Tabiatni sevish, asrab-avaylash, unga daxldorlik hissi har bir insonda bo‘lishi zarur. Ayniqsa, faol sardorlar bilan yoshlar orasida ekologik madaniyatni targ‘ib qilish samarali natija beradi. Bu “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tgan II Respublika Sardorlar forumida yana bir bor o‘z isbotini topdi.
Forumda “Kamalak” bolalar tashkilotining VIII rayosat yig‘ilishi, “Munozara” intellektual o‘yini, “Kamalak”da mehmonda” hamda “Ekopatrul” loyihalari, “Toza hudud” va “Daraxtlarni havas bilan ekamiz!” aksiyalari tashkil etildi. Sardorlarda ekologik madaniyatni shakllantirish va atrof-muhit muhofazasiga munosib hissa qo‘shish maqsadida “Ekopatrul” va “Daraxtlarni havas bilan ekamiz!” loyihalari doirasida “Boqiy Buxoro” monumentida 100 tubdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, II Respublika Sardorlar forumida rayosat yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi v.v.b. Shohrux Qudratov, Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Madina Baratova, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, “Kamalak” bolalar tashkiloti masʼullari, Respublika Sardorlari hamda hamkor vazirlik, idora va tashkilot vakillari ishtirok etdi. VIII rayosat yig‘ilishida 2021/2022-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi rejalar bo‘yicha fikr-mulohaza hamda takliflar bildirildi.