Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Korrupsiyaga qarshi kurash jonlanadi

18.4.2023 955

Xurshid MIRZAYEV, O‘zJOKU korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi

Bugun fuqarolarni tashvishga solayotgan, ularning e’tiroziga sabab bo‘layotgan jiddiy muammolardan biri korrupsiya masalasidir. Mansabdor shaxslarning pora bilan qo‘lga tushganiga oid xabarlar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga binoan, amaldagi Konstitutsiyaning bir qator moddalariga korrupsiyaga qarshi kurashishga oid normalarni kiritish nazarda tutilmoqda.

Birinchidan, Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlarining konstitutsiyaviy maqomi takomillashtirilmoqda. Masalan, 56-moddada fuqarolik jamiyati institutlarining aniq huquqiy maqomi, ularning turlari, maqsadi belgilanishi korrupsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilikning talabini ro‘yobga chiqarish, fuqarolarning faol pozitsiyasini shakllantirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlariga O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi Milliy ma’ruzani ko‘rib chiqishni ham kiritish taklif etilmoqda. Mazkur taklif korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Uchinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilishda parlament ishtirokini ta’minlash uchun yuqori palata – Senatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini tayinlash hamda lavozimdan ozod etish bilan bog‘liq farmonlarini tasdiqlash vakolati berilmoqda. Bu, o‘z navbatida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining parlament oldidagi hisobdorligini ta’minlaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish