1. Yuridik shaxs yoki YaTT faoliyati tugatilsa
Xodim ishlayotgan tashkilot tugatilayotgan bo'lsa, bunday holatda ish beruvchi xodimini o'z tashabbusiga ko'ra ishdan bo'shatishga haqli bo'ladi. Ayrim hollarda YaTT tugatilmayotganda ham ishchilar ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo'shatilishi mumkin va ular mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida kamida 2 oy oldin ogohlantirilishi kerak.
Ushbu asosga ko'ra mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, ish qidirish davrida o'rtacha oylik ish haqining ishdan bo'shatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq ko'pi bilan 2 oyga saqlanib qolishi xodimlar uchun kafolatlanadi.
2. Shtat qisqartirilsa
Har bitta tashkilotda shtatlar soni o'zgarishi mumkin, ayrim hollarda shtatlar qisqartiriladi yoki ish hajmi kamayganligi sababli ayrim shtatlarga muhtojlik qolmaydi va ushbu shtatlardagi xodimlarni ishdan bo'shatish kerak bo'ladi.
Ish beruvchi bunday hollarda o'z tashabbusi bilan xodimlarni ishdan bo'shatishga haqli, ammo shtat o'zgarishi (qisqarishi) bo'yicha mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, ish qidirish davrida o'rtacha oylik ish haqi ishdan bo'shatish nafaqasi hisobga olingan holda, biroq ko'pi bilan 2 oyga saqlanib qoladi. Shu bilan birga, ish beruvchi mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida xodimni kamida 2 oy oldin ogohlantirishi shart.
3. Xodim ishga malakasiz bo'lsa
Albatta, bu holatni tushunsa bo'ladi. Har bir xodim o'z egallagan lavozimiga malakasi to'liq mos bo'lishi kerak. Shu boisdan ham, agar xodimning lavozimga malakasi to'g'ri kelmasa, ish beruvchi o'z tashabbusi bilan uni ishdan bo'shatishi mumkin.
Shuni unutmaslik lozimki, ishdan bo'shatishdan oldin xodim malakasi yetarli bo'lmaganligi sababli bajarayotgan ishiga (egallab turgan lavozimiga) muvofiq bo'lmagan taqdirda, ish beruvchi xodimga mutaxassisligiga mos keladigan, birmuncha kam malaka talab etiladigan ishni, bunday ish mavjud bo'lmaganda esa mavjud boshqa ishni taklif etishi shart.
Shuningdek, ushbu asos bilan bolasi 3 yoshga to'lguniga qadar bola parvarishlash ta'tilida bo'lgan xodim bilan u ishga chiqqan kundan boshlab 1 yilga qadar mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin emas.
Mehnat shartnomasi xodimning malakasi yetarli bo'lmaganligi tufayli bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi munosabati bilan bekor qilinganda kamida 2 hafta oldin yozma shaklda ogohlantirish kerak.
4. Xodimning o'z mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzganligi
Mehnat majburiyatlarini muntazam ravishda buzish bu xodimning mehnat majburiyatlarini buzib javobgarlikka tortilganidan keyin 1 yil ichida yana buzishidir.
Ishga kechikib kelish, ichki mehnat tartib qoidalariga amal qilmaslik, mehnat vazifalarini bajarmaslik kabi ko'plab holatlarni ushbu mehnat majburiyatlarini buzish deb hisoblash mumkin.
5. Xodimning o'z mehnat majburiyatlarini bir marta qo'pol ravishda buzganligi
Mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo'lgan mehnat majburiyatlarining bir marta qo'pol ravishda buzilishlari ro'yxati:
• ichki mehnat tartibi qoidalari;
• tashkilot mulkdori va rahbari o'rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi, shuningdek xodim va ish beruvchi o'rtasidagi mehnat shartnomasi;
• o'ziga nisbatan intizom to'g'risidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qo'llaniladigan intizom to'g'risidagi ustavlar hamda nizomlar bilan belgilanadi.
Bu ro'yxatni belgilashda nojo'ya xatti-harakatning og'ir-engilligidan hamda bunday nojo'ya xatti-harakat keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan oqibatlardan kelib chiqish lozim.
Bulardan boshqa sabablar tufayli ham ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin, ammo aniq sabablar qonuniy tarzda ko'rsatilishi kerak.
Qanday hollarda ish beruvchiga xodimni ishdan bo'shatish taqiqlanadi?
• mehnat kodeksi va boshqa qonunlarda ko'rsatilmagan asoslarga ko'ra;
• kamsitishni taqiqlash qoidasi buzilgan holda;
• xodimning qonuniy ta'tillarida va mehnatga qobiliyatsizlik davrida;
• xodim davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan davrda;
• xodim xizmat safarida bo'lgan davrda;
• homilador ayollar va uch yoshgacha bolasi bo'lgan xodimlar uchun kafolatlar berishni nazarda tutadigan talablarini buzgan holda.
Eslatma!
Ishdan bo'shayotgan paytda alohida hollarda boshqacha kafolatlar Mehnat kodeksidan tashqari lokal hujjatlarda (jamoa shartnomasi) ham berilgan bo'lishi mumkin. Shu boisdan, xodimlarga lokal hujjatlar bilan ham yaxshi tanish bo'lish tavsiya etiladi.