Soʻnggi yillarda chet elda oʻqib, malaka oshirayotgan yoshlar koʻpaydi. Ahadjon Olimjonov shulardan biri. U Buyuk Britaniyadagi “Top-50”ga kiritilgan Susex universitetining huquqshunoslik yoʻnalishida tahsil olmoqda. Ahadjon bilan Buyuk Britaniyadagi ta’lim, xorijdagi talabalar hayoti va grantlar haqida suhbatlashdik.
– Nima uchun aynan Buyuk Britaniyada o‘qishni tanlagansiz?
– Bunga ota-onam sababchi boʻlgan. Kichkinaligimda ingliz tilidan qoʻshimcha darslarga olib borishgan va maktabda oʻqib yurgan paytimda Londondagi oromgohga joʻnatishgan. Shundan keyin Angliyada oʻqish haqida oʻylay boshladim. Birlashgan qirollikdagi hayotimning boshlanishi juda qiyin kechgan, chunki koʻp stereotiplarga duch kelganman. Boshqa olam, notanish madaniyat qiyinchilik tugʻdirgan, ammo inglizlarning mehmondoʻstligi sabab barchasini yengib oʻtdim.
– Siz kabi chetdan kelib o‘qiyotgan talabalar bo‘sh vaqtlarida ishlashi mumkinmi? Ish topishga qiynalishmaydimi?
– Ish topishda eng muhim narsa bu – til, agar ingliz tilini yaxshi bilsangiz, ish topish muammo boʻlmaydi. Lekin talabalar uchun haftada faqat 20 soat ishlashga ruxsat beriladi. London tinch shahar, lekin juda gavjum. Oʻqish uchun kelayotganlar Londondan boshqa shaharni tanlaganlari maʼqul, men oʻqiyotgan Brighton ham oʻqish uchun juda yaxshi va tinch. Iloji boricha ishlamasdan oʻqishni maslahat beraman, chunki oʻqish qiyin. Ham ishlab, ham oʻqish niyatidagilar ofitsiantlik, oshpazlik yoki sotuvchilik qilishi mumkin. Britaniyada oddiy ishlarda yarim stavka ishlab ham bemalol kunlik xarajatlarga yetadigan pul topish mumkin. Bu yerda aksariyat hollarda soatiga qarab ish haqi toʻlanadi, doʻkon yoki kafeda soatiga 12 dollardan 15 dollargacha topsa bo‘ladi.
– Britaniyaga borib o‘qiyotgan chet ellik talabalar koʻpincha qanday qiyinchiliklarga duch keladi?
– Asosan, turar joy va ish topish bilan bogʻliq muammolarga. Shu sabab aksariyat yoshlar shoshilib, noqulay turar joy yoki ish tanlab, qiynalib qoladi. Turar joy muammosini universitet bilan bogʻlangan holda hal qilgan maʼqul. Bu yerda masʼul xodim talabalarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, koʻmaklashadi. Ish topishda esa tajribali talabalardan yoki yon atrofdagi tanishlardan soʻrab, qulay boʻlgan ishni topishga harakat qilish kerak.
– Talabalar uchun qoʻshimcha grantlar bormi?
– Yo‘q, bakalavrlar uchun grant ajratilmaydi. Lekin magistratura va PhD dasturi uchun grantlar bor. Ularni olish ham qiyin emas. Aksariyat universitetlar chet ellik talabalarga alohida grantlar ajratadi. Talaba oʻz davlatida turib ham bu grantlarni yutib olishi mumkin.