“Sayidota” mahallasi Navoiy viloyati Nurota tumani markazida joylashgan. Mahallada ekin maydonlari yoʻq – dehqonchilik qilish imkonsiz. Ammo mahalla yoshlarining koʻpi dehqonchilik qilish istagini bildirgan. Taklif etilgan yer maydonlari esa mahalla hududidan 35-40 kilometr uzoqda joylashgan. Albatta, yoshlarning bu taklifni qabul qilishi qiyin. Koʻplab eʼtirozlardan keyin mahalla yoshlar yetakchisining tashabbusi bilan 7 nafar yosh o‘z tomorqasida dehqonchilik qilish imkoniga ega boʻldi.
Sirojiddin SIROJEV, Nurota tumanidagi “Sayidota” mahallasi yoshlar yetakchisi:
– Yil boshida roʻyxatga olingan 14 nafar ishsiz yoshning 7 nafari dehqonchilik qilish istagini bildirdi. Ular uchun 35-40 kilometr uzoqdan ekin maydoni taklif qilindi, biroq yoshlarimiz buncha masofaga qatnab daromad olib boʻlmaydi, deb yerni rad etishdi. Shundan so‘ng ularga oʻz tomorqasida dehqonchilik qilish taklifini bildirdim. Taklifim ularga maʼqul boʻldi, lekin oqar suv yo‘qligi sabab tomorqani sug‘orish muammo ekanini bildirishdi. Bu muammoni esa mahalla tadbirkorlari va homiylar koʻmagida hal etdik. 40 million soʻm atrofida mablagʻ jamgʻarilib, har bir yoshning xonadonida tik quduqlar qazilib, suv chiqarib berildi. Hozir yoshlar tomorqasida kamida oʻz roʻzgʻori uchun ekin ekmoqda. Qolaversa, bu 7 nafar yoshning har birini “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olib, birining safarbarlik chaqiruv rezervi toʻlovi, yana birining haydovchilik kursida o‘qish xarajatlari qoplab berishga tavsiya berdim.
Mahalla tumandagi Chashma ziyoratgohiga yaqin joylashgan va bu maskanga keluvchi sayyohlar, asosan, qoʻl mehnatida tayyorlangan kashta va quroq mahsulotlarini xarid qiladi. Yoshlar yetakchisi Sirojiddin quroq va kashtachilikni mahallaning drayveriga aylantirishni maqsad qilgan.
Marjona AMONOVA, tadbirkor:
– Avvaldan kashtachilik bilan shugʻullanaman. Tikkan mahsulotlarimni haftada bir Buxoro viloyatiga olib borib, sotib kelardim. Bir kuni mahalladagi hokim yordamchisi va mahalla yoshlar yetakchisi yonimga kelib, “Tadbirkorligingizni kengaytiraylik”, dedi. Buning uchun 33 million soʻm imtiyozli kredit ajratib berishini va mahsulotlarni sotishim uchun tuman markazidagi hunarmandchilik markazidan tekinga foydalanishimga ruxsat olib berishini aytdi. Mendan esa mahalla qizlariga hunarimni bepul oʻrgatishimni iltimos qildi. Taklif menga yoqdi va men yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtdim. Menga berilgan 33 million so‘mlik kreditga zarur uskuna va mahsulotlarni olib, oʻz uyimda mahallaning 10 nafar yoshlariga hunarim sirlarini oʻrgata boshladim. Oradan bir oy oʻtib, ishlarimiz yurishib ketdi. Xaridorlarimiz koʻpaydi. Sababi, biz eng sifatli mahsulotlardan foydalanamiz. Hozir 10 nafar qizimiz ham yaxshigina daromad olmoqda. Ular mustaqil ish boshlagach, yana 10 nafar qizni oʻqishga taklif qilamiz. Maqsadimiz, Nurota kashtachiligini jahonga mashhur qilish va bu sohani mahalla drayveriga aylantirish.
Mahallaning turistik maskanga yaqinligi hududda koʻplab xizmat turlariga talabning oshib borishiga ham sabab boʻlmoqda. Natijada yosh tadbirkorlar safi kengaymoqda. Hadicha Gʻaybullayeva ham yoshlar yetakchisining tavsiyasi asosida novvoychilik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 33 million soʻm kredit oldi. 4 xil non pishirishni yoʻlga qoʻyib, 5 nafar yoshni ishga oldi. Nonlarni tuman markaziy bozorlariga yetkazish bilan birga, mahalla ahliga ham taqdim qilayotgan Hadicha kuniga 500 ming soʻm sof daromad olmoqda.
Xolida XOTAMOVA, xaridor:
– Mahallamizda novvoylar ko‘p boʻlsa-da, Hadicha yopgan nonlarni sotib olaman. Sababi, bu yerda tanlash imkoniyati bor. Narxi ham hamyonbop. Novvoy qizimiz tirishqoqligi, xushmuomlaligi bilan xaridorlarni oʻziga jalb qiladi.
Mahallada sport maydoni yo‘q. Bunga boʻsh joy ham yoʻq. Yoshlar yetakchisining soʻziga koʻra, bir-biriga yaqin joylashga 3 ta mahallaga bitta yopiq sport zali qurish rejasi dasturga kiritilgan va yil soʻngiga qadar qurilishi kutilmoqda.