Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Biz kitobni qanday o‘qiymiz?

27.6.2024 2837

Shahruza SATTOROVA

O‘zbekistonda yoshlarning kitobxonlik madaniyati xususida

Insonlarni shartli ravishda ikkiga ajratish mumkin: kitob o‘qiydigan va kitob o‘qimaydigan. Kitob o‘qiydigan inson saviyali, dunyoqarashi keng bo‘ladi, so‘zni tanlab gapiradi, mutolaadan olgan xulosalari asosida o‘z ustida ishlaydi. Jamiyatda kitob o‘qiydigan insonlarning ko‘pligi umumiy ittellektning yuqori ekanini bildiradi. Ya’ni kitobxonlik – jamiyat saviyasining barometri. Odamlar qancha saviyali bo‘lsa, shuncha ko‘p kitob o‘qiladi va o‘sha davlat rivojlanadi.

Kitob o‘qimaydiganlarning ham o‘ziga yarasha sabab va bahonalari bor. Muhit, imkoniyat, qiziqish, xohish degandek. Qolaversa, texnologiyalar asri yoshlarni internet, ijtimoiy tarmoqlar va gadjetlarga qaram qilib qo‘ydi. Vaqt o‘tkazish uchun minglab virtual o‘yinlar, platformalar mavjudligi, biror ma’lumot kerak bo‘lsa, bitta tugmani bosish orqali topish mumkinligi yoshlarni kitobdan, mutolaadan yiroqlashtirmoqda. Mutolaadan yiroqlashish yaxshi holat emas, albatta.

Davlat rivojlanishni, kitobxon yoshlarni ko‘paytirishni istar ekan, har ikki toifadagi yoshlarga ham birdek e’tibor berish zarur. Kitobxonlar uchun sara kitoblar, rag‘batlar, qulay kutubxonalar lozim bo‘lsa, mutolaaga ko‘p vaqt ajratmaydigan yoshlarni kitobxonlikka jalb qilish uchun turli targ‘ibotlar, tanlovlar hamda ularga tanish bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlardagi elektron, audio kitoblarni ko‘paytirish kerak. Kitob shakli, turi qancha ko‘p bo‘lsa, mutolaa haqida qancha ko‘p gapirilsa, shundagina ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin.

Kitobxonlikni targ‘ib qilish O‘zbekistonda yoshlarda oid davlat siyosatining ajralmas va ustuvor yo‘nalishidir. O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi e’tiborga loyiq.

 

Oilaviy muhit va an’analar

O‘zbek xalqida “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan naql bor. Ya’ni farzand tarbiyani, eng avvalo, ota-onasidan oladi, oiladagi qadriyatlar va an’analar bilan o‘sadi. Bola to maktabga borib, jamiyatga qo‘shilgunicha dastlabki qarashlari shakllanib bo‘ladi, bundan anglash mumkinki, kitobxonlik madaniyatining shakllanishida oiladagi muhit katta ahamiyatga ega. Ota-onasi kitobxon, bolalikdan kitoblar ichida ulg‘aygan yoshning kelgusidagi qarashlari ham kitobdan ayro bo‘lmaydi. Demak, kitobxon yoshlarni ko‘paytirish uchun avvalo bizga kitobxon oilalar kerak.

Buni yaxshi anglagan holda Yoshlar ishlari agentligi 2021-yildan beri “Yosh kitobxon oila” respublika tanlovini o‘tkazib kelmoqda. Minglab yoshlarni o‘ziga jalb qilayotgan tanlovda 30 yoshgacha bo‘lgan yosh oilalar ishtirok etishi mumkin. Tanlov bosh sovrini – 100 million so‘m pul mukofoti.

Tanlov uch bosqichda tashkil etiladi:

Birinchi bosqich: arizalar qabul qilish va saralash bosqichi bo‘lib, talabgor yosh oilalardan arizalar onlayn qabul qilinadi va ishtirokchilar test sinovi asosida saralanadi.

Ikkinchi bosqich: tanlovning hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar) bosqichi bo‘lib, 2 ta shart bo‘yicha o‘tkaziladi. 1-shart “Tezkor savol-javob”. Shartda ekspertlar komissiyasi tavsiya etgan adabiyotlardan tuzilgan 4 ta savolga javob berish so‘raladi (oila a’zolaridan 2 ta savolga er, 2 ta savolga xotin javob berishi shart). Ishtirokchilar bilimini tekshirish maqsadida hakamlar hay’ati qo‘shimcha savollar berishi mumkin.

2-shart “Badiiy asarlar bilimdoni”.  Ushbu shartda biror asardagi syujetga oid epizod o‘qib eshittiriladi. Ishtirokchidan asar nomini topishi hamda mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini sharhlab berish so‘raladi. Ikkita shart bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan bitta yosh oila tanlovning respublika bosqichi – finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.

Uchinchi bosqich: 3 ta: badiiy asarlar bilimdoni, insho yozish, tezkor savol-javob shartlaridan iborat bo‘ladi.

 

“Yosh kitobxon”

Kitob o‘qib, turli sovg‘a, pul mukofotlari, hatto avtomobil yutib olish mumkin bo‘lgan tanlovlar O‘zbekistonda juda ko‘p. “Yosh kitobxon”, “Zukko kitobxon” kabi tanlovlar millionlab yoshlarni o‘ziga jalb qilib, mutolaa madaniyatini shakllantirmoqda, kitobxonlikka targ‘ib qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” respublika tanloviga bugungi kunga qadar 3,6 mln. nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.

2017-yildan buyon 328 nafar yosh kitobxon tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi – zamonaviy avtomobil sovrindori bo‘ldi. 2024-yilgi tanlov uchun bosh sovrin etib elektromobil belgilangan.

“Yosh kitobxon” tanlovi quyidagi yosh toifalarida o‘tkaziladi:

  • 10-14 yosh;
  • 15-19 yosh;
  • 20-30 yosh.

Bugungi kunga kelib tanlovning o‘tkazilish tartibi ancha takomillashgan. Ya’ni tanlov besh bosqichda tashkil etilib, birinchi bosqichi mahallada boshlanadi (avval tanlov uch bosqichda bo‘lib, unda ishtirokchilar tuman – viloyat – respublika bosqichida kuch sinashar edi).

Birinchi bosqich – arizalar qabul qilish va mahalla bosqichi bo‘lib, talabgorlardan arizalar qabul qilinadi va ishtirokchilar test sinovi asosida saralanadi.

Ikkinchi bosqich – sektor bosqichi bo‘lib, 40 ta test savoli belgilanadi. Ishtirokchilar har bir to‘g‘ri javob uchun 2,5 baldan jamg‘arib boradi.

Uchinchi bosqich – tuman (shahar) bosqichi bo‘lib, ishtirokchilar “Badiiy asarlar bilimdoni” hamda “Tezkor savol-javob” sharti asosida bellashadi.

To‘rtinchi bosqich – hududiy bosqichda ishtirokchilar “Badiiy asarlar bilimdoni” hamda “Tezkor savol-javob” sharti asosida bahslashadi.

Beshinchi bosqich – respublika – final bosqichida ishtirokchilar “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adib”, “Sheʼriyat” hamda avvalgi mavsumlardan farqli ravishda “Insho yozish” shartlari asosida bellashadi. Insho yozishda ishtirokchilar biletlardan birini tortish orqali mavzu tanlaydilar va shartni bajarish uchun 60 daqiqa vaqt belgilanadi.

 

Yosh kitobxon tanlovi 2017-yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Tanlovning jami ishtirokchilari – 4 million 700 ming nafar

G‘oliblar – 20 nafar

Topshirilgan avtomomillar – 20 ta

 

 “Zukko kitobxon”

“Zukko kitobxon” tanlovidan bosh maqsad yoshlarning mutolaaga qiziqishini kuchaytirish, faol kitobxonlar safini kengaytirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, kitobxonlarni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirishdan iborat.

Tanlov har oyda ikki bosqichda o‘tkaziladi:

Birinchi bosqich tanlovning saralash bosqichi bo‘lib, har oyning 1-sanasidan kechiktirmasdan oy davomida o‘qiladigan kitoblar ro‘yxati @yoshkitobxonuz telegram manzilida e’lon qilinadi. Har oyning 25-sanasida telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali @kitobxontestbot manzilida belgilangan kitoblar doirasida tuzilgan 25 ta test savoli bo‘yicha imtihon o‘tkaziladi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 4 balldan belgilanadi. Test natijalariga ko‘ra tuman (shahar)lar kesimida eng qisqa vaqtda eng ko‘p ball to‘plagan 6 nafar ishtirokchi saralanadi va ulardan tuman (shahar) jamoasi shakllantiriladi. Ushbu jamoa tanlovning keyingi ikkinchi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Ikkinchi bosqich tanlovning hududiy bosqichi bo‘lib, har oyning so‘nggi 5 kunligida o‘tkaziladi. Bu bosqichda har bir tuman (shahar)dan shakllangan bittadan jamoa o‘rtasida 30 ta savol doirasida savol-javob o‘tkaziladi. Savollarga eng ko‘p to‘g‘ri javob bergan jamoa g‘olib bo‘ladi.

Tanlovda qanday ishtirok etish mumkin? Tanlovga talabgorlar onlayn tarzda ariza topshiradi. “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila” tanlovlarining respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan kitobxonlardan tashqari barcha kitobxonlar ishtirok etish huquqiga ega. Ishtirokchilar yashash yoki o‘qish manzilidan @kitobxontestbot telegram boti orqali ro‘yxatdan o‘tadi va ishtirok etadi.

Tanlov g‘oliblari quyidagicha rag‘batlantiriladi:

  • 1-o‘rinni egallagan jamoaga – 6 million 600 ming so‘m;
  • 2-o‘rinni egallagan jamoaga – 4 million 800 ming so‘m;
  • 3-o‘rinni egallagan jamoaga – 3 million 600 ming so‘m.

Ham foydali mashg‘ulot bilan shug‘ullanish, uning ortidan esa avtomobil, yaxshigina mablag‘ga ega bo‘lish kimga motivatsiya bermaydi deysiz? Bunday tanlovlar avvaldan kitob o‘qishni yaxshi ko‘rgan kitobxonlar uchun sinov, kitob o‘qimayotganlar uchun tajriba maydoni aylanmoqda.

“Mutolaa”

Bugungi davrda elektron kitoblarga talab juda yuqori. Smartfonda, xohlagan vaqtda va qulay sharoitda kitobni o‘qib yoki eshitib ketishga nima yetsin. Elektron kitob haqida so‘z ochilishi bilan ko‘pchilik mualliflik huquqi, uni sotib olgan nashriyotlar huquqi buzilishi haqida bong uradi. Ammo elektron kitoblar asarning bosma shakliga bo‘lgan talabni oshirishi ham mumkin. Dunyodagi eng katta kitob sotuvchi kompaniya – Amazonning xabar berishicha, bestseller kitoblarning 25 foizi hali chop etilmasdan turib internetga joylangan asarlardir. Avval internetda mashhur bo‘lgan kitoblar bosma holida ham chop etilib, bestseller bo‘lmoqda.

2023-yilda Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan yaratilgan “Mutolaa” mobil ilovasi qulayliklari bilan ko‘plab kitobxonlarni jalb qilmoqda.

Nega aynan “Mutolaa”? “Biz Mahmudxo‘ja Behbudiydan ilhomlandik”, deydi loyiha jamoasi. Behbudiy 1908-yilda Samarqand shahrida “Mutolaaxona” nomli kutubxonaga asos solgan. Ilova ham qaysidir ma’noda onlayn kutubxona vazifasini o‘taydi. Chunki ilovadan foydalanish bepul va kelajakda ham pulli bo‘lishi tashkilotchilarning rejasida yo‘q.

Ilova eng sara kitoblarning elektron, audio va video shakllarini o‘zida jamlagan. Asosiysi, ilovadan foydalanish bepul. Loyihaning bosh maqsadi 1 millondan ortiq kitobxon yoshlarni kashf qilish, O‘zbekistonda kitobxonlik muhitini yaxshilash va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda rivojlantirish. Buning uchun jarayonga kuchli mutaxassislar jalb qilingan.

Kitoblar barcha yoshdagi kitobxonlar uchun mo‘ljallangan. Elektron formatdagi kitoblarni o‘zingizga moslashtirib olishingiz ham mumkin. Masalan, harflarning katta kichikligini o‘zgartirish, fonning qora yoki oq rangda bo‘lishi kitobxonga qulaylik yaratadi.

“Mutolaa” ilovasidan foydalanuvchilar soni:

  • 500 mingga yaqin.

Ilovaga:

  • 814 ta audiokitob;
  • 863 ta elektron kitob joylangan.

Bundan tashqari, loyihaning You Tube sahifasi ham bor. Sahifaga asarlar audio va video ko‘rinishda joylanmoqda. Kitoblar mazmunini mahoratli aktyorlar ijrosidagi videolavha, sahnalashtirilgan tomoshalar yordamida tushuntirish sohadagi o‘ziga xos yangiliklardan birirdir.

 

“Ming kitob”

Qaysi kitobni o‘qish haqida har kimning tanlovi, didi, fikri turfa va oʻziga xos. Eng muhimi esa bestseller, sara jahon adabiyotlarini o‘z tilida topa olishdir. Chunki badiiy, ilmiy kitoblarni xorijiy tillarda o‘qiy oladiganlar soni kam. Bunday vaziyatda jahon adabiyoti durdonalarini mahorat bilan tarjima qilgan tarjimonlarga rahmat aytamiz. Ammo nashriyotlarning hamisha ham eng sara asarlarni tarjima qildirish uchun mablag‘lari yetarli bo‘lmaydi. Qolaversa, muallif roziligini olish, mualliflik huquqi, tarjimon uchun haq kabi omillar sabab kitobning tannarxi qimmatlab boraveradi. Elektron kitoblar tarqalishi esa bosma kitoblar sotuvini kamaytirib yuborishi, xarajatlarni oqlamasligi mumkin.

Bunday vaziyatda davlat tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va Prezident qaroriga ko‘ra, mashhur 1000 ta kitob o‘zbek tiliga tarjima qilinib, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Kitoblarni tarjima qilish va nashr etish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

birinchi bosqichda ekspertlar kengashi kitoblarning dastlabki ro‘yxatini shakllantiradi;

ikkinchi bosqichda jamoatchilik o‘rtasida ovoz berish yo‘li bilan saralab olish uchun dastlabki ro‘yxat Yoshlar ishlari agentligining axborot tizimlariga joylashtiriladi hamda bu orqali yakuniy qaror qabul qilinadi.

Tarjima uchun kitoblarni tanlashda quyidagilar o‘rganib chiqiladi:

  • kitobning dolzarbligi va ta’limiy ahamiyati;
  • yoshlar intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishdagi o‘rni;
  • muallif shaxsining xalqaro maydonda tutgan o‘rni;
  • kitobni chop etgan nashriyot mavqeyi;
  • kitob haqida mutaxassislar munosabati.

Loyiha doirasida har yili nashr etiladigan kitoblar ro‘yxatiga kamida 20 foiz ilmiy-ommabop asarlar kiritiladi. 2023−2024-yillarda dastlabki tanlangan 50 nomdagi kitobni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish belgilangan. Kitoblarni tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq davlat xaridlari talabgorlar o‘rtasida eng yaxshi takliflarni tanlash hamda tender o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Prezident qaroriga muvofiq, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi doirasida chop etilgan kitoblar Ekspertlar kengashi tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar ishlari agentligi tomonidan axborot-kutubxona muassasalari, shu jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalariga bepul yetkaziladi.

Shuningdek, kitoblarning elektron nusxalari kitobxonlar keng foydalanishi uchun mualliflik huquqi egasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga va Fanlar Akademiyasi tizimidagi kutubxonalarga taqdim etiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish