Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanib borayotgan bir paytda dunyo hamjamiyati nafaqat innovatsion yutuqlar, balki kiberxavflarning ham ko‘payishi bilan yuzlashmoqda. Bugungi kunda kiberhujumlar shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash yoki tizimlarni ishdan chiqarishdan tashqari butun bir davlat yoki kompaniyaning iqtisodiy barqarorligiga tahdid soluvchi omilga aylangan.
Kiberhujum – raqamli tizimlar, kompyuterlar yoki tarmoqlarga ataylab zarar yetkazish yoki ma’lumotlarni o‘g‘irlash maqsadida amalga oshiriladigan harakat. Bu hujumlar natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy zararlar tobora oshib bormoqda. Kiberhujumlar iqtisodga ikki yo‘l bilan zarar yetkazadi: bevosita va bilvosita.
Bevosita zararlar quyidagilardan iborat:
moliyaviy mablag‘larning to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘qotilishi;
tizimlarni tiklash xarajatlari;
jarima va tovon to‘lovlari.
Bilvosita zararlar esa:
mijozlar ishonchini yo‘qotish;
brend obro‘sining tushishi;
bozor ulushining kamayishi;
sud ishlari bilan bog‘liq xarajat kabilar.
2021-yilda AQShdagi “Colonial Pipeline” kompaniyasiga qilingan “ransomware” hujumi tufayli yoqilg‘i tarmog‘i vaqtincha to‘xtatilgan va kompaniya 4,4 million dollar tovon to‘lashga majbur bo‘lgan. Shu kabi hujumlar korxonalarni o‘z infratuzilmasiga jiddiy sarmoya kiritishga majbur qilmoqda.
O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda kiberjinoyat holatlari ortib bormoqda. 2023-yilda Ichki ishlar vazirligi kiberjinoyatlarga oid yuzlab holatlar bo‘yicha tergov ishlarini boshlagan. Bu esa, mahalliy kompaniyalar va tashkilotlar uchun xavfsizlikka e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda global miqyosda kiberxavfsizlik bozorining qiymati yuzlab milliard dollarni tashkil qiladi. Kompaniyalar axborot xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus IT mutaxassislar, dasturiy ta’minotlar, tahlil tizimlariga mablag‘ ajratmoqda. Bu esa yangi ish o‘rinlari, innovatsion xizmatlar paydo bo‘lishiga ham zamin yaratmoqda.
So‘nggi yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar va so‘rovnomalar kiberhujumlarning iqtisodiyotga ta’sirini aniqroq ochib berdi. Masalan, 2024-yil oxirida IBM Security va Ponemon Institute tomonidan o‘tkazilgan global so‘rovnomada 17 mamlakatdagi 3 mingdan ortiq kompaniya ishtirok etgan. Unga ko‘ra, kiberhujum natijasida biror kompaniyaning o‘rtacha yo‘qotgan mablag‘i 4,45 million AQSh dollarini tashkil qilgan.
Shuningdek, Statistika platformasi orqali 2025-yil boshida o‘tkazilgan boshqa bir so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, respondent kompaniyalarning 68 foizi oxirgi 12 oy ichida kamida bitta kiberhujumga uchraganini bildirgan. Ulardan 52 foizi o‘z faoliyatida jiddiy moliyaviy yo‘qotishlar bo‘lganini tan olgan.
O‘zbekistonda esa 2024-yil dekabr oyida AKT vazirligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda kichik va o‘rta biznes vakillarining 37 foizi kiberxavfsizlik masalasini o‘z faoliyatida yetarlicha e’tiborga olmayotganini bildirgan. Bu esa mamlakatda kiberxavfsizlik bo‘yicha xabardorlikni oshirish va maxsus treninglar o‘tkazish zaruratini yana bir bor ko‘rsatadi.
Kiberxavfsizlik bugungi kunda har bir davlat uchun ustuvor strategik yo‘nalishga aylangan. AQSh, Xitoy, Rossiya, Isroil va Yevropa Ittifoqi davlatlari yildan yilga kiberxavfsizlik byudjetini oshirmoqda. Masalan, AQSh 2024-yilda federal darajada kiberxavfsizlikka 13 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdi. Bu mablag‘lar davlat idoralarining axborot tizimlarini himoyalash, kiber jinoyatlarga qarshi kurashish va texnologik imkoniyatlarni kengaytirishga sarflanmoqda.
O‘zbekiston ham bu borada orqada emas. 2020-yilda “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan va bu sohada bir qator davlat organlari, xususan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, yosh mutaxassislarni kiberxavfsizlik bo‘yicha tayyorlash maqsadida maxsus kurslar, grantlar va olimpiadalar tashkil qilinmoqda.
Kiberhujumlarning oldini olish va xavfsiz muhit yaratish raqamli iqtisodiyotning ishonch asosida ishlashi uchun zarur shartdir. Onlayn savdo, elektron to‘lovlar, raqamli xizmatlar kabi sohalarning rivoji aynan foydalanuvchilarning tizimlarga bo‘lgan ishonchiga bog‘liq.
Kiberhujumlar zamonaviy iqtisodiyot uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. Ularning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun davlatlar, kompaniyalar va fuqarolar birgalikda harakat qilishi zarur. Texnologik taraqqiyot xavfsizlik bilan birga yurishi lozim. Shunday ekan, raqamli xavfsizlik – bugunning ham, kelajakning ham asosiy iqtisodiy kafolatlaridan biri.