2024-yil yanvar holatiga O‘zbekistonda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 4,4 million nafar, 5-13 yoshdagi bolalar 6,1 million nafarni tashkil etgan (jami 10,5 mln). Bu esa jami aholining 30 foizi degani. Bugungi kun bolalariga ta’lim-tarbiya berish, ma’naviyatini yuksaltirish u yoqda tursin, ularni nimadirga yoki qaysidir sohaga qiziqtirishning o‘zi dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda.
Kelajakning yangi yetakchilari bo‘lmish “Beta avlodi”ning qanday ulg‘ayishi, tarbiya topishi juda muhim masala. Ular zamonaviy bilimlar va qadriyatlar bilan katta bo‘ladi. “Beta avlodi” vakillari jiddiy va dolzarb muammolar, jumladan iqlim o‘zgarishi, global demografik o‘zgarishlar va tezkor urbanizatsiya bilan kurashayotgan dunyoda yashaydi. Sotsiolog va futurolog Mark Makkrindl “Bu avlod sun’iy intellekt va avtomatlashtirish ta’lim va ishdan tortib sog‘liqni saqlash va o‘yin-kulgigacha kundalik hayotga to‘liq integratsiyalashgan davrda yashaydi”, deydi o‘z nutqlaridan birida.
Darhaqiqat, bolalarni gadjetlardan uzib qo‘yishning iloji yoq. Ular mana shu gadjetlar orqali ta’lim-tarbiya va madaniyatni o‘rganishmoqda. Ularning asosiy oziqlanuvchi manbasi bu ijtimoiy tarmoqlar hamda turli xil ilovalardir. Bolalar asosiy vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda va ulardan tinimsiz axborot qabul qilmoqda. Demak, bolalarga ta’sir o‘tkazishning eng samarali yo‘li, ana shu gadjetlarning ichiga kirib borishdir.
Bu gadjetlardagi platformalar orqali bolalarga eng tez ta’sir ko‘rsatuvchi kuch, zamonaviy va texnogen san’at bo‘lgan – kino. Afsuski, oxirgi o‘n yil ichida O‘zbekistonda aytarli bolalar kinosi sur’atga olinmadi. Hukumat kino sohasiga har qachongidan ham katta e’tibor qaratyapti. Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi tomonidan 2024-yilda jami 123 ta kinomahsulot ishlab chiqarilgan: 18 ta badiiy, 54 ta hujjatli, 32 ta qisqa metrajli va 8 ta animatsion film, shuningdek, 9 ta serial va 2 ta reklama roligi suratga olingan. Animatsion filmlarni 4-8 yoshli bolalarning tomosha qilishini inobatga oladigan bo‘lsak, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun filmlar, afsuski, sur’atga olinmayapti. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, jamiyatda bolalarning ulushi kattalardan qolishmaydi. Bolalar kattalardan farqli o‘laroq ko‘p vaqtini maktabdagi darslarga hamda telefon, televideniye orqali qo‘yib boriladigan mahsulotlarni ko‘rishga sarflaydi. Ammo ular uchun manfaatli kinomahsulotlar yoki kontentlar deyarli yo‘q.
Kino tarixiga nazar solinsa, Rossiyadagi ilk badiiy filmlar rus klassik asarlarining ekranizatsiyasi bilan boshlangan edi. Bularga “Savdogar Kalashnikov haqida qo‘shiq” (1909), “Telba” (1910), “Bog‘chasaroy fontani” (1909-1910), “Ivan Grozniyning o‘limi” (1909) kabi qisqa metrajli filmlar kirib, rus kinematografiyasining shakllanishi va rivojida ulkan hissa qo‘shgan.
O‘zbekistonda ham kinorejissyorlar aynan bolalar kinosi uchun shu tarjibadan foydalanishdi va bu muvaffaqiyatli bo‘ldi deyish mukin. 2012-yilda Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” qissasi asosida rejissyor Sarvar Karimov hamda Nozim Jumayev sur’atga olgan “Sehrli qalpoqcha” filmi bunga yaqqol misoldir. Film nafaqat bolalarga, barcha kino ixlosmandlariga manzur bo‘ldi. Shu boisdan 2014-yilda Sarvar Karimov filmning ikkinchi qismini namoyish etdi. Film barchaga manzur bo‘lishining asosiy sabablaridan biri bu uning xalqchilligidir. Kinodagi sarguzashtlar yoki qahramonlar jamiyat hayotida uchrab turadigan, ularga yaqin va tanish bo‘lgani uchun tomoshabinlar bu kinoni maroq bilan tomosha qiladi.
Hozir ham Hoshimjondek o‘qimasdan “katta inson” bo‘lishni xohlaydigan, o‘z baxtini poytaxtdan qidirmoqchi bo‘lgan yoki “sehrli qalpoqcha” axtarib yurgan bolalar ham bor. Ikkala film ham quvnoq va zavqli sarguzashtlarga boy. Bolalar qissani qanday sevib o‘qigan bo‘lsa, filmni ham shunday qiziqish bilan tomosha qiladi. Filmni ko‘rganidan so‘ng “Sariq devni minib” kitobini qidirganlar ham bor. Albatta, yaxshi asardan yaxshi kino vujudga keladi. Bu kinoda nafaqat asar yaxshi edi, ijodiy guruh ham o‘z ishining ustasi ekani, kino omadli chiqqanining asosiy sababidir. Zamonaviy fantastika janridagi ushbu filmni yaratish uchun 600 million so‘m ajratilgan edi.
Hozirgi kunda ham o‘zbek bolalar adabiyotida ekranlashtirilmagan mana shunday asarlar yetarlicha. Jumladan:
“Peshonasiga televizor yopishgan bolaning sarguzashtlari” – Xudoyberdi To‘xtaboyevning bu asari bir qator kichik qissalardan iborat bo‘lib, qissa qahramonlarining har biri atrofimizdagi bolalar. Asar bolalarga juda qiziq va ularni zeriktirmaydi.
“Buvamning oshqozonidagi mamlakat” – Qobiljon Shermatovning asari takrorlanmasligi bilan ajralib turadi. Muallif o‘z asari bilan bolalarni kreativ o‘ylashga o‘rgatadi deyish mumkin. Asarni o‘qish orqali yosh o‘quvchining yaxshilik va yomonlik haqidagi fikrlari boyiydi.
“Dahshatli Meshpolvon” – Anvar Obidjonning bu asari bolalar hissiyotlarini boshqara olishiga yordam beradi. Asarni o‘qigan bola bir vaqtning o‘zida kuladi, hayajonlanadi va yig‘laydi.
“Alvido, bolalik” – Tohir Malikning asarida oila misolida bolalarni tarbiyalash borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar qanday og‘ir oqibatlarga olib kelayotganini, hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmasligi, bolani atrof-muhit, jamiyatdagi turli illatlar jinoyatchiga aylantirishi o‘ziga xos tarzda ochib berilgan.
Faqatgina o‘zbek adabiyoti bilan cheklanib qolmay, bolalarning dunyoqarashini yanada yuksaltirish uchun jahon adabiyotiga ham murojaat etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Masalan, “Tom Soyerning boshidan kechirganlari”, “Alkimyogar”, “Hellados” kabi asarlar talaygina.
Bu asarlar kino qilinadigan bo‘lsa, kinodan bolalar o‘z qahramonlarini topishlari aniq. Jahon adabiyotidagi asarlarni esa milliy qadriyatlarga tayangan xolda, xalqchil qilib ekranlashtirilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Bunday kinolar jamiyatda kinosevarlarning ko‘payishiga olib keladi. Yaxshi kino uzoq masofaga yetib bora oladi, uzoq yillar davomida saqlanib, tomoshabinlar uchun xizmat qila oladi.
Xo‘sh, kino san’ati shunday kuchga ega ekan, nega kinoijodkorlar bu san’atdan, uning kuchidan jamiyat, yurt kelajagi bo‘lgan bolalarning manfaati uchun unumli foydalanmayapti? Bolalar uchun ma’naviy ozuqa sifatida sifatli kinolar, yaxshi va foydali kontentlar berilmas ekan, bolalar boshqa – ma’nan past, sifatsiz va saviyasiz mahsulotlardan tarbiya, o‘rnak oladi, ularga taqlid qiladi.