– Yoshligimdan tikuvchi bo‘lishni orzu qilardim, – deb gap boshladi A’loxon Meliqulova. – Yoshlikdagi orzularni amalga oshirish hamma uchun ham nasib etavermaydi. Bunga ba’zan oiladagilar, ba’zan sharoit to‘sqinlik qiladi. Mening oilam esa doimo meni qo‘llab-quvvatladi. Bundan juda xursandman. Ammo uyimizda tikuv mashinasi yo‘qligi sababli mustaqil ish boshlash imkoniyatim bo‘lmadi...
A’loxon Meliqulova Surxondaryo viloyatining Denov tumaniQorabog‘tepa mahallasida yashaydi. Yoshligidan tikuvchilikka qiziqqan A’loxonning ilk ustozi – onasi. “Kichkinaligimda onam tikayotgan paytda yoniga borib, matolarni qirqib o‘ynardim”, deydi qahramonimiz, kulib. Keyinchalik, mahoratli tikuvchilargashogird tushib, soha sirlarini o‘rgandi.
Xudo bergan qobiliyat
– Shu kungacha ikkita mahoratli tikuvchidan saboq oldim, – deydi yosh tikuvchi. – Ular bor bilim va ko‘nikmalarini ayamasdan menga o‘rgatdi. “Yosh bo‘lishingga qaramay, juda tez o‘zlashtirasan, senda Xudo bergan qobiliyat bor”, deb ko‘p aytishardi. Ularning so‘zlaridan ilhomlanib, yanada ko‘proq o‘z ustimda ishlashga harakat qildim.
10 yildan beri ishsiz yurgan qahramonimiz uchun bugungi kunda yaratilayotgan imkoniyatlar katta yordam bo‘ldi. Qorabog‘tepa mahallasining yoshlar yetakchisi A’loxonga ishtaklif qildi.
– Mahallamizdagi ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida ularning har biri bilan suhbatlashishga harakat qildim, – deydi Qorabog‘tepa mahallasi yoshlar yetakchisi Suxrob Xudoyberdiyev. – Ular orasida A’loxon Meliqulova ham bor edi. Suhbatda uning ishsizlik sabablari, qiziqishlari va imkoniyatlarini o‘rgandim. Tikuvchilikka uquvi borligini hisobga olib, uni mahalladagi tikuv sexiga ishga taklif qildim.
Suxrob Xudoyberdiyevning aytishicha, mahallada 760 nafar yosh bor va ulardan 49 nafari shu kunga qadar ish bilan ta’minlangan. 2 nafari ishsiz. O‘zini o‘zi band qilganlar esa 78 nafarni tashkil qiladi.
5 milliongacha daromad
– Hozir mahallada ochilgan kichik tikuv sexida ish boshqaruvchi bo‘lib ishlayapman, – deydi A’loxon. – Qo‘l ostimda ikki ishchi va ikki shogirdim bor. Men ham ustozlarimdek bor bilimlarimni ular bilan bo‘lishishga harakat qilyapman.
Bu kichik tikuv sexida asosan kiyim-kechaklar tikilmoqda. To‘y mavsumida ish har doimgidan ko‘proq bo‘ladi. Chunki kelin sarpolari va pardalarga buyurtmalar olinadi. Shu kungacha mahalla ahli bu kabi ehtiyojlari uchun tuman markaziga borib kelishga majbur bo‘lardi. Endi A’loxonning tez va sifatli ishidan foydalanmoqda.
– Tikuvchilikdan kuniga 400-500 ming so‘m daromad qilamiz. Maoshim 5 millionga boradi. Mavsumda esa tushumlar ancha ko‘payadi. Asosiysi ishimni juda yaxshi ko‘raman. Shuning uchun jismoniy charchoqlar menga begona.