Jasorat, qat’iyat, haqiqatparvarlik – ushbu uch xislat barcha kasb egalari uchun birdek zarur. Ammo shu zaruriyat yuzasidan ro‘yxat tuzsag-u, eng birinchi o‘ringa kimni qo‘yamiz desak, hech ikkilanmay jurnalist kasbini tanlaymiz!
“Agar shu maqolani gazetangda o‘qisam...ʼʼ, “shu ko‘rsatuvingni efirga bersang...” kabi tahdidlar ham yo‘q emas. Eng asosiysi, jurnalistning qat’iyatidadir. Qat’iyatning yaroqlilik muddati faqat tugal maqsadli insonlar uchun amal qilganidek, maqsadsiz jurnalist ham qorong‘ida hassasini yo‘qotib, qoqinib, turtinib borayotgan ko‘rdek gap.
Ko‘zi ojizlarga insonlar yordam qo‘lini cho‘zishar, ammo birgina do‘q-po‘pisa bilan o‘zining mashaqqati va ijod mahsuli bo‘lgan maqolani nashrdan, efir rejasidan olib qolgan, ijtimoiy tarmoqqa joylab, so‘ng o‘chirib yuborgan “jurnalistʼʼga xalq ham nafrat bilan qaraydi. Ozgina qatiyatsizlik ortidan unga “sotilgan” degan tamg‘a bosiladi. Qayerdadir o‘qigan edim: “Shundayin “nozik” kasbni tanladingmi, endi hayot-mamotingni ham u bilan bog‘lashing zarur”.
Gazeta, televideniye, radio yoki internet saytidagi jurnalistik materialdan qanchalik haqiqat qidirilsa va topilsa, insonlarda shunchalik ishonch paydo bo‘ladi. Haqiqatni yerga qaytarish va kaliti bilan ochish jurnalistlar zimmasida ekan, haqiqatsiz bu kasbni kasal bemorga o‘xshatish mumkin, nazarimda.
Shu o‘rinda jasorat, qat’iyat, haqiqat talabidagi o‘zbek milliy jurnalistikasi paydo bo‘lgan davr – XIX asrning boshlariga sayohat qilamiz.
Bugun rivojlanishdan ortda qolayotgan davlatlarda muammo, rivojlangan va bunga intilayotgan davlatlarda esa yechim hisoblanuvchi bosma ommaviy axborot vositalarini hech ikkilanmay jurnalistikaning otasi deyish mumkin.
O‘zbek jurnalistikasi tarixida ham shunday gazeta bor, u nafaqat ilk o‘zbek tilidagi gazeta ekani, balki boshqa sabablar bilan ham bizga qadrli. Aynan qaysi sabab deysizmi?
“Gazetamiz “Taraqqiy” nominda o‘lub, bora-bora jismi ham ismiga muvofiq o‘lub millatimizni “keyin“ qolmog‘iga, jaholat va g‘aflati oliyda o‘lib, boshqa millatlardan kam darajada qolmog‘iga aslo rozi emasmiz. Binoan alayha, (shunga ko‘ra) gazetamizning najotimizga, dunyo va oxiratda masud o‘lmog‘imizga yolg‘iz ilm bobidur, demak birinchi vazifasidur” (1906-yil 27-iyun, gazetaning ilk soni, oxirgi sahifasi).
Ilk sonidanoq shunday maqola bilan chiqish qilgan ro‘znomaning qanday sabab bilan 19 ta soni chiqib, 20-soni nashrga tayyorlanayotganida to‘xtatib qo‘yilgani va yopib yuborilganini sezish qiyin emas. Ammo bu 19 ta son bilan xalqning yuragidan joy egallay olgan “Taraqqiy”ni bundan avval xalqning “ko‘zini bog‘lash” va qop-qop va’dalarga ishontirish uchun “hukumat“ tomonidan tashkil etilgan “O‘rta Osiyoning umr guzorligi. Taraqqiy” nomli nashr bilan solishtiradigan bo‘lsak, ushbu gazetani hech kim yopmagan, tazyiq o‘tkazmagan.
1906-yil 27-iyun kuni “Taraqqiy”ning ilk soni nashr etildi. Oradan 3 oy ham vaqt o‘tmasidan Chor ma’murlari, mahalliy ulamo va qozilar, mudarrislar “Taraqqiy” o‘zlariga katta xavf tug‘dirishi mumkinligini his etdilar. Bu gazetada chop etilayotgan maqolalarda ham namoyon bo‘la boshladi. Masalan, mulla Zulfiqor qalamiga mansub maqolani olsak: “Lekin ular bunday qilmaganliklari ustiga, gazeta qusurlarimizni yo‘qotish istagida “bir-ikki yo‘l tanbeh tariqi ila yozilg‘on sozg‘a tuslari buziladi. Kayflari qochub, bunlarga tahammul qilolmay (chidolmay) Allohdan qo‘rqmay va xalqdan uyalmay shahar hokimiga borib, “Taraqqiy” gazetasini yobturing deb so‘zlamishlar”.
“Taraqqiy“dan keyin oradan 20 kun ham vaqt o‘tmasidan ko‘plab nashrlarda faol ishtirok etib, anchagina tajriba hosil qilgan Munavvarqori muharrirligida “Xurshid“ gazetasi chiqa boshladi. Ushbu nashrning tezda ommalashishi va afsuski yopilishiga mahalliy xalq turmushidagi dolzarb, og‘riqli muammolarni dadil ko‘targani sabab bo‘ldi.
Madomiki gazeta ko‘rsatgan jasoratlarni esga olar ekanmiz, 3-sonidayoq e’lon qilingan “Mullo Gustoh buhoriy” imzosi ostida chop etilgan “Yig‘arlar poraye bo‘yni yo‘g‘onni, solurlar o‘rtaga qiz-u juvonni” nomli tanqidiy materialning mazmuni bilan tanishsak zarar qilmaydi. Unga ko‘ra, toshkentlik bir bangi eshon, johila ayollar va o‘zining nazdida “Bahouddini soniy”, ya’ni ikkinchi Bahouddin deb e’lon qilib, o‘zining “kuf-suf“ faoliyatini yo‘lga qo‘yib, bu xizmatlari evaziga ayollardan mo‘maygina pul va tilla taqinchoqlar undirib kelgan.
Bunday maqolalarga juda ko‘p misol keltirishimiz mumkin, aynan shu sabab ham gazeta o‘zining qisqa umri – 1 oy-u 10 kun ichida mushtariylar mehrini qozonib, fikrlar maydoniga aylanandi. Turkistonning turli burchaklaridan kelayotgan xatlar ham mushtariylarning o‘z fikrlari, qiynab kelayotgan muammolari bilan to‘lib toshgan edi. Albatta, bundan “kimlarningdir” g‘ashi kelgan ko‘rinadi, 10-soni chiqqach to‘xtatildi.
Navbatdagi gazeta “Taraqqiy” va “Xurshid”ning yo‘lini munosib davom ettirish uchun o‘z faoliyatini boshlab yubordi. Taniqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniy “Shuhrat” gazetasini chiqarishga ruhsat olgach, ro‘znomaning ilk soni 1907-yilning 1-dekabirida dunyo yuzini ko‘rdi. Adadi 1000 nusxa atrofida bo‘lgan gazeta 10-soni chiqishi bilan to‘xtatilgan bo‘lsa ham, asl maqsadi qanchalik ulug‘ ekanini unga shior tariqasida yozilgan gapdan ham anglab olish qiyin emas: “Talab qiling ilmni Chin mamlakatida bo‘lsa ham”. Payg‘ambarimizning ushbu so‘zlarini gazetaning birinchi sahifasida berishdan ko‘zlangan maqsad nashr ilm-ma’rifat masalalariga qanchalik ahamiyat berishini baldirish edi.
Gazetada e’lon qilingan “Turkiston maktablari”, “Ta’mini istiqbol”, “Holimizga doir” kabi ko‘plab maqola va sharhlar gazeta faoliyatidagi eng yuksak davrda yozildi va chop etildi... Buning natijasi o‘laroq, Toshkent shahar 3-uchastka pristavi 1908-yilning 16-fevralida Abdulla Avloniydan “Shuhrat”ning butunlay to‘xtatilgani haqida tilxat oldi.
Keyingi gazetalar faoliyati vaqt jihatdan rekord darajada qisqarib bordi.
1908-yilning 9-aprelida nashr etila boshlagan “Osiyo” gazetasi chin ma’noda “Shuhrat”ning yo‘lini va maslagini beshta songacha davom ettirdi. Mualliflar tarkibi deyarli o‘zgarmay qoldi. Bosh muharir Ahmadjon Bektemirov gazetaning hech qursa 6-sonini ham chiqara olmadi.
Keyingi nashr “Tujjor”. 1907-yil 21-avgust sanasida birinchi soni chop etildi va biz yuqorida faoliyati bilan tanishgan gazetalardan uzoqroq “umr ko‘rdi”. Saidkarimboy Saidazimboyev muharrirligi va noshirligida chop etila boshlagan gazeta 36-soni chiqquncha, asosan, savdogarlar tabaqasiga mo‘ljallab maqolalar chop etdi va uning qisman uzoqroq yashaganiga ham sabab shu edi.