Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Kunning qismlari nomini bilamiz, farqini-chi?

29.11.2023 2067

Mirsanjar Sanayev

Kun bir necha qismlarga bo‘linadi, ularning farqini bilmaslik ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘yishimizga sabab bo‘ladi. Keling, kunning ma’lum paytlari farqini o‘rganamiz.

Sahar (arabcha – erta tong, tongotar) –  g‘ira-shira tong yorishgan mahal, erta tong payti. Sinonimlari – bomdod, subhidam, tong, azon, tongotar.

Choshgoh (forscha – tushgacha bo‘lgan vaqt) – kun ancha ko‘tarilib qolgan vaqt.

Peshin (forscha – avvalgi, oldingi, dastlabki, qadimgi; kunning yarmi) – kunning yarmi o‘tgan payt.

Tush – quyosh qoq tepaga kelgan payt. Tushgacha ishlamoq. Tushda dam olmoq.

Asr (tushdan keyingi, quyosh botishiga yaqin vaqt) – quyosh botish chog‘idan bir soatcha oldingi payt va shu paytda o‘qiladigan namoz. Sinonimi – namozgar.

Shom (forscha – kechki ovqat; kechki payt, oqshom) – quyosh botib, qorong‘ilik tusha boshlagan payt va shu paytda o‘qiladigan namoz. Sinonimlari – oqshom, namozshom.

Kech – sutkaning kunduz qismi tugab, tun qismi boshlanadigan payti, kunduz bilan tun oralig‘i.

Xufton (forscha – uxlamoq, uxlash) – quyosh botgandan bir-ikki soat keyingi vaqt; taxminan kech soat yettidan o‘ngacha davom etuvchi vaqt.

Tun – sutkaning kun botishdan kun chiqqungacha, oqshomdan tongotargacha bo‘lgan qismi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish