Yurtimizning turli hududlarida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan yoshlar yetakchilari hayoti ko‘plab jamiyat aʼzolariga namuna bo‘lmoqda. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Top 100” yoshlar yetakchisi safida e’tirof etilgan Mohinur Boboqulova ana shunday yoshlardan biri.
Mohinur Boboqulova – Shahrisabz shahridagi “Zargarlik” mahallasi yoshlar yetakchisi. Uning yetakchilik qobiliyati birinchi navbatda mahalladagi yoshlar o‘rtasida xatlov o‘tkazish bilan namoyon bo‘ldi. Yoshlar soni, ularning ehtiyojlari va qiziqishlarini aniqlash maqsadida u qator ishlar olib bordi. Bu tashabbus orqali yetakchi nafaqat yoshlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirdi, balki ularning orasida ijtimoiy faoliyatga qiziqishni ham kuchaytirdi. Ko‘p yo‘nalishlarda yoshlarga shaxsiy namuna bo‘la oldi.
“Zargarlik” mahallasi balansi
Aholi soni: 4268 nafar;
Xonadonlar: 1059 ta;
Yoshlar soni: 752 nafar;
Ayol-qizlar: 377 nafar;
“Yashil” toifa: 719 nafar;
“Sariq” toifa: 33 nafar;
“Qizil” toifa: 10 nafar.
Mahalla yettiligi ko‘makchi
Har bir mahallada yoshlarning turli toifalari mavjud: baʼzilari ilm-fanga, sportga qiziqadi, ammo ayrimlarida og‘ir xulq, huquqbuzarlik sodir etishga moyillik ham kuzatiladi. Bunday vaziyatda yoshlar yetakchisining roli yanada muhim. “Zargarlik” mahallasi yoshlar yetakchisi shunday masʼuliyatni o‘z zimmasiga olgan va bu yo‘nalishda o‘ziga xos tizimni ishlab chiqqan.
– Faoliyatimdagi asosiy urg‘uni ahvoli og‘ir va huquqbuzarlikka moyil yoshlar bilan ishlashga qaratganman, – deydi Mohinur Boboqulova. – Bunday yoshlar bilan ishlash oson bo‘lmagan. Bu yo‘lda profilaktika inspektori va mahalla yettiligining boshqa vakillari menga ko‘mak bermoqda. Hammamiz birgalikda, hamfikrlikda ishlasak, natija ham shunga monand bo‘ladi. Ortda qolgan davr mobaynida mahallamizda jinoyat sodir etilmadi. “Zargarlik” mahallasini viloyatda jinoyatdan xoli hudud sifatida e’tirof etishadi.
Oddiy, lekin samarali
Yoshlar yetakchisining ish uslubi oddiy, lekin samarali. Birinchi navbatda, yetakchi huquqbuzarlikka moyil yoshlarni aniqlash uchun ularning oilaviy va ijtimoiy sharoitini chuqur o‘rgandi. Bu bilan u yoshlardagi muammolarning kelib chiqish sabablarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Keyinchalik bu yoshlarga alohida eʼtibor qaratilib, ularning qiziqishi, iqtidori, vaqt o‘tkazish odatlari va ko‘nikmalariga qarab, maqsadli dasturlarni ishlab chiqdi.
Bu dasturlar yoshlarning qiziqishi va ehtiyojlarini inobatga olgan holda tuzilgan bo‘lib, ularga mos yo‘nalishlarda rivojlanish imkoniyatini taqdim etadi. Masalan, kimdir sportga qiziqsa, u sport to‘garaklariga jalb qilinadi, ijodkorlikka iqtidorlilar sanʼat va madaniyat tadbirlarida ishtirok etadi. Buning natijasida yoshlar o‘zidagi salohiyatni to‘g‘ri yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Asosiy vazifalaridan kelib chiqib, iqtidorli yoshlarni izlab topish, iste’dodini ro‘yobga chiqarish borasida ko‘plab yoshlar aniqlandi. Ulardan biri – tadbirkorlikka qiziqishi bor Ruxshonaxon Rahmonova usta-hunarmandlarga biriktirilgan edi. Hozir u 100 dan ziyod aholini ish bilan ta’minlagan.
Individual yondashuv
Bu tizimning asosiy elementi individual yondashuvdir. Yetakchi har bir yosh bilan alohida suhbat o‘tkazib, ularga ishonch va eʼtibor ko‘rsatdi. Yoshlarga nafaqat saboq berish, balki ularning ichki dunyosini tushunishga, ularga maʼnaviy va psixologik yordam berishga intildi. Shuningdek, ular uchun sport va ijodiy to‘garaklar tashkil etildi, jamoaviy tadbirlarda faol ishtirok qilish imkoniyati yaratildi.
“Og‘ir” toifadagi yoshlarga Shahrisabz shahar Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbari Nodir Daminov biriktilgan bo‘lib, reja asosida ish olib borilmoqda. Hozirgi kunga qadar bu yoshlardan 4 nafarining muammolari hal etilib, “og‘ir” toifa ro‘yxatidan chiqarildi.
Mahallada jinoyatchilikning oldini olish maqsadida profilaktika inspektori bilan hamkorlikda ish olib borilib, yoshlar o‘rtasida “Qalqon” guruhlari tashkil qilindi. Bu guruh yordamida ko‘chalarda tungi reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Yoshlar giyohvandlik, psixotrop moddalar, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligi uchun tushuntirishlar olib borilmoqda. Probatsiya nazoratida turgan bir nafar yosh bilan o‘tkazilgan suhbatda uning futbolga qiziqishi aniqlandi va unga futbol to‘garagi ochish uchun ko‘mak berildi. Hozir u 30 dan ziyod yoshlarga murabbiylik qilib kelyapti.
Bu tizim qisqa vaqt ichida ijobiy natija bera boshladi: huquqbuzarlikka moyil yoshlarning ko‘pchiligi o‘z salbiy odatlaridan voz kechib, jamiyatda faollasha boshladi. Yoshlar yetakchisi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu yondashuv boshqa mahallalardagi yoshlar bilan ishlashda ham yaxshi namuna bo‘lmoqda.
“Yoshlar ombori”
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Yoshlar ombori” ko‘rsatkichlarida jami qamrab olinishi kerak bo‘lgan 628 nafar yosh “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etish istagini bildirib, ro‘yxatdan o‘tgan. Yoshlar o‘z yo‘nalishlarida faol ishtirok etib, hududiy bosqichlarda munosib o‘rinlarni band etishgan.
“Yoshlar ombori”ga ko‘ra, jami qamrab olinishi kerak bo‘lgan 31 nafar yoshning bandligini ta’minlash, “sariq” va “qizil” toifadagilarni “yashil” toifaga o‘tkazish bo‘yicha hokim yordamchisi bilan hamkorlikda imtiyozli kredit ajratish, ishga joylashtirish hamda subsidiya ajratish choralari ko‘rilmoqda.
Shu choqqacha tadbirkorlikka qiziqishi bor ishsiz yoshlardan 5 nafariga imtiyozli kreditlar olib berilib, bandligi ta’minlandi. Ustoz-shogird an’anasiga asosan 10 nafar yoshni ish bilan ta’minlashga erishildi. 4 nafar yosh tadbirkorga jami 420 million so‘mlik imtiyozli kredit olib berilib, asalarichilik, yemni qayta ishlash, mebel ishlab chiqarish, qandolatchilik faoliyatini kengaytirishga yo‘naltirildi. 65 nafar yosh turli ko‘rinishdagi ish bilan band qilindi.
– “Zargarlik” mahallasida jami 19 nafar yosh ishlash va o‘qish uchun xorijiy davlatlarga ketgan, – deydi Mohinur Boboqulova. – Mahalla profilaktika inspektori bilan hamkorlikda migratsiyada yurgan yoshlar va ularning oila a’zolari bilan muntazam ravishda muloqotlar uyushtirilib, video aloqa, telegram orqali ularning ish joyi, yashash sharoiti bilan tanishish, muammolarini aniqlash, Vatanga qaytishi uchun yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanishlari mumkinligi to‘g‘risida tushuntirishlar berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Migratsiyadagi yoshlardan 5 nafari Vatanga qaytib, 1 nafari xususiy sektorda, 3 nafari esa norasmiy sektorda faoliyat yuritmoqda. 1 nafari kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirilgan.
Kitobxonlik targ‘iboti
Mohinur Boboqulova yoshlar orasida kitobxonlikni bir necha yo‘nalishda targʻib qilishga alohida e’tibor qaratgan.
Shaxsiy namuna. Birinchi navbatda, yoshlar yetakchisi har oyda kamida bitta kitob o‘qib, bu haqda mahalla yoshlariga tavsiyalar beradi, o‘qigan kitoblari yuzasidan o‘z fikrlari bilan bo‘lishadi. Yetakchi tanlagan kitoblar faqat adabiy asarlar emas, balki ilmiy, falsafiy va motivatsion asarlar ham bo‘lib, yoshlarni har tomonlama rivojlanishga ruhlantiradi.
Kitobxonlik kechalari va davra suhbatlari. Mohinur Boboqulova muntazam ravishda yoshlar uchun kitobxonlik kechalari va davra suhbatlarini tashkil qiladi. Bu tadbirlarda yoshlar o‘z o‘qigan kitoblari haqida gapirib berishadi, ularda ko‘tarilgan mavzularni muhokama qilishadi. Ushbu suhbatlar orqali nafaqat kitob o‘qish targ‘ib qilinadi, balki fikr almashish, erkin muloqot va o‘z fikrini aniq ifodalash kabi ko‘nikmalar ham shakllanadi.
Kitobga qiziqishni oshirish. “Bir oyda eng ko‘p kitob o‘qigan yosh” kabi musobaqalar tashkil etiladi. G‘oliblar rag‘batlantiruvchi sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, mahallaga kitoblar sovg‘a qilinib, maxsus burchaklar tashkil etildi, bu joylarda yoshlar xohlagan vaqtida kitob o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahallada kutubxona tashkil qilish tashabbusi. Yetakchining tashabbusi bilan mahallada mini stadion va suv havzasi majmuasi qurib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, navbatdagi reja kichik kutubxona tashkil etish. Mahallaga sovg‘a qilinayotgan kitoblar kutubxona fondiga kiritiladi. Kutubxonada turli mavzulardagi kitoblar jamlanib, yoshlarning bilim olish istaklarini to‘liq qondirishga mo‘ljallangan.
Natija va ta’sir. Yoshlar orasida kitob o‘qishga qiziqish sezilarli darajada ortib, o‘zlarini intellektual jihatdan rivojlantirishga ehtiyoj kuchaymoqda. Kitobxonlik nafaqat bilim olish manbayi, balki yoshlar orasida ijtimoiy faollik va muloqot vositasi sifatida ham qabul qilinmoqda.
200 dan ortiq yosh chet tilini o‘rganyapti
Yetakchi sport sohasida ham yoshlarga shaxsiy namuna ko‘rsatib, kurash musoboqalarida faol ishtiok etib kelgan, tuman, shahar va viloyat bosqichlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. U til o‘rganish va “Ibrat farzandlari” loyihasi targ‘ibotida ham faol.
– Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida rus tilini o‘rganishga qiziqib, kurslarda faol ishtirok etdim, – deydi yoshlar yetakchisi Mohinur Boboqulova. – Kurslarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirib, sertifikatga ega bo‘ldim. Bu loyiha menga nafaqat til bilimini oshirish, balki o‘z maqsadlarimga erishish yo‘lida sabr-toqatli bo‘lishni o‘rgatdi. O‘zim olgan bilimlarni va loyiha imkoniyatlarini mahalla yoshlari bilan bo‘lishishga qaror qildim. Hozir mahallamizda 200 dan ziyod yoshlarimiz “Ibrat farzandlari”da til o‘rganishga qiziqish bildirdi. Ularning 4 nafari allaqachon kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, sertifikatni ham qo‘lga kiritdi.