Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Kimlar yosh oila hisoblanadi?

18.3.2023 1777

Muxbirimiz

Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab ipoteka kreditlari, subsidiyalar ajratilmoqda. Xo‘sh, bu imtiyozdan kimlar foydalana oladi, ya’ni kimlar yosh oila hisoblanadi?

Qashqadaryolik Farangiz Primova ayni shu masalada savol yo‘llagan: “Turmush o‘rtog‘im bilan yosh oila sifatida imtiyozli shartlar asosida kreditga uy olmoqchi edik. Mening yoshim 25 da, turmush o‘rtog‘im esa 32 yoshda. So‘ramoqchi bo‘lganim, biz yosh oila toifasiga kiramizmi?”.

Savolga amaliyotchi yurist Hasan MAMAYUSUPOVdan javob oldik:

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-fevraldagi PF-4962-sonli farmoniga asosan, yosh oila toifasiga turmush qurganlarning yoshi 30 yoshdan oshmagan yoki 30 yoshdan oshmagan ota-onadan biri, shu jumladan, turmushidan ajrashgan erkak yoki ayol hamda beva erkak yoki beva ayollar kiritilishi belgilangan. Demak, har qanday holatda ham yosh oila bo‘lish uchun er-xotinning yoshi 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi kerak.

Turmush o‘rtog‘ingiz 32 yoshda bo‘lganligi sababli ayni damda sizlar yosh oilalar ro‘yxatiga kiritilmaysiz va yosh oilalarga beriladigan imtiyozli shartlar bilan kreditga uy-joy ololmaysiz. Buning o‘rniga sizlar uy-joy uchun subsidiya olishga ariza bersangiz bo‘ladi”.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish