Ko‘pgina taraqqiy etgan davlatlarda o‘quvchilarning 75 foizgachasi kasbiy ta’lim bilan qamrab olingan.
Mamlakatimizda ham bu sohaga alohida e’tibor berilishi natijasida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari, asosan ikki yo‘nalishda – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi kasb-hunar maktablari va texnikumlar hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qarashli monomarkazlarda tayyorlanishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda 689 ta professional ta’lim muassasasida 714 ta kasb va mutaxassislik hamda 20 ta “Ishga marhamat” monomarkazida aholiga 54 ta kasb va 6 ta xorijiy til o‘rgatilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, kelgusi o‘quv yilidan har bir viloyatda dunyo tan olgan dastur asosida kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Ularning bitiruvchilari xalqaro malaka va xorijiy til sertifikatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ilg‘or kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash mezonlari tatbiq etiladi.