Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

JAHON CHEMPIONI BO‘LISHINI KUTYAPMIZ

16.7.2022 975

Mashhura NASRIDDINOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Jamiyatda imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, yu­tuqlarga erishayotgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Imkoniyatim cheklangan, deb chetda turib qolish zamon­dan orqada qolish bilan tengdir. Dunyoda ko‘plab buyuklar ichida ham jismoniy imkoniyati cheklanganlari bor.

Misol uchun dunyoning mashhur bastakori Betxoven tug‘ma ojiz bo‘lgan, AQShning to‘rt marta Prezidenti etib saylangan Franklin Ruzvelt esa bolalar falaji kasalligini boshidan o‘tkazgan. Mashhur ingliz yozuvchisi Jon Mil­ton 43 yoshida ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolgan va shunga qaramay, o‘zining shoh asari – “Yo‘qolgan jannat”ni yaratgan. Bu kabi mi­sollarni sanasak adog‘i yo‘q.

Isteʼdodsiz inson yo‘q, faqat buni sezmaydiganlar bor, degan ekan donolardan biri. Shunday isteʼdodlardan biri Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan 19 yoshli Ahadxon Kim­sanboyevdir. U Marg’ilon shahridagi “Turon” mahallasida is­tiqomat qiladi. Ahadxon shaxmat bo‘yicha Osiyo chempioni. “Shaxmat o‘ynash uchun insonda ishtiyoq bo‘lishi kifoya”, degan so‘zlarni amalda isbotlagan qahramonimiz bilan bog‘lanmoq­chi bo‘lganimizda ayni kunda Fransiyada ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi yoshlar o‘rtasida 11-jahon chempionatida ishtirok etayotganidan xabar topdik.

Suhbatimizni esa Ahadxonning onasi Qanoatxon Fayzullayeva bilan davom ettirdik. Qanoatxon opaning aytishicha, yosh chempionimiz dastlab shaxmatni Karimbek bobosidan o‘rgangan. O‘shanda u 7 yoshda edi. Bobosi ham professional shaxmat ustasi emas, oddiy matematika o‘qituvchisi bo‘lgan, ammo nabirasining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun birgalikda shaxmat o‘ynardi.

– O‘g‘lim 7-sinfgacha hamma qatori oddiy maktabda tahsil oldi, dey­di Qanoatxon Fayzullayeva. – Keyinchalik esa o‘qishni Xalq ta’limi vazirli­gi tasarrufidagi ko‘zi ojiz va kar o‘quvchilarga ixtisoslashtirilgan maktabda, 2017-yil oktabrdan Farg‘ona viloyati Ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda davom ettirdi. Maxsus maktabda o‘qishni boshlagach paralimpiya musobaqalarida qatnasha boshladi va ko‘plab yutuqlarga erishdi.

Farzandi maqsadlari yo‘lida qandaydir yutuqqa erishsa, albatta, uning ortida ota-onasi yoki ustozlari turadi. Ahadxonning onasi ham suhbatimiz davomida “Baʼzan yoshim katta bo‘lib o‘g‘limni musobaqalarga yetaklab qiynalganimda ham farzandimning qiyinchilikka chidamliligi, irodasi va qatʼiyatini ko‘rib o‘zimga sabr tilaganman”, kabi fikrlarni aytib o‘tdi.

Shaxmatchimizning ingliz tilini bilishi ham uning ko‘plab yutuqlariga sabab bo‘ldi. Maqsadi yo‘lida harakat qilayotgan Ahadxon shaxmat o‘ynab mashq qilish uchun kompyuter orqali chet davlatdagi tengdoshlari bilan ham onlayn tarzda shug‘ullanadi. Bu ham aslida tajriba almashishning bir usuli hisoblana­di. Bunday ishtiyoq, albatta, qo‘llab-quvvatlanadi. Yaqinda Ahadxonga Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev tomonidan online shug‘ullanishni davom ettirish uchun zamonaviy noutbuk sovg‘a qilindi.

Ahadxon jamiyatdagi imkoniyati cheklangan yoshlar qatori sog‘lom yoshlarga ham o‘rnak bo‘la oladi. U oliy taʼlim muassasalari uchun grant ajratiladigan yoshlar qatorida ham bor. Xatolari ustida ishlaydigan, kamchiliklarini joyida bartaraf etadigan qahramonimiz hamma uxlayotgan kechasi soat 3 da ham shaxmat o‘ynayotgan bo‘ladi. Shuncha harakat va mehnat Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatida ham o‘z nati­jasini beradi, degan umiddamiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish