Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

KITOB – BILIM, KUCH VA G‘OYA

28.8.2022 1182

Shahribonu RAHMATOVA tayyorladi.

Odamlar ilm darajasi va sharoitiga qarab turli miqdorda kitob o‘qiydi. Lekin muvaffaqiyatli insonlarning umumiy tomoni shundaki, ularning barchasi vaqtining muayyan qismini mutolaaga bag‘ishlaydi.

ULAR KO‘P KITOB O‘QIYDI

Bill Geyts, Ilon Mask va shu kabi milliarderlarning ko‘p kitob o‘qishi haqida eshitgansiz. Chunki muvaffaqiyatli odamlar kitob yuksalishning kaliti, bilim esa kuch va g‘oy ekanini anglab yetgan. Ularning fikricha, qancha ko‘p bilsangiz, tushunchangiz keng bo‘lsa, har qanday hayotiy sharoitga oson moslashasiz.

QANDAY KITOBLARNI O‘QIYDI?

Muvaffaqiyatli odamlar kitob tanlashda eʼtiborli bo‘lishadi. Ular uchun vaqt o‘ta qimmatli, shu sabab ular foydasiz kitoblar mutolaasiga behuda vaqt sarflashni xohlamaydi. Ular o‘z-o‘zini rivojlantiruvchi (“Self-help”) kitoblarni o‘qishga moyil bo‘lishiga ishonsak-da, bunday kitoblar ularning ro‘yxatida kam uchraydi. Chunki ular o‘z sohasi bo‘yicha malakasini oshirish yoki shunchaki fikrlash tarzini o‘zgartirish orqali o‘z ustida ishlashni afzal ko‘radi.

BIZNES HAQIDA 

Muayyan tor soha mutaxassisligini chuqur egallash muvaffaqiyatning asosi bo‘lganidek, shunchaki yaxshi biznesmen bo‘lish – nimaga sarmoya kiritishni bilish, boshqalar ko‘rolmagan natijani his etish va biznes yurita olish ham muvaffaqiyatli insonning muhim fazilati hisoblanadi. Biznes haqida minglab kitoblar mavjud va aksariyat muvaffaqiyatli biznesmenlar ularning katta qismini o‘qigan.

LIDERLIK HAQIDA

Yetakchilik haqidagi kitoblar o‘quvchilarga qimmatli saboqlar beradi. O‘z fikrini yetkazish, odamlarni boshqarish va ruhlantirish muvaffaqiyatli insonning muhim fazilatidir. Rahbar va yetakchi o‘rtasida juda katta farq bor, sababi lider yetakchilik haqida o‘nlab kitoblarni o‘qigan bo‘ladi.

BADIIY ADABIYOT

Badiiy adabiyot aqlni charxlaydi, hissiyot va tasavvurni rivojlantiradi, miya faoliyatini yaxshilaydi. Neyrobiologlar badiiy adabiyot mutolaasi paytida miyaning real voqealarni boshdan kechirayotganda faollashadigan baʼzi qismlari faoliyati yaxshilanishini aniqladi. Ya’ni siz o‘qigan har bir badiiy adabiyot miyada qayta ishlanadi.

QANCHA O‘QIYDI?

Bill Geyts. O‘zining eʼtirofiga ko‘ra, yiliga 50ga yaqin – har hafta qariyb 1 tadan kitob o‘qiydi. Bill Geyts juda band odam bo‘lgani sababli o‘qishga vaqt topolmagan kunlarini taʼtilda o‘qish orqali qoplashga harakat qiladi, chunki u kuniga 3 soat kitob o‘qiydi.

Ilon Mask. Kuniga ikkita kitob o‘qigan. Tesla kompaniyasining bosh direktori bo‘lishdan oldin Ilon har kuni 10 soatini mutolaaga ajratgan. Hozir ham band bo‘lishiga qaramay, kitob o‘qish uchun kuniga 4-6 soat vaqt topadi. Uorren Baffet. Amerikalik investor va biznesmen so‘nggi yilda har kuni 500-600 sahifa kitob o‘qish bilan shug‘ullangan.

 

MASHHURLARNING SEVIMLI KITOBLARI

Dunyodagi eng muvaffaqiyatli odamlar yillar davomida tavsiya qilgan va o‘zbekchaga ham o‘girilgan kitoblar:

  1. “Nol”dan “bir”gacha. Startaplar haqida izohlar yoki kelajakni qanday qurish mumkin”, Piter Til, Bleyk Masters.
  2. “Do‘st orttirish va odamlarga taʼsir o‘tkazish”, Deyl Karnegi.
  3. “Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko‘nikmasi”, Stiven Kovi.
  4. “O‘yla va boy bo‘l”, Napolean Xill.
  5. “Stiv Jobs”, Uolter Ayzekson.
  6. “Sapiens insoniyatning qisqacha tarixi”, Yual Noa Xarari.
  7. “Rework. Prinsiplarsiz biznes”, Jeyson Frayd, Devid Xaynemayer Xensson.

Bu kitoblar yoshlar orasida ommalashgan. Deyarli barcha kitob do‘konlaridan topasiz. Ushbu nodir kitoblardan olgan bilimingiz orqali siz ham muvaffaqiyatga erishsangiz ajab emas.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish