O‘zbekiston mehnat bozorida shunday holat kuzatilmoqda: bir tomonda o‘qigan sohasi bo‘yicha ish topa olmayotgan minglab yoshlar, bir yonda sohaga mos kadrlar topa olmayotgan minglab ish beruvchilar. Ya’ni mehnat bozorida ishchi kuchiga talab mutaxassisliklar kesimida real o‘rganilmayotgani tufayli kadrlarga talab va taklif o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga kelmoqda. Bu haqda MHTI mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqotda ham aytilgan.
O‘qigan kasbi bo‘yicha ishga joylashganlar soni kam
Rivojlangan mamlakatlarda ishchi kuchiga talabni baholash bo‘yicha ish beruvchilar o‘rtasida doimiy ravishda so‘rovlar o‘tkaziladi. Mehnat bozoridagi kasb va ko‘nikmalarga talab tahlili ta’lim dasturlari ishlab chiqishda, bandlik va kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirishda foydalaniladi.
O‘zbekistonda 2023-yil yakunlariga ko‘ra, ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish markazlarida ta’lim olganlarning 62 foizi bandligi ta’minlangan bo‘lsa, ularning bor-yo‘g‘i 40 foizi o‘qigan kasbi bo‘yicha ishga joylashgan. Mehnat bozoridagi talab chuqur o‘rganilmagani natijasida ta’lim muassasalarida talab past bo‘lgan kasblarga o‘qitish tendensiyalari kuzatilmoqda. Yuzaga kelayotgan bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mahalliy mehnat bozorida kadrlarga bo‘lgan talabni aniqlash uchun respublikaning 180 ta tuman va shaharlaridagi jami 7 700 dan ortiq ish beruvchilar orasida so‘rov o‘tkazdi va mehnat bozorining asosiy xususiyatlari aniqlandi.
Eng ko‘p talab qaysi soha vakillariga?
1. Mamlakatdagi eng ko‘p talab savdo mutaxassislari va onlayn sotuvchilarga oid (5,8 %).
2. Keyingi o‘rinlarda qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasida qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalari mexanigi (1,7 %), qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikasi mutaxassisi (1,4 %), traktor, buldozer, kombayn haydovchilari (1,4 %), agronom (1,3 %), kashtachi, tikuvchi va to‘quvchilar (1,7 %) qayd etilgan.
3. Nisbatan pastroq talab (1,2 %) ta’lim muassasalaridagi xorijiy tillar (ingliz, nemis, koreys va boshqa chet tili), matematika va informatika o‘qituvchilariga oid.
4. Davlat va xususiy sektorga tegishli korxonalarda umumiy personalga tegishli mutaxassisliklar orasida marketolog, dasturchi, buxgalter, kadrlar bilan ishlash bo‘yicha xodimlarga talab yuqori.
5. Malaka talab etmaydigan farrosh, bog‘bon va haydovchi kabi kasblarga ham talab yuqori bo‘lib, bu sohada oylik maoshlar kamligi sababli kadrlar qo‘nimsizligi yuqori darajada.
6. Talab past bo‘lgan kasblar sirasiga ayrim yo‘nalishlardagi tadqiqotchi va universitet o‘qituvchilari, kon-metallurgiya korxonalari texnik xodimlari, huquqshunoslar (0,01 %) kiradi.
7. Kelgusi 6 oyda talab yuqori bo‘lishi kutilayotgan kasblar hozirgi holatdan keskin farqlanmaydi.
8. Korxona va tashkilotlarning yarmidan ortig‘ida ishchi xodimlar soni so‘nggi 1 yil ichida ortgan (ish beruvchilarning 52 foizi xodimlar soni oshganini, 42 foizi o‘zgarmaganini va 6 foizi esa kamayganini bildirgan).
9. Xodimlar sonining nisbatan ko‘proq qisqarishi moliya (tuman iqtisodiyot, moliya, g‘aznachilik, pensiya, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari) va san’at (hududiy madaniyat tashkilotlari) sohasida yuz bergan.
10. Umumiy ovqatlanish (63 %), ta’lim (60 %), sanoat(57 %), qurilish (56 %) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar (55 %) sohalarida respondentlarning yarmidan ortig‘I ishchilar soni ortganini ta’kidlagan.
Hududlar kesimida qaysi kasblarga talab yuqori?
Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda eng yuqori talab musiqachilar, qo‘shiqchilar va bastakorlar (5,7 %), iqtisodiyot, moliya, sug‘urta, bank, bo‘yicha o‘rta bo‘g‘indagi mutaxassislar, shu jumladan, kassirlar (3,5 %), maktablarda chet tili (2,6 %), matematika, algebra, geometriya o‘qituvchilari(1,4 %) va moliya tahlilchilariga (1,7 %) ekani aniqlandi.
Andijon viloyatida eng yuqori talab tikuvchi, kashtachi va to‘quvchilarga (6,2 %), savdo mutaxassislariga (3,1 %), traktor, buldozer haydovchilari, kombaynchilarga (3,2 %), maktab va kollej o‘qituvchilari (1,8 %), biologlar, botaniklar, zoologlarga(1,5 %) shakllangan.
Buxoro viloyatida tikuvchi, kashtachi va to‘quvchilarga (5,0 %), savdo mutaxassislariga (4,3 %), traktor, bulldozer haydovchilari, kombaynchilarga (3,5 %), mexanik muhandislar, dizayn muhandislar, texnologik muhandislar (3,2 %), logistika mutaxassislariga (2 %) talab yuqori ekanligi aniqlandi.
Jizzax viloyatida savdo mutaxassislariga (4,9 %), agronomlar, biolog, botanik, zoologlarga (2,5 %), tikuvchi, kashtachi va to‘quvchilarga (2,1 %), maktab, kollej va o‘quv markazlarida matematika, algebra, geometriya o‘qituvchilariga(1,5 %), prorablarga (1,4 %) talab yuqori darajada shakllangan.
Qashqadaryo viloyatida eng yuqori talab savdo mutaxassislariga (7,3 %), maktab, kollej va o‘quv markazlarida matematika, algebra, geometriya fani o‘qituvchilariga, logistika mutaxassislariga (2,3 %), qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalari mexanigi va ta’mirlovchisiga (2,1 %), agronom, novvoy, qandolatchilarga (1,9 %) ekani aniqlandi.
Navoiy viloyatida savdo mutaxassislariga (3,8 %), tikuvchi, kashtachi va to‘quvchilarga, betonchilarga (2,1 %), agronomlarga (1,7 %), prorablarga (1,7 %) yuqori darajada ekani aniqlandi.
Namangan viloyatida tikuvchi, kashtachi va to‘quvchilarga (5,5 %), savdo mutaxassislariga (2,9 %), qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalarini ta’mirlovchilarga (2,0 %), logistika mutaxassislari va ingliz tili o‘qituvchilariga (1,7 %) talab yuqori.
Samarqand viloyatida savdo mutaxassislariga (4,1 %), qishloq xo‘jaligi ustalariga (4,0 %), traktor, bulldozer haydovchilari va kombaynchilarga (3,1 %), qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalari mexanigi va ta’mirlovchilariga (2,6 %), mexanik muhandislarga (1,8 %) talab aniqlangan.
Sirdaryo viloyatida savdo mutaxassislariga (4,0 %), biolog, botanik, zoologlar, traktor va buldozer haydovchilari, kombaynchilarga (1,7 %), qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalari mexanigi va ta’mirlovchilariga (1,1 %) talab yuqori.
Surxondaryo viloyatida savdo mutaxassislariga (5,5 %), qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalari nita’mirlovchilariga, moliyachilarga (1,8 %), agronomlarga (1,6 %), biolog, botanik, zoologlarga (1,5 %) talab yuqori.
Toshkent shahrida savdo mutaxassislariga (10,4 %), tikuvchi, kashtachi va to‘quvchilarga (2,2 %), logistika bo‘yicha mutaxassis, mexanik muhandislar, dizayn muhandislari, texnologik muhandislarga (2,0 %), prorablarga (1,8 %) ofisiantlarga (1,4 %) talab yuqori darajada ekani aniqlandi. Toshkent viloyatida mexanik muhandislar, dizayn muhandislari, texnologik muhandislarga (9,1 %), maktablarda matematika, algebra, geometriya o‘qituvchilariga (4,9 %), qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalarining mexanik va ta’mirlovchilariga (2,3 %), tikuvchi, kashtachilarga (2,3 %), savdo mutaxassislariga (1,5 %) talab yuqori.
Farg‘ona viloyatida savdo mutaxassislariga (10,2 %), logistika mutaxassislariga (3,5 %), oshpazlarga (3,1 %), qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalari ta’mirlovchilariga (2,3 %), novvoylar, qandolatchilarga (2,1 %) talab yuqori.
Xorazm viloyatida matematika, algebra, geometriya (4,0 %), ingliz tili (3,9 %), rus tili va adabiyoti fanlari o‘qituvchilariga (2,2 %), iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga (1,8 %), falsafa, psixologik, sotsiologik, tarixiy va siyosiy fanlar bo‘yicha universitet o‘qituvchilariga (1,0 %) talab yuqori darajada shakllangan.
Ma’lumot uchun: Germaniya, Polsha, Finlyandiya kabi mamlakatlarda ishchi kuchiga talabni aniqlashga qaratilgan bandlik barometrlari doimiy ravishda ish beruvchilar o‘rtasida onlayn so‘rov o‘tkazish orqali shakllantiriladi.