Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Jahli murakkab...

1.11.2023 364

Samandor SODIQOV, O‘zJOKU talabasi

1906-yil 14-iyunda “Taraqqiy” gazetasining ilk sonida Munavvar qori Abdurashidxonovning “Bizni(ng) jaholat – jahli murakkab” maqolasi chop etiladi. Afsuski, 100 yildan oshibdiki, maqola hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Nafaqat o‘sha davr maktab va madrasalari, balki hozirgi ta’lim dargohlarimizda ham shunday muammolar aktual bo‘lib turibdi.

Maorif va madaniyat bog‘chasining birinchi darvozasi maktabdir”, degan edi muallif. O‘sha davr maktablarining muammolariga e’tibor bering:

  1. O‘quv jihozlari va resurslar yetishmovchiligi.
  2. Sifatli kadrlarning kamligi.
  3. Dars soatlari ko‘pligi.
  4. Maosh yetarli darajada emasligi.
  5. Tarbiya va ta’lim faqat maktab bo‘ynidagiligi.
  6. O‘qituvchining ta’lim metodikasi notog‘riligi va o‘quvchini qo‘rqitish yo‘li bilan ta’lim berishi.

Jumladan: “Shuncha demak mumkindirki, muallim afandi qo‘lida zo‘r bir tayoq, qaysi bolaning boshi harakatdin qolsa, ushbu tayoq shu bolaning boshida o‘lur. Ammo o‘qug‘on-o‘qumag‘oni ila hech kimning ishi yo‘q. Boshini qimirlatib o‘ltirsa kifoya qilur. Hattoki, o‘tgan yillarda bu tariqa zolim muallimlarning tayoqi ostida vafot qilmoq ham voqe’ o‘ldi”, deyiladi maqoladi.

“O‘qib olim bo‘larmidigin” degan iddao tufayli ko‘plab bolalarning ilmga ishtiyoqi so‘nmoqda. Maktablarda farzandlarning tarbiyasi, ilm olishi kabi muhim masalalar faqat ustozlar chekida tashlab qo‘yilgan.

Bunday muammolar kengroq miqyosda oliy ta’lim sohasiga ham ko‘chgan. Shulardan biri oliy ta’lim dargohlari asosiy maqsadidan chalg‘ib, boshqa keraksiz masalalarga ham o‘ralashib qolayotganidir. Oliy taʼlim — turli oliy maktablarda yuqori, oliy malakali mutaxassislar tayyorlaydi. Oliy ta’lim xalq xoʻjaligi, fan va madaniyatning turli sohalari boʻyicha oliy malakali mutaxassis boʻlishni istagan va tegishli talablarni bajargan oʻrta maxsus yoki kasb-hunar taʼlimini olgan kishilarga ilmiy-nazariy bilim berish hamda muayyan koʻnikmalar shakllantirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Afsuski hozirgi paytda oliy ta’lim tizimi o‘zining aniq bo‘lgan maqsadlarini nima uchun amalga oshira olmayotganini yetarli sabablar bilan keltirish mumkin:

  1. Oliy ta’limda funksiyasidan tashqari vazifalarni haddan ziyod ortiqligi:

– forma masalasi;

– talabaning tarbiyasi;

– qog‘ozbozlik;

  1. Malakali kadrlar yetishmovchiligi;
  2. Kvotaning haddan ziyod ko‘paytirilishi;
  3. Abituriyentlar imtihonlarda o‘zi tanlagan universtitet yoki insitutga bali yetmasdan, boshqa yo‘nalishdagi universtitetda majburiy o‘qishi;
  4. Ta’lim dargohidagi xodimlar va talabining munosabatlari

Universitetlar talabaning formasi, yurish-turishi, tarbiyasi haqida ham “qayg‘urishga” ko‘p e’tibor qaratilishi keyinchalik faqatgina talabalarni standart qolipga solinishga olib keladi.

So‘zimni jadid bobomiz Munavvar qori Abdurashidxonovning maqolasidagi so‘nggi so‘zlarini keltiraman:

Ey qardoshlar, voy millatdoshlar!!! Ko‘zimiz g‘aflat uyqusidin ochib, atrofimizg‘a nazar solmakimiz lozimdir. Har millat o‘z saodat hol va istiqbolini muhofazatig‘a birinchi vosita ilm o‘lmakig‘a qanoat hosil qilib ilm va maorifg‘a ortiq darajada ko‘shish qilgan bu zamonda bizlar bu g‘aflat va jaholatimizda davom etsak, istiqbolimiz nihoyatda xavflik o‘lub hamma olamga masxara va kulgu o‘lmog‘imizda hech shubha yo‘kdir. Balki bu jaholat zulmatida saodati uxraviyadin ham mahrum qolmoq xavflidir. Bu jaholat natijasidurki, o‘zimiz yerlik musulmonlardan o‘ldig‘imiz holda musofir rus va yahudiylar eshigida mardikor va xizmatchi o‘lduk. Bu jaholat xohishidurki, millat foydasi uchun jonin qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz butun millatni yodlaridin chiqorib, iste’dod va g‘ayratlarini choyxona va pivaxonalarg‘a sarf etmakdadurlar”.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish