Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

JASORAT VA ADOLAT SOHIBALARI

10.3.2023 486

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bugun jamiyatimizda yuzlab Toʻmaris, Uvaysiy, Nodirabegim va Bibixonimlarni topish mumkin. Ana shunday jasorat va adolat sohibalari mahallalardagi yoshlarga ham yetakchilik qilmoqda. Ularning tashabbusi bilan minglab yoshlar sport, san’at, madaniyat va hunar  bilan shug‘ullanmoqda. Ular orasida o‘z biznesini yoʻlga qoʻyib, sevimli hunari ortidan daromad topayotganlar ham ko‘p. Bugungi qahramonlarimiz yoshlarni hunarli, ishli qilib, bandligini taʼminlayotgan mahallalardagi eng faol ayol yoshlar yetakchilaridir.

Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi “Shodiyona” mahallasida 774 nafar yoshlarga yetakchilik qilayotgan Nodira Davronova bir yillik faoliyati davomida “Yoshlar daftari”, mahalla tadbirkorlarining homiyligi va ijtimoiy koʻmagi orqali 150 nafarga yaqin yoshlarga yordam berib, ularning bandligini taʼminladi.

Nodira DAVRONOVA, Yangiyer shahridagi “Shodiyona” mahallasi yoshlar yetakchisi:

–“Yoshlar daftari”dagi 74 nafar yigit-qizning 68 nafariga yordam berib, ularni “Yoshlar daftari”dan chiqardik. 8 nafari subsidiya asosida mehnat qurollariga ega boʻldi. Tikuvchilik hunarini egallagan Gulmira Mamatqulova subsidiya asosida tikuv mashinasi olib, oʻzi sevgan hunar bilan shugʻullana boshladi. U  bilan mahallamizda boʻsh turgan binoda tikuvchilik toʻgaragini ham tashkil qildik. Gulmira bu yerda mahalla qizlariga tikuvchilik sirlarini oʻrgatib, toʻgarakka rahbarlik qilmoqda.

Mahallamizda tikuvchilik toʻgaragidan tashqari, ingliz tili, shaxmat va shashka toʻgaraklari ham tashkil etildi. Hozirgacha 80 ga yaqin yoshlarimiz mazkur toʻgaraklarga qamrab olindi.

 

Fargʻona viloyati Qoʻqon shahridagi “Oq oltin” mahallasi yoshlar yetakchisi Muhayyo Meliqoʻziyeva shu kunga qadar tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan 22 nafar yoshga 386 million 700 ming soʻm (shundan 2 nafari “Yoshlar daftari”da turuvchi yoshga 36 million soʻmlik imtiyozli) kredit ajratilishiga ko‘maklashdi. Natijada 22 nafar kichik biznes egasi oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻydi.

Muhayyo MELIQOʻZIYEVA, Qoʻqon shahridagi “Oq oltin” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahalla yoshlarining qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlab kelyapmiz. Masalan, oilaviy muammolar sabab tushkunlikka tushgan, maqsadlari sari qadam tashlashdan biroz chekingan Nargiza Maqsudovani “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olib, haydovchilik kursida oʻqishi uchun xarajatlarini qoplab berdik. Mahalla binosida boʻsh joy ajratib, bu yerda ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan hamda axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi xotin-qizlarga kompyuter savodxonligi, dasturlash sohasini o‘rgatib kelyapmiz. Ayni kunda “Zamonaviy kasb” oʻquv kursida 12 nafar xotin-qiz axborot texnologiyalarini oʻrganmoqda.

 

O‘tgan yili Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumanidagi “Doʻstlik” mahallasi yoshlaridan kelib tushgan 110 ta murojaat va taklif yoshlar yetakchisi Iqbol Mamatmoʻminova ko‘magida hal etildi.

Iqbol MAMATMOʻMINOVA, Shoʻrchi tumanidagi “Doʻstlik” mahallasi yoshlar yetakchisi:

Mahallamiz hududida “Parizoda innovatsion SVT” oilaviy korxonasi joylashgan boʻlib, u yerda tikuvchilik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan ayollarga sohaning sir-asrori oʻrgatib kelinmoqda. Shu kunga qadar 10 nafardan ortiq qizlarga hunar oʻrgatib, ularning 5 nafariga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berdik. Ularni “Parizoda innovatsion SVT” oilaviy korxonasiga ishga joyladik.

O‘tgan yili “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar festivali doirasida mahallamiz yoshlari viloyat hokimligi tashkil etgan “Street workout” musobaqasida gʻolib boʻlgan edi. Shu bois viloyat hokimligi mahallamiz hududida “Street workout” maydonchasi qurib berdi. Hozir bu maydoncha yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazadigan eng gavjum maskanlardan biridir.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish