Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

KAM, SEKIN VA SIFATLI OVQATLANING

28.3.2024 148

Ilhomjon ABDUSALOMOV, “Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi

Wisetover internet nashri 2023-yilda dunyo davlatlari aholisining ovqatlanish jarayonini tahlil qilib, natijalarini e’lon qildi. Indeksda ovqatlanish sifat ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 76,3 foiz bilan 51-o‘rinni, ovqatlanish xavfsizligi bo‘yicha 65,2 foiz natija bilan 48-o‘rinni band qildi. Xo‘sh, o‘zbek ratsioni jahon standartlariga javob beradimi? Ayni maqola shu xususda.

Ovqatlanish tabiiy biologik jarayon, tiriklik omili. Ovqatlanish ratsionining to‘g‘ri tuzilishi insonni kuch-quvvat bilan ta’minlash barobarida kasalliklarga chalinish ehtimolini pasaytiradi, immunitetni mustahkamlab, umrni uzaytiradi. Ya’ni sog‘lom turmush tarzining asosiy shartlaridan biri. Biroq dunyoning ko‘plab xalqlari qatori o‘zbeklar ham sog‘lom ovqatlanish tartibiga ko‘p holda rioya etmaydi.

Barcha kasalliklarning tub ildizi

Mutaxassislarning fikricha, barcha turdagi kasalliklar noto‘g‘ri ovqatlanish va ruhiy siqilishdan kelib chiqadi.

– Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, oʻnta kasallik turi va oʻlim sabablaridan oltitasi — semirish, kamqonlik, yurak-qon tomir, jigar va buyrak kasalliklari hamda diabet, notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq, – deydi tibbiyot fanlari doktori Guli Shayxovaga. – Sogʻlom turmush tarzi tushunchasi keng maʼnoga ega boʻlib, u jismoniy faollik, zararli odatlar, yaʼni giyohvandlik, tamaki (nosvoy) chekish, spirtli ichimliklar isteʼmoliga qarshi kurash va ratsional ovqatlanish kabilarni oʻz ichiga oladi. Shu oʻrinda inson organizmiga taʼsir etuvchi minglab omillar ichida ovqatlanish, ayniqsa, oʻz vaqtida va meʼyorida, zarur boʻlganda esa parhezbop taomlar yeyish muhim ahamiyatga ega ekanini yodda tutish lozim.

Guli Shayxovaga ko‘ra, dunyodagi yetakchi ilmiy markazlarda olib borilgan kuzatuvlarda hayvon yogʻidan va yuqori sifatli un mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar hamda shirinliklarni meʼyoridan ortiq tanovul qilish, ovqatlanish tartibi va ritmiga amal qilmaslik oziq-ovqatlarning asosiy tarkibiy qismlari oʻrtasidagi muvozanatning buzilishi va oqibatda kasalliklar kelib chiqishini  tasdiqlanmoqda. Chunki ular qonda xolesterin (yogʻsimon zarrachalar) miqdorining oshishi, qon bosimining koʻtarilishi, miokard infarkti, bosh miyaga qon quyilishi yoki ishemik insult (bosh miya va boʻyin tomirlarida yogʻlar oʻtirib qolishi oqibatida unda qon aylanishining oʻtkir buzilishi), qandli diabetga moyillik tugʻilishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.

O‘ldirsa ham osh o‘ldirsin(mi?)

 “Kuningdan bir kuning qolsa ham, pulingdan bir puling qolsa ham osh ye”, degan ibora har bir o‘zbekka tanish. Yaxshi kun, to‘y-u, tantanalarda har bir o‘zbek elga dasturxon yozsam, osh bersam deb niyat qiladi. Mana shunday kabi azaliy odatlar yuqorida tilga olingan kasalliklarning rivojlanishiga qo‘yilgan tamal toshlardek gap. Umuman, o‘zbeklarning ertalabki kamtarona, tushlik paytidagi o‘rtamiyona va kechki shohona tarzdagi ovqatlanishi jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti belgilab bergan talablarga mutanosib emas.

Natijada, qandli diabet, gipertoniya, anemiya, har xil turdagi saraton va infeksiyalar, yurak-qon tomir kasalliklari va dislipidemiya kabi kasalliklar ko‘payib bormoqda. Buni tadqiqotlar ham isbotlaydi.

Germaniyadagi Fridrix Shiller nomidagi universitet olimlari noto‘g‘ri ovqatlanish sabab yuz beradigan o‘lim holatlari darajasi bo‘yicha dunyo reytingini tuzdi. Mazkur  tadqiqot 1990-yildan 2016-yilgacha bo‘lgan davrdagi ma’lumotlarga asoslangan. Unga ko‘ra, zararli ovqatlanish odatlari tufayli eng yuqori o‘lim darajasi MDH mamlakatlarida qayd etilgan. O‘zbekiston o‘limlar soni bo‘yicha “yetakchi” bo‘lgani, qolaversa, mamlakatda noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida har 100 ming kishidan 394 kishi hayotdan ko‘z yumgani qayd qilingan.

 

Sog‘lom ovqatlanish qanday bo‘lishi kerak?

Tibbiy nuqtayi nazardan, kunda toʻrt marta va bir vaqtda ovqatlanish maqsadga muvofiq. Uning taxminan 25 foizi birinchi nonushtaga, 15 foizi ikkinchi nonushtaga, 35 foizi tushlikka, 25 foizi esa kechki ovqatga toʻgʻri kelishi sogʻlom ovqatlanishning asosiy shartidir.

Mutaxassis Guli Shayxova yegulik tarkibiy qismiga eʼtibor berish juda muhimligini ta’kidlaydi. Professor so‘zlariga ko‘ra, oqsilga boy oziq-ovqatlar asab tizimi qoʻzgʻaluvchanligini oshirgani sababli ularni kunning birinchi yarmida, yaʼni inson faol harakatda boʻlgan davrda isteʼmol qilish maʼqul. Kunlik taomnomada sabzavot va mevalardan tayyorlangan salatlar, vinegretlar, karam, pomidor, bodring, qovoq, kashnich yetarli darajada boʻlishi, dukkaklilar, yaʼni noʻxat, loviya, mosh, turli qoʻziqorinlar chegaralangan miqdorda ishlatilishiga ahamiyat beriladi. Pishloq va tvorogning ham yogʻsizlantirilgan sutdan tayyorlangani foydalidir. Ichish uchun achchiq boʻlmagan choy, meva sharbatlari, oʻtli damlamalar tavsiya etiladi.

Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida turli kasalliklarni muolaja qilish bilan birga, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga, to‘g‘ri ovqatlanishga ham keng o‘rin berilgan. Xususan, Ibn Sino ochlik hissi bo‘lganda faqat yangi pishirilgan ovqatlarni ruhiy va jismoniy tinch holda yeyishni maslahat beradi. Qolaversa, shoshmasdan, yaxshilab chaynab yeyish va ko‘p yeyishdan tiyilishni ta’kidlaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish