Konstitutsiya – davlatning huquqiy asosi, poydevori. Konstitutsiyamiz Vatanimiz mustaqilligining buyuk timsollaridan biri bo‘lib, mamlakatimizning siyosiy qurilishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, davlat va fuqaroning, jamiyat tuzilmalarining barcha huquq hamda majburiyatlariga oid masalalarni qamrab oladi va ularning huquqiy negizini belgilab beradi. Asosiy qonunda yurtimizda yashayotgan har bir inson, ijtimoiy guruh va qatlamning manfaati, huquq va erkinliklari e’tibordan chetda qolmagan. Shuning uchun ham uni butun jamiyatimizni birlashtirishga xizmat qiladigan umummilliy hujjat, xalqimiz tafakkurining noyob namunasi, deb ataymiz.
Ma’lumki, O‘zbekiston aholisining aksariyat qismini yoshlar tashkil qiladi. Ular kelajagimiz, ertangi kunimiznig davomchilaridir. Statistika agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2023-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 14-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 9 million 654 ming 351 kishini tashkil etib, jami aholining 26,8 foiziga teng kelmoqda. Yurtimiz aholisi 2040-yilga borib 50 millionga yetishi, jamiyatning yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil qilishi kutilmoqda.
Yoshlarimizga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim. Shu ma’noda, mazkur masalaning yechimi ham mustahkam huquqiy poydevor – O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini qabul qilishni taqozo etdi.
Konstitutsiyada yoshlar masalalari bo‘yicha alohida bob kiritilganligi muhim strategik ahamiyatga ega. Gap shundaki, bugungi kunda yoshlar o‘zining yangi qarashlari va munosabati, zamonaviy bilim va kasbiy tayyorgarligi hamda o‘ziga xos dunyoqarashi va ma’naviyati bilan jamiyatning barcha sohalariga kirib kelmoqda. Bu jarayonni jamiyat va davlat taraqqiyoti yo‘lida yanada chuqurroq yo‘naltirish muhim ustuvor vazifalar sifatida kun tartibiga qo‘yilyapti. Ikkinchi tomondan, yoshlardan butun dunyoda yuz berayotgan o‘zgarishlar sharoitida ilmiy, kasbiy va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligi jihatdan raqobatbardosh bo‘lishi va vatanparvarlik hissini kuchaytirishni taqozo qiladi. Ayniqsa, 2017-yildan boshlab yoshlar siyosati yangi bosqichga olib chiqildi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuzildi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar parlamenti va Yoshlar akademiyasi tashkil etildi. Yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini alohida qadrlash va e’tirof etish uchun mamlakatimizda 30-iyun “Yoshlar kuni” deb belgilandi.
Umumxalq referendumida yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda yoshlar masalasi qay darajada o‘z aksini topdi? Bunda avvalo, Asosiy qonunimizning alohida bobi – XIV bob “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlanganiga hamda unda yoshlarga oid qator normalar o‘rin olganiga e’tibor qaratish darkor. Zero, bunday yondashuv, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligidan dalolat beradi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat tomonidan yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishi kafolatlab qo‘yildi. Konstitutsiyamizning 79-moddasi birinchi qismida qayd etilganidek, “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi”.
Bosh qomusimizda, shuningdek, davlat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ulari shakllanishiga g‘amxo‘rlik qilishi belgilandi. Bu haqda Konstitutsiyaning 78-moddasi to‘rtinchi qismida shunday deyilgan: “Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.
Konstitutsiyaning yana bir muhim jihati, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida Asosiy qonunga kiritildi. Konstitutsiyaning 79-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, “Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifasi etib belgilanganini ta’kidlash joiz. Ta’limga oid konstitutsiyaviy-huquqiy normalar Asosiy qonunning 50, 51 va 52-moddalarida o‘z aksini topdi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasida har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi belgilab qo‘yilgan. Zero, intellektual salohiyati yuqori, dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan birini tashkil qiladi.
Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat yoshlarga g‘amxo‘rlik masalasida o‘z zimmasiga g‘oyat muhim majburiyatlarni olgani alohida diqqatni tortadi. Eng asosiysi, mazkur konstitutsiyaviy normalar nafaqat O‘zbekiston yoshlari manfaati, balki butun jamiyat va davlatning kelgusi taqdiri uchun nihoyatda ahamiyatlidir. Shunday ekan, navqiron avlod tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz “Yoshlar Konstitutsiyasi” deya e’tirof etilayotgani bejiz emas