bunda kasbiy ta’lim tizimining vazifalari qanday?
Dunyo tajribasida kasbiy ta’limni rivojlantirish kambag‘allikni qisqartirish va yoshlarning munosib kvalifikatsiyalarga ega bo‘lishida muhim tizim hisoblanadi.
Ayni maqsadlarni inobatga olgan holda joriy yil 16-oktabrda “Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro ta’lim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni imzolandi. Mazkur farmonning mohiyati va maqsadlari xususida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy SHARIPOVning fikrlariga qiziqdik.
– Global ta’lim muhitini shakllantirishda uning uzluksizligi va uzviyligi, sifatini ta’minlash, ijodiy rivojlanishga yo‘naltirish alohida ahamiyat kasb etadi, – dedi vazir. – Professional ta’lim muassasalari – kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlardan iborat bo‘lib, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-, 8-, 1-, 5- va boshqa bandlarini ro‘yobga chiqarishda kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlashning ahamiyati yuqori. Shu maqsadda tizimda amalga oshirilgan ishlar o‘rganib chiqildi, xalqaro ekspertlarning fikrlari olinib, sohani rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha Prezidentimiz belgilab bergan yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Natijada kasbiy ta’limda institutsional yaxlitlikni ta’minlash va boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish hamda ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashga kirishildi.
Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga muvofiq, 600 ta texnikum tashkil qilinib, ta’lim dasturlari uzviyligi ta’minlangan holda kasbiy ta’limning barcha darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Ya’ni texnikumlar mehnat bozori uchun turli yoshdagi kadrlar tayyorlashga ixtisoslashib, universallashadi. Bu birinchi navbatda, yoshlarimizga maktabning 11- yoki 9-sinfini tamomlagach, o‘ziga yaqin texnikumda qiziqqan sohasi bo‘yicha o‘qish imkoniyatini taqdim etadi, uzoq masofaga borib o‘qishdan ko‘ra, vaqtini tejab, kasb-hunar o‘rganishiga imkoniyat yaratadi.
Texnikumlarda mahalliy hokimliklar, tashqi va ichki mehnat bozori talablari asosida 340 dan ortiq kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim darajalari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Kasbiy ta’limda malakali kadrlar tayyorlash uchun, eng avvalo, xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘rganib, dasturlarni joriy etish natijaga erishishning eng samarali yechimlaridan biridir.
Ayni maqsadda esa dunyoning rivojlangan davlatlarida tan olingan xalqaro dasturlar o‘rganildi va ularni O‘zbekiston kasbiy ta’lim tizimida bosqichma-bosqich joriy etish uchun davlatimiz rahbari tomonidan farmon orqali barcha imkoniyatlar yaratib berildi.
Texnikumlarda xalqaro ta’lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yuzasidan Buyuk Britaniyaning xalqaro ta’lim xizmatlarini amalga oshiruvchi “Pearson” kompaniyasi vitse-prezidenti Jeyn Beyker bilan uchrashuv o‘tkazgan edik.
Bunda 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab 14 ta texnikumda Biznes va texnologiya ta’limi kengashi (BTEC) standartlari asosida kadrlar tayyorlash borasida kasb (kvalifikatsiya)lar belgilab olindi. Bu bo‘yicha kasb (kvalifikatsiya)lar dasturi va o‘quv adabiyotlari to‘liq sotib olinadi hamda o‘quvchi-yoshlar mazkur dastur asosida kasb sirlarini o‘rganadi.
– Texnikumlarda kadrlar tayyorlash uchun qanday darajadagi mutaxassislar tanlab olinadi?
– “Pearson” kompaniyasi qisqa kurslar orqali texnikumlarning rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshiradi hamda sertifikat beradi. Texnikumlarda o‘quv jarayonini BTEC sertifikatga ega pedagog kadrlar olib boradi. Laboratoriya va ustaxonalar eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. Natijada xalqaro tan olingan ta’lim dasturlari joriy qilinib, bitiruvchilarning malakasi xorijiy davlatlarda tan olinadi.
Barcha sohalar kabi ta’lim jarayonlari, jumladan, texnikumlar ham bosqichma-bosqich raqamlashtiriladi, zamonaviy o‘quv adabiyotlari, metodik qo‘llanmalar, raqamli kontentlar, laboratoriya va ustaxonalar zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanadi. Ta’lim jarayonining raqamlashtirilishi, pedagog kadrlar tomonidan ta’lim kontentlari platformaga joylashtirilishi o‘quvchilarning ta’lim olish imkoniyatlarini oshiradi.
O‘zbekistonda kasbiy ta’lim bo‘yicha islohotlarda xalqaro tashkilotlar ham munosib hissa qo‘shish istagini bildirib, ustuvor yo‘nalishlarda tizimni qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, bu borada Yevropa Ittifoqi Komissiyasi, YUNESKO, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, “Helvetas Uzbekistan”, Germaniya taraqqiyot banki (KfW), Koreya Eksimbanki, “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” kabi xalqaro tashkilotlar ta’lim sifatini ta’minlash, pedagoglarni o‘qitish kabi muhim yo‘nalishlarda loyihalari bilan ishtirok etmoqda.
Texnikumlarda dual ta’lim shaklida o‘quvchilarni qabul qilish ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi. Aynan dual ta’lim shaklida o‘qitish ish beruvchilar uchun ham, o‘quvchilar uchun ham foydali. O‘quvchilar o‘qish bilan birga, ishlashi, shunga yarasha oylik olishi hamda tanlagan kasbini puxta o‘zlashtirishiga imkoniyat yaratib berilmoqda. Ish beruvchilar esa o‘zlari istagan kadrlarni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirokchi bo‘lib, kelajakda kadrlarni qayta tayyorlash kabi ortiqcha xarajatlar yoki vaqt sarflashdan xolos bo‘lmoqda.
Ilk marotaba, mazkur farmon bilan, Kasbiy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Natijada kasbiy ta’lim tashkilotlarining uslubiy ta’minotini mustahkamlash, bino va inshootlarni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, o‘quv jarayonini raqamlashtirish, o‘quvchilar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazish hamda malakali mahalliy hamda xorijiy mutaxassislarni jalb qilishning moliyaviy ta’minoti hal etildi.
O‘quvchilar salohiyatini oshirish, ularning qiziqishlarini orttirish yuzasidan kasblar o‘rtasida tanlovlar tashkil etib boriladi. Jumladan, kasblar bo‘yicha “WorldSkills” jahon chempionati o‘tkazilmoqda. Unda xorijiy davlatlarning kasblar bo‘yicha eng sara o‘quvchilari ishtirok etmoqda. Tajribalardan ko‘rishimiz mumkinki, ayrim rivojlangan davlatlarda kasblar bo‘yicha jahonda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilar o‘z mamlakatida “kasb elchisi” sifatida umumta’lim maktablarida kasbga yo‘naltirish ishlarida faol ishtirok etadi. Bu holat yoshlarimizning kasblarga qiziqishini orttiradi, ularga motivatsiya beradi.
Endi kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘rtasida tanlovlar tashkil qilib, eng yaxshi o‘rinlarni olganlarning “WorldSkills” jahon chempionatida ishtirokini ta’minlaymiz. Yana bir jihat – 2024-yil 30-sentabrda Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi milliy malaka tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Qarorda milliy malaka tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ta’limning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, malakaga talablarini huquqiy va institutsional jihatdan tartibga solish belgilab berildi. Shu bilan birga, barcha uchun hayoti davomida ta’lim olish va mehnat faoliyatini izchil davom ettirishni ta’minlash maqsadida kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari faoliyatini tashkil etish uchun mas’ul vazirlik va idoralar belgilandi.
Kasbiy malakalarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari tomonidan har bir kasb va lavozimlar bo‘yicha kasbiy standartlar ishlab chiqiladi. Bunda ish beruvchi korxona va tashkilotlarning kadrlarga bo‘lgan aniq talabi aks ettiriladi. Kasbiy standartlar asosida kasb va mutaxassisliklar ta’lim dasturlari tubdan yangilanadi. Dasturlarni ishlab chiqishda ish beruvchilar bevosita ishtirok etadi. Shuningdek, o‘quvchilarga kasb bilan birga, xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyati ham yaratilgan.
Hududlarning tabiiy, geografik va iqtisodiy holatidan kelib chiqib, har bir ish beruvchi bevosita texnikumlar bilan kelishgan holda 30 foizgacha o‘qitiladigan fanlarga o‘zgartirishlar kiritishi mumkin. Bu esa har bir ish beruvchiga o‘z talabiga mos kadrlar tayyorlab olish imkoniyatini beradi. Kasbiy ta’lim tashkilotlarida hududlarning ijtimoiy va iqtisodiyot holatidan kelib chiqib, o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashda vazirlik va idoralar ishtirok etadi. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari kadrlar buyurtmachisi va sanoat hamkori sifatida texnikumlarga biriktiriladi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari texnikumlar rivoji uchun zarur moliyaviy resurslarni yo‘naltirish, xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish, o‘quvchilar uchun amaliyot bazalarini tashkil qilish, dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash, rahbar va pedagog kadrlarni moddiy rag‘batlantirib, ularning stajirovkasini tashkil etish imkoniga ega.
– Ish beruvchilar talabiga mos kadrlarni tayyorlovchi pedagoglarni rag‘batlantirish masalasi qanday yo‘lga qo‘yiladi?
– Ish beruvchilar talabiga mos kadrlar tayyorlash uchun, albatta, mahoratli pedagoglar zarur. Ularni doimiy rag‘batlantirib borish mexanizmini joriy etish lozim. Bu borada yuqorida qayd etilgan farmonga muvofiq texnikumlarga pedagog kadrlar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari uchun ta’lim tashkilotining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan lavozim maoshining 200 foizgacha miqdorida har oylik ustama belgilash va to‘lashga ruxsat berildi.
Texnikumlarda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashda o‘quvchilarni ko‘proq amaliyotga yo‘naltirish va o‘qish davridan boshlab xizmat ko‘rsatish, mahsulot ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etishini ta’minlash ham farmonda ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni texnikumlarda o‘quvchilarni jalb qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda o‘quvchilar amaliyot jarayonida va darsdan bo‘sh paytida yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni (tovar, ish va xizmatlarni) ishlab chiqarishda savdo shoxobchalarini tashkil qilgan holda namoyish etish, sotishda ishtirok etishlari mumkin. O‘quvchilarni ishtirokiga qarab olingan daromadlari bilan moddiy rag‘batlantirib borish mumkin bo‘ladi.
Texnikumlarda tayyorlanadigan kasb va mutaxassisliklarning 60 foizdan ortig‘ini ishchi kasblar tashkil qiladi. Bu o‘quvchilarda ko‘proq nazariy bilim olishi bilan birga, bevosita amaliy ko‘nikmalarni oshirib borish zaruriyatini tug‘diradi. Hududiy bo‘linmalar va texnikumlar rahbarlari har bir kasbiy ta’lim tashkilotlarida mos yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish orqali byudjetdan tashqari mablag‘larni ishlab topishni yo‘lga qo‘yishi lozim.
Keyingi yillarda xorijiy investitsiyalar salmog‘i ortishi hisobiga ko‘plab ish o‘rinlari yaratilmoqda. Ham ichki, ham tashqi mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlab berishimiz, ish beruvchilarda kadrlar qo‘nimsizligining oldini olish hamda yoshlarda daromad topish imkoniyatini oshirish bizning asosiy maqsadimizdir.