Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Kamalak” – ijtimoiy lift

21.3.2024 111

  Xurshida ABDUSATTOROVA, Sirdaryo viloyati “Kamalak” bolalar tashkiloti koordinatori

Bugungi kunda yurtimizda bolalarni har tomonlama yetuk, Yangi O‘zbekiston bunyodkori sifatida tarbiyalash maqsadida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, maktab yoshidagi bolalarni hozirdan katta hayotga tayyorlash yo‘lida “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan sardorlik tizimining joriy etilgani bu yo‘lda amalga oshirilgan eng samarali ishdir. Sababi, bugun tashkilot doirasida minglab, balki millionlab bolalar sardor sifatida o‘z tengdoshlaridan oldin bo‘lishga va tengdoshlarini ham o‘zlari kabi faollik ko‘rsatishga chorlab kelmoqda.

Sirdaryo viloyatida “Kamalak” bolalar tashkilotining o‘rni katta, deb g‘urur bilan ayta olamiz. Sababi, kuni kecha sardor bo‘lib yurgan bolajonlar bugungi kunda jamiyatimiz rivojiga keng hissa qo‘shish yo‘lida javlon urib, mehnat qilmoqda. Albatta, ulardagi vatanparvarlik, jamiyatga befarq bo‘lmaslik kabi hislatlarning shakllanishida o‘z vaqtida tashkilot narvon vazifasini bajargan edi.

Masalan, bir vaqtlar tashkilot sardori bo‘lgan Nargiza Xolboyeva Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, Sarvarbek Sultonov Mirzaobod tumani hokimi sifatida faoliyat olib bormoqda. Hilola Nazarbekova tuman hokimining o‘rinbosari, Sardor G‘aniyev viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimi, Oybek Hakimov ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktori, Yorqinjon Hayitboyev “Tafakkur va dunyo” gazetasi bosh muharriri, Boymurod Yunusov Yoshlar ishlari agentligi Markaziy apparati mas’ul xodimi, Nigora Orifjonova maktab-internat kutubxonachisi. Ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Bu tashkilotning bolalar uchun ijtimoiy lift bo‘lganidan dalolat beradi.

“Kamalak” bolalar tashkilotining asl maqsadi ham shundan iborat edi. Bugungi kunda tashkilot bolalarni o‘z atrofida birlashtirish yo‘lida bir qancha loyihalarni amalga oshirmoqda. Masalan, “Kamalak yulduzlari”, “Kamalak bilimdonlari”, “Eng namunali sardorlar Kengashi”, “Eko patrul”, “Mehr24”, “Barter book” kabi loyihalar bolalarning ijtimoiy faolligini oshirish bilangina cheklanib qolmay, ularning salohiyatini, iste’dodini oshirish yo‘lida ko‘prik vazifasini bajarmoqda.

Tashkilotning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari ham katta. Kelgusida bolalar har tomonlama faol, tashabbuskor bo‘lishida “Kamalak” alohida ahamiyatga ega.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish