Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 22-dekabrda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi hamda joriy yil 12-yanvarda Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishlarida yoshlarimizni milliy g‘urur, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni kuchaytirish, shuningdek, kitoblar nashr qilish va yangi kinofilmlar yaratish masalasini ilgari surgan edi.
Shunga asosan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan harbiy oliy o‘quv yurtlari, “Temurbeklar maktabi”, “Jaloliddin Manguberdi” akademik litseylari, umumta’lim maktablardagi “Vatan tayanchi” dasturi o‘quvchilari, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlarga o‘quv-qo‘llanma sifatida “Men ham harbiy bo‘laman” kitobi nashrga tayyorlandi. Mazkur kitob-albomni taqdimotlari bir qator harbiy oliy ta’lim muassasalarida o‘tkazilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 18-sentabr kuni Akademiyaning “Ma’naviyat va ma’rifat markazida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi hamkorligida “Men ham harbiy bo‘laman” nomli adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i general-mayor Ravshan Haydarov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshqarma boshlig‘i To‘xtasin Arslonov, “Men ham harbiy bo‘laman” kitobi muallifi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyat bo‘limi rahbari Begzod Abdirimov, Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, Surxon guruhi solisti To‘lqin Fayziyev, Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, siyosiy fanlari bo‘yicha falsafa doktori Maxfuza Yuldasheva, Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, taniqli shoir Bobur Bobomurod, Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, xonanda Faxriddin Xolnazarov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Akademiya boshlig‘i general-mayor Ravshan Haydarov ochib, mazkur kitob-albom milliy tariximiz, ajdodlarimizning jangovar ruhi, Vatanga muhabbat, milliy davlatchiligimiz bosib o‘tgan shonli yo‘l haqidagi qimmatli ma’lumotlar jamlangani, shu bilan birga, milliy armiyamizning rivojlanish jarayonlarini yaxlit ifoda etishi, tarixiy fotomateriallar bilan boyitilgani bilan ahamiyatli ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, muhtaram Prezidentimizning “Ma’naviyatimiz, g‘urur-iftixorimiz birinchi o‘ringa chiqadigan vaqt keldi. Farzandlarimizni ana shunday yetuk avlod qilib tarbiyalash uchun barchamiz mas’ulmiz” deya aytgan so‘zlarini alohida etirof etildi.
Shundan so‘ng taqdimotda so‘zga chiqqanlar, kitobning birinchi qismida Markaziy Osiyo va O‘zbekiston tarixida harbiy ish, qurollanish sohasi va mudofaa tizimi, harbiy ish tarixining o‘ziga xos jihatlari, Vatan uchun olib borilgan janglar, jasorat mavzusi qatorida Yevropa xaritalarida ilk bor o‘zbek zamini va o‘zbek davlati ko‘rsatib berilgan. Ikkinchi qismda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarixi, Mudofaa doktrinasi mazmun-mohiyati tushunarli, sodda va ixcham shaklda aks ettirilganligi va kitob ahamiyati haqidagi fikr-mulohazalarini bayon etishdi.
Tadbirda ajdodlarimiz jasorati aks etgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Akademiya axborot-resurs markazi uchun kitob-albom taqdim qilindi. Tadbirda davomida kursantlar o‘z ijod namunalaridan o‘qib, ishtirokchilarning olqishiga sazovor bo‘ldilar.
Tadbir Akademiya Orkestr xonandalarining konserti dasturi bilan davom etdi. Tadbir barchada katta taassurotlar qoldirdi.