqari sabablar ham mavjud: jinsiy kamsitish, ayollar mehnatini, potensialini past baholash kabi, ba’zi davlatlarda esa haligacha irqiy kamsitishlar saqlanib qolgan. Ayrim tashkilotlar ayollarning bola parvarishi ta’tiliga chiqishi kabi sabablarni vaj qilib umuman ishga olmaydi.
Ammo bu muammolarni yo‘qotish imkonsiz emas. Masalan, YIda Lyuksemburg erkaklar va ayollar o‘rtasida ish haqidagi farqni yo‘qotgan. Ko‘pgina YI davlatlarida ham bu borada farqlar qisqarib bormoqda. Jumladan, Ruminiya (3,6 foiz), Sloveniya (3,8 foiz), Polsha (4,5 foiz), Italiya (5 foiz) va Belgiya (5 foiz) kabi davlatlarda ish haqidagi farqlar u darajada katta emas.
Xalqaro OXFAM tashkiloti ish haqidagi gender tafovut oqibatida kelib chiqadigan bir qator muammolar yuzasidan o‘z xavotirini bildirgan: ish haqidagi farq nafaqat ayollarning o‘ziga, balki ularning oilasiga, kelajak uchun sarmoya kiritishiga ham salbiy ta’sir qilib, umumiy jihatdan jamiyat ahvoli yomonlashuviga yo‘l ochadi. Qolaversa, beva va ajrashgan ayollar keksaygan vaqtda erkaklarga qaraganda ko‘proq kambag‘allashishining sabablaridan biri ham shu ekani aytib o‘tilgan. Masalan, o‘rta ahvoldagi amerikalik ayolning sof boyligi 5 ming 541 dollarni tashkil qilsa, erkaklarniki 12 ming 188 dollar, ya’ni ikki barobardan ham ko‘p.
O‘zbekistonda vaziyat qanday?
Bu borada bizdagi raqamlar ancha muammoliroq. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi pastligi asosan ularning uy-ro‘zg‘or ishlari va bola parvarishi bilan to‘liq band ekanligiga bog‘liq. Masalan, O‘zbekiston ayollari 22 foiz vaqtini uy ishlari va bola parvarishiga sarflaydi, erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 9 foizni tashkil qiladi. Uy yumushlari o‘zbek ayolining yuqori lavozimlarga ko‘tarilishiga to‘sqinlik qiladi.
2021-yilda ayollar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 13,3 foizni (dunyo bo‘yicha 6,1 foiz) tashkil etgan va bu erkaklar o‘rtasidagi ishsizlik darajasidan ikki baravar yuqori. Ishsiz ayollarning asosiy qismini o‘rta maxsus (65,8 foiz) va o‘rta (28,5 foiz) ma’lumotga ega xotin-qizlar, ular orasida 3,4 foiz oliy ma’lumotli ayollar ham bor. Ishsiz ayollarning 44 foizdan ortig‘i 15-30 yosh oralig‘ida. Xalqaro mehnat tashkiloti tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 80 foizi oilada erkak ro‘zg‘or tebratishi, ayol uy yumushlari va bolalar bilan shug‘ullanishi kerak deb hisoblaydi. 93 foiz aholi esa turmush o‘rtog‘i ishlamasa ham, asosiy uy yumushlarini ayol bajarishi kerak degan tushunchada. Bunday tafakkur o‘z-o‘zidan mehnat bozorida gender tengsizlikni keltirib chiqaradi.
O‘zbekistonda ko‘p ayollar bola parvarishi va uy ishlari sabab uyda o‘tirishga qaror qiladi, bu esa kasbiy mahorat, malakaning yo‘qolishiga olib keladi. 2024-yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan 3-6 yoshli bolalar ulushi 74 foizni tashkil etgan, ammo umumiy 1-6 yoshli bolalar orasida bu ko‘rsatkich foizlari ancha past, ya’ni qamrab olinmagan bolalar uyda onalari tomonidan tarbiyalanadi. Demak, ayollarning ishlashiga asosiy to‘siqlardan biri O‘zbekistonda 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning maktagacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olinmaganidir (2030-yilgacha 3-6 yashar bolalarni 100 foiz qamrab olish rejalashtirilgan).
Ayollarning iqtisodiy potensiali
Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, mehnat bozoridagi gender tafovutning qisqarishi rivojlanayotgan bozorlar va iqtisodiyotlarda yalpi ichki mahsulotni deyarli 8 foizga oshirishi mumkin. Gender notenglikini to‘liq bartaraf etishdan olingan daromad yanada yuqori bo‘lib, bunday mamlakatlarda yalpi ichki mahsulot o‘rtacha 23 foizga ko‘tariladi. Umuman, xilma-xillik va ayollarning iqtisodiyotda, qarorlar qabul qilishda va siyosiy jarayonlarda teng rol o‘ynashi yaxshi natijalar beradi. Mavjud barcha potensiallarni safarbar qilish samaradorlik va raqobatbardoshlikni oshiradi, bu esa iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish va global farovonlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Yevropa Markaziy bankining tadqiqotiga ko‘ra, kompaniyalardagi ayol menejerlar soni bir foizga oshishi karbonat angidrid chiqindilarining 0,5 foizga pasayishiga olib keladi. Xuddi shunday, Yevropa Investitsiya banki ayollar boshchiligidagi zavodlarning ekologik, ijtimoiy va boshqaruv ko‘rsatkichlari yuqori ekanini aniqlagan. Xalqaro Valyuta Fondi tadqiqotlari esa bunday kompaniyalarning daromadi ham yaxshi ekani hamda bank kengashlarida gender muvozanat bo‘lishi yuqori moliyaviy barqarorlikka olib kelishini ko‘rsatadi.
Kapitalistik dunyoda ayollar iste’mol tovarlarini sotib olish qarorlarining 80 foizini qabul qilishini yoki ta’sir qilishini hisobga olsak, korxonalar o‘z tovarlarini ko‘proq sotmoqchi bo‘lsalar, ayollarning fikrlari va tajribasini hisobga olishi kerak bo‘ladi. Bu esa inklyuzivlik biznes uchun foydali ekanligining yana bir sababi. Hozir ayollar global boylikning 40 foizini nazorat qilmoqda va ular barqaror kelajak uchun sarmoya kiritmoqchi. Ya’ni ayollarning qariyb 74 foizi kelajak barqarorligi uchun investitsiyalari ulushini oshirishdan manfaatdor ekanini bildirgan bo‘lsa, erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 53 foizni tashkil qiladi. “Ayollarga joy ajrata olmaydigan kompaniyalar raqobatchilaridan ustun turish imkoniyatini e’tibordan chetda qoldiradilar”, deydi Yevropa investitsiya banki prezidenti Nadiya Kalvino.
Bu borada nimalar qilish kerak?
Joriy investitsiyalar ko‘lam va miqdori o‘zgarishsiz qolsa, 2030-yilga borib 340 milliondan ortiq ayol va qizlar yuqori darajadagi qashshoqlikda yashaydi. BMTning “UN Women” tashkiloti ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha qilinadigan ishlarni e’lon qildi.
Resurslar. Ayollarni moliyaviy resurslar bilan bog‘lash ularning asosiy ehtiyojlarini qondirish va biznesni boshlash yoki rivojlantirishga yordam beradi. Biroq global miqyosda ayollarga tegishli mikro, kichik va o‘rta bizneslar 1,7 trillion dollarga kam moliyalashtirilayotgani taxmin qilinmoqda. Kichik va o‘rta korxonalarga ega bo‘lgan ayollar uchun kreditlarni yopish 2030-yilga kelib yillik daromadlarning o‘rtacha 12 foizga oshishiga olib keladi. Moliyaviy resurslardan tashqari ayollar yer, axborot, texnologiya va tabiiy resurslardan foydalanishi kerak. Ishlaydigan ayollarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i qishloq xo‘jaligida band bo‘lishiga qaramay, mamlakatlarning 87 foizida ayollarning qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik qilishi yoki ularga egalik qilish huquqi erkaklarnikiga qaraganda kamroq. Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish gender zo‘ravonlikni kamaytiradi, siyosiy va ijtimoiy ishtirok va yetakchilikni oshiradi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga yordam beradi.
Ish sharoiti. Ayollar har qanday ishni ham qila olmaydi. Ish samarali va erkinlik, tenglik, xavfsizlik va qadr-qimmat sharoitida bo‘lishi kerak. Ammo dunyo miqyosida ish bilan band ayollarning qariyb 60 foizi, past daromadli mamlakatlarda esa 90 foizdan ortig‘i norasmiy iqtisodiyotda ishlaydi. Ish haqining shaffofligi, teng qiymatdagi ish uchun teng haq to‘lash kabi chora-tadbirlar ish haqidagi gender tafovutlarini bartaraf etishga yordam beradi. Xotin-qizlarning hozir ular kam ishtirok etayotgan sohalarda, jumladan, fan, texnologiya va muhandislik sohalarida ishtirokini oshirish ularning imkoniyatlarini kengaytiradi.
Vaqt. Ayollar erkaklarga qaraganda qariyb uch baravar ko‘p vaqtini bola parvarishi va uy ishlariga sarflaydi. Bu ishlardagi gender nomutanosiblik ayollar va qizlarning vaqtini va ta’lim olish, munosib haq to‘lanadigan mehnat, dam olish va hordiq chiqarish imkoniyatlarini cheklaydi. Bola parvarishi va boshqa xizmat ko‘rsatishlarni kengaytirish ayollarga vaqtini “qaytarib beradi”. Bunday xizmatlarni kengaytirish 2035-yilga borib 300 million ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Xavfsizlik. Ayollar xavfsizligiga ko‘plab tahdidlar, jumladan, gender zo‘ravonlik, mojarolar, oziq-ovqat xavfsizligi va ijtimoiy himoyaning yetishmasligi kabilar bor. Uyda yoki ish joyida zo‘ravonlik ayollarning huquqlarini buzish hisoblanadi va ularning iqtisodiy ishtirokiga to‘sqinlik qiladi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning global zarari kamida 1,5 trillion AQSh dollarini yoki global yalpi ichki mahsulotning 2 foizini tashkil qilishi taxmin qilinmoqda. Mojarolardan jabrlangan ayol-qizlar soni 2022-yilda 614 millionga yetgan, bu 2017-yildagidan 50 foizga ko‘p. Iqtisodiy inqirozlar ayollar o‘rtasidagi tengsizlikni ham chuqurlashtiradi, masalan, migrant ayollar ikki barobar ko‘p zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Shuning uchun ayollarni iqtisodiy ishtirokchi sifatida erkaklardan past deb baholovchi ijtimoiy me’yorlarga qarshi chiqish juda muhimdir.
Huquqlar. Inson huquqlari ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishning asosidir. Adolatsiz, mutlaq patriarxal iqtisodiy tizimlar gender tengsizlikni davom ettiradi va kamsituvchi ijtimoiy me’yorlar ayollarning axborot, tarmoqlar, ish joylari va mulklariga kirishiga to‘sqinlik qiladi. Dunyo miqyosida o‘rtacha hisobda ayollar erkaklar foydalanadigan qonuniy huquqlarning atigi 64 foiziga ega. Ayollar huquqlarini rag‘batlantirishning asosiy strategiyalari qatoriga ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlovchi qonunlar va siyosatlarni qabul qilish hamda kamsituvchi qonunlar va qonunchilik asoslarini bekor qilish kerak. Ayollar huquqi himoyachilarini qo‘llab-quvvatlash, umuman, inson huquqlarining buzilishi uchun javobgarlik zarur. Shu bilan birga ayollar huquqlarini himoya qilish va qarorlar qabul qilishning barcha sohalarida ayollarning ovozi kuchayishi uchun javobgarlik mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirish zarur.