Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ular mehnatdan baxt yaratmoqda

24.4.2024 131

Ilhomjon ABDUSALOMOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

 

“Issiqxona qurib, kam bo‘lmadim”

Yoshlar bandligini ta’minlash orqali ularni daromadli qilish, turmush farovonligini oshirish “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturining ustuvor yo‘nalishi sifatida tanlab olingan. Natijada sohaning eng so‘nggi yutuqlari, bilim va tavsiyalaridan yosh dehqonlar unumli foydalanib, yaxshigina hosil yetishtirmoqda. E’tiborlisi shuki, avvalari qishloq xo‘jaligining katta qismida erkaklar faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozir dehqonchilik xotin-qizlar uchun ham begona bo‘lmay qoldi.

To‘rtko‘l tumanidagi “Shodlik” mahallasi markazga yaqin hududda joylashgan. Albatta, bu yoshlar siyosati borasida yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan mahalla yoshlarini o‘z vaqtida xabardor qilishga zamin yaratadi. Yoshlar yetakchisining bu borada shijoat va tashabbusi ko‘plab yoshlar hayotini ijobiy tomonga o‘zgartirdi. Ravshan Jonibekov yoshlar bilan hamjihatlikda ishlash, ularning muammolarini hal qilish borasida salmoqli natijalarga erishmoqda.

Mahallamiz balansida jami – 502 nafar yosh haqida ma’lumot jamlandi, deydi yoshlar yetakchisi biz bilan suhbatda. — 2023-yilgi xatlov jarayonida 25 nafar ishsiz yoshni aniqladik. Mahalla idorasi vakillari, tumanimiz mutasaddilari bilan maslahatlashib, yil yakuniga qadar ularning 8 nafari doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 10 nafariga hokim yordamchisi bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyatini boshlashga ko‘maklashildi. Aniqrog‘i, ularga imtiyozli kredit olish hamda subsidiya asosida mehnat qurollarini ajratishga erishildi. Yana 9 nafar yosh qiziqishidan kelib chiqib, tumandagi monomarkazda kasb-hunar kursida o‘qib qaytdi.

Ravshan Jonibekovning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda hudud yoshlarining ko‘p qismi dehqonchilik qilish uchun ijara asosida yer olish maqsadida murojaat qilmoqda. Mahalladagi “Quruvchilar” ko‘chasi 35-uyda yashovchi Saida To‘xtaboyeva hamda “Sumbula” ko‘chasi 3-uyda yashovchi Ayitgul Yo‘ldasheva ana shunday yoshlardan.

Saida va Ayitgul ishsiz ekani va dehqonchilik qilishga istagi borligini bildirib, iloji boricha o‘z tomorqasidan samarali foydalanish uchun sharoit yaratib berishni so‘ragan edi. Buni inobatga olib, 2022-yil mart oyida yoshlar yetakchisi tavsiyasi bilan yoshlarning xonadon tomorqasiga issiqxona qurib berilgan. Bu dehqon qizlarimiz hayotida tom ma’noda yangi sahifa ochilishiga turtki bo‘ldi.

 

Yurgan – daryo...

Ravshan Jonibekov hamrohligida yuqorida tilga olingan qahramonlarimizning hozirgi kundagi faoliyati bilan tanishdik.

Issiqxonamiz maydoni 1 sotix. – deydi Saida To‘xtaboyeva. – Bodring, rediska, ko‘katlar yetishtiramiz. Mahsulotimizni qo‘ni-qo‘shnilar, yaqin hududdagi do‘kon egalari so‘rab kelishadi. Har yili o‘rtacha 200-300 kg. bodring, 100-150 kg.ga yaqin rediska va ko‘katlar olyapmiz. O‘zimdan tashqari, oila a’zolarim bo‘sh vaqtida issiqxona ishlarida ko‘maklashadi. Yurgan – daryo, o‘tirgan bo‘yra deyishganidek, har holda ro‘zg‘orimizga foydasi tegyapti. Erta bahor ilik uzildi paytda bodring va rediska sotishga tayyor bo‘ladi.

Saida To‘xtaboyevaning aytishicha, xonadonda ayni paytda biogumus organik o‘g‘iti ham tayyorlanmoqda. Bu o‘g‘it yordamida mingdan ortiq pomidor ko‘chatlari yetishtiriladi. May oyi yakunida bodring hosilidan bo‘shagan yerga pomidor ekilib, to kech kuzgacha hosil olinadi. Har yili 7-10 million qo‘shimcha daromad shuning ortidan. Ayni paytda xonadon egalari yaqin hududda joylashgan 10 sotix bo‘sh yer maydoniga yoshlar yetakchisi bilan issiqxona qurishni rejalashtirmoqda.

 

Issiqxona Atirguli

So‘ng Ayitgul Yo‘ldashevaning issiqxonasi tomon otlandik. Ayitgulning turmush o‘rtog‘i Jasurbek Kenjayev ayni damda Rossiya Federatsiyasida ishlaydi. Bir nafar farzandning onasi oilada yagona mehnatga layoqatli bo‘lgani uchun issiqxona maydonini kengaytirib, ko‘proq hosil yetishtirish hamda daromadni yaxshilash maqsadida yoshlar yetakchisiga murojaat qilgan va issiqxona uning uyida ham qurib berilgan.

Qahramonimiz bilan issiqxonaga kirar ekanmiz, 0,5 sotix maydonda baravj o‘sayotgan pomidor va bodring ko‘chatlaridan tashqari, issiqxona chetida ochilib yotgan gul ko‘chatlari ko‘zimizni quvnatib yubordi.

Gulchillikka avvaldan qiziqaman, deydi Ayitgul.Shuning uchun issiqxona bahonasida sevimli mashg‘ulotimni qilishga ham vaqt topyapman. Ko‘chat yetishtirish, mahalliy va mineral o‘g‘itlar sotib olishga o‘rtacha 200-300 ming so‘m sarflaymiz. Erongul, kartoshkagul, aloe kabi gullarimiz o‘rtacha 1000-2000 so‘mdan sotiladi. Gullarimizni hududdagi tashkilotlar, maktab va jamoat joylariga ekish uchun yetkazib beramiz. 10-15 kundan keyin bodringimiz tayyor bo‘ladi. Asosan, uy bekalari tuzlama va salat tayyorlash uchun so‘raydi. Shu desangiz, to kech kuzgacha issiqxonadan chiqmaymiz.

Ayitgul Yo‘ldashevaning aytishicha, issiqxonada bodringning o‘rtapishar “Gulnoz”, pomidorning “Do‘stlik” navi parvarishlanmoqda. Bir burchakga ertapishar rediska ekilganiga esa 1 oydan oshdi. Yaqin kunlarda bu mahsulot bozor peshtaxtasidan o‘rin oladi.

Ishning ko‘zini bilgan Ayitgul Yo‘ldashevaning mo‘jazgina issiqxonasida piyoz, sarimsoqpiyoz va ko‘katlar ham nish urgan.

 

Yurtning ro‘zg‘orida sen baraka, bol...

– Bu issiqxonalardan yoshlarimiz samarali foydalanmoqda, – deydi yoshlar yetakchisi Ravshan Jonibekov. Har yili erta bahorda sabzavot ko‘chatlarini yetishtirib, qo‘shnilarga va bozorga olib chiqib sotishni kanda qilishmaydi. Oddiy tomorqaga nisbatan bir oy oldin yaxshi hosil olib, oilasi daromadlariga hissasini qo‘shib kelmoqda.

Darhaqiqat, mehnat insonni ulug‘laydi. Kichik maydonda o‘zining bo‘sh vaqtini behuda o‘tkazmasdan, yaqinlari bilan birga yerga mehr berayotgan qahramonlarimizning ertangi kunga ishonchi yuksak. Nozik xilqat vakilalarining uddaburonligi, mehnatsevarligi, nafaqat oilasi, balki qo‘ni-qo‘shnisi uchun manfaatli bo‘lmoqda. Shularni teran anglab, Oydin Hojiyevaning dehqon ayollarga bag‘ishlangan “Yurtning ro‘zg‘orida sen baraka, bol...” satrlari xayolimizdan o‘tdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish