Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Kamalak” – 332 697 nafar sardor

8.11.2023 375

Zafarbek Ro‘zmetov, Yoshlar ittifoqi Axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i

Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti 332 697 nafar sardorlarni birlashtiradi. Ulardan 14 nafari Respublika sardori, 196 nafari hududiy, 2 912 nafari mahalliy, 141 834 nafari maktab hamda 187 741 nafari sinf sardorlaridir.

2023-2024-o‘quv yili uchun saylangan sardorlar faoliyatini jonlantirish va ularning media savodxonligini oshirish maqsadida Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar” oromgohiga 200 dan ortiq hududiy hamda mahalliy sardorlar ishtirokida Matbuot va media yo‘nalishiga bag‘ishlangan III Respublika Sardorlar forumi tashkil etildi.

Forumning tantanali ochilish marosimida Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Temur Poyonov, Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Madina Baratova va qator mehmonlar ishtirok etib, sardorlarga o‘z samimiy tilaklarini bildirdi.

Sardorlar forumining tashkil qilinishi o‘z tengdoshlari orasida tashkilotimizning asosiy maqsad va g‘oyalarini targ‘ib qilishda, “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!” shiorimizni hamda yolg‘on gapirmaslikni bolalar ongiga singdirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Madina Baratova. Qolaversa, bugungi kunda tashkilotimiz sardorlari ham o‘qib, ham jamoat ishlarida faolligini namoyon etib kelajakda mamlakatimiz uchun muhim bo‘lgan yosh kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Forumda Respublika Sardorlar saylovi, media sohasining tajribali vakillari bilan uchrashuvlar va mahorat darslari, “Kamalakda mehmonda”, “Quvnoqlar va zukkolar”, sport musobaqalari, “Munozara” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari, Mobilografiya, video montaj hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni yuritish tartibi bo‘yicha seminar treninglar tashkillashtirildi.

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qahramon Quronboyev ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar oromgohida o‘tkazilgan “Kamalak”ning IX Rayosat yig‘ilishida bir yil davomida tashkilot tomonidan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi hamda yangi o‘quv yilida rejalashtirilgan hamkorlikdagi loyihalarning nizom va yo‘riqnomalari tasdiqlandi.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda maktab o‘quvchilari o‘rtasida Respublika “Munozara”  turnirini o‘tkazish, Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda yaqinda start berilgan “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalini yuqori saviyada tashkil etish, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan bolalar o‘rtasida bullingning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlarni amalga oshirishga kelishildi.

Ittifoqning Respublika sardorlar Kengashi a’zoligiga saylovlarda hududiy sardorlarimiz o‘zlarining “Agarda men respublika sardori bo‘lsam ...” mavzusidagi saylov oldi dasturlari bilan ishtirok etib, kelgusida amalga oshiradigan reja va loyihalari taqdimotini o‘tkazdi. Shundan so‘ng eng munosib nomzodlarni aniqlab olish maqsadida yopiq tarzda ovoz berish o‘tkazildi.

 Forumning so‘nggi kunida faol hamda loyihalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga maxsus esdalik sovg‘a va sertifikatlar, 2023-2024-o‘quv yilida faoliyat olib boradigan 14 nafar Respublika Sardorlar Kengashi a’zolariga zamonaviy planshetlar taqdim etildi. Sardorlar kengashi faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida Qoraqolpog‘iston Respublikasiga 100 million so‘m, Surxondaryo viloyatiga 80 million so‘m, Toshkent viloyatiga 50 million so‘m ajratildi va shu joyning o‘zida sardorlarga vaucherlar topshirildi.

Oromgohning tantanali yopilish marosimi do‘stlik bog‘ichlarini bog‘lash marosimiga ulanib ketdi. Hududlardan kelgan 200 dan ortiq sardorlar do‘stlik aylanasini hosil qildi. Yoshlar oromgohi osmoni uzra mushakbozlik tashkil etildi. Shuning bilan unutilmas xotiralarga boy bo‘lgan III Respublika sardorlar forumi nihoyasiga yetdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish