Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

LUVR: O‘ZBEKISTON TARIXI DUNYO SAHNIDA

23.11.2022 2531

Shahribonu RAHMATOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Xalqimizning boy o‘tmishi bi­lan har qancha faxrlansak arziydi. O‘zbekistonning boy tarixini dun­yoga yana ham yaxshiroq tanitish, madaniyatimiz haqidagi maʼlu­motlarni kengroq yoyish lozim. Shunday xayrli ishlardan biri Fran­siyada amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzurida­gi Madaniyat va sanʼatni rivojlan­tirish jamg‘armasi tashabbusi bilan Fransiya poytaxti Parijda O‘zbekiston tarixi va madani­yatiga bag‘ishlangan ikkita yirik ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmalar­dan biri mashhur Luvr muzeyida, yana biri esa Arab dunyosi insti­tutida bo‘lib o‘tmoqda.

 

MARKAZIY OSIYO MAMLAKATLARI ICHIDA BIRINCHI

Luvrdagi “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorra­hasida” nomli ko‘rgazmadan 168 ta eksponat, xususan, O‘zbekistonning 13 ta muzeyidan 137 ta, shuningdek, dunyoning yetakchi muzeylaridan yurtimizga oid 31 ta eksponat o‘rin olgan.

Shu kunga qadar Luvrda Marka­ziy Osiyo mamlakatlari haqida ko‘rgazma tashkil etilmagan edi. Ko‘rgazmaning ilk kunidayoq juda ko‘p turist va mahalliy aholi Luvrning O‘zbekiston uchun atalgan qismiga kelmoqda. Bu ko‘rgazma 2023-yil 6-martgacha davom etadi.

 

RESTAVRATSIYA ISHLARI

Ko‘rgazmaga uch yil davomi­da tayyorgarlik ko‘rildi. Bir qancha o‘zbek-fransuz qo‘shma ekspeditsiyalari bo‘lib o‘tdi, ko‘plab arxeologik tadqiqotlar olib borildi. Bundan tash­qari, Parijdagi Luvr muzeyi restavra­torlari va mamlakatimiz mutaxas­sislari bir necha bosqichda keng ko‘lamli restavratsiya ishlarini bajar­di. Restavratsiya qilingan buyumlar orasida Kofirqalʼa qadimgi shahar qoldiqlaridan (Samarqand) topilgan, kuyib ko‘mirga aylangan va VI-VII asrlarga mansub yog‘och lavh, loydan yasalgan “Gulchambar taqqan Bud­da” haykali (miloddan avvalgi I asr – milodiy I asr) hamda Islom olamining noyob obyekti va eng muhim qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan XIII asrga mansub Katta Langar Qurʼonining 13 sahifasi restavratsiya qilindi.

 

IPAK VA OLTIN MO‘JIZALARI

Arab dunyosi institutida bo‘lib o‘tadigan “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari” nom­li ko‘rgazmada esa respublikamizning 9 ta muzeyidan olib bo­rilgan 300 dan ortiq eksponatlar namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma­da O‘zbekiston hunarmandlarining XIX–XX asr o‘rtalariga oid milliy to‘qimachilik mahsulotlari, liboslar, bezaklar, Buxoro amirligi davrining zardo‘zi choponlari, shuningdek, Nukus shahridagi Savitskiy nomi­dagi Qoraqalpog‘iston Respub­likasi Davlat sanʼat muzeyi kollek­siyasidan Turkiston avangardining 24 ta rangtasvir asarlarini ko‘rish mumkin.

Arab dunyosi institutidagi ko‘rgazma 2023-yilning 4-iyuniga qadar davom etadi.

 

KO‘RGAZMA BO‘LIMLARI

Jami 1100 kvadrat metrdan ortiq maydonni egallagan ko‘rgazmada O‘zbekistonning chinakam madaniy xazinalari: hashamatli zardo‘z cho­pon hamda aksessuarlar, qo‘lda yasalgan yog‘och egar, firuza bilan kumushdan yasalgan jabduqlar, bejirim so‘zanalar (kashta), gilamlar, ipak adraslar, zargarlik buyumlari, bosh kiyimlar, mashhur sharqshunos rassomlarning 20 ta asari o‘rin olgan.

Ko‘rgazmada zardo‘z chopon­lar, Qurʼon suralari bitilgan chopon­lar, kashtado‘zlik, qoraqalpoq libosi, ipak choponlar, I.V.Savitskiy muzeyi kolleksiyasidagi rasmlar kabi bo‘limlar mavjud. Birinchi bo‘limda erkaklar milliy libosining asosiy elementlaridan biri – zardo‘z cho­ponlar bor. Ushbu ko‘rgazma oy­nasida Buxoro muzey-qo‘riqxonasi kolleksiyalaridan o‘rin olgan Amir Olimxon va otasi Abdulahadxon­lar kiygan shu turdagi choponlarni ko‘rish mumkin. Noyob eksponat­lardan yana biri Xiva shahridagi Ichan qalʼa muzey-qo‘riqxonasi kolleksiyasidagi chopondir. Cho­ponning yuqori qismi Qurʼon su­ralari bilan bezatilgan. Shuningdek, u yerda Toshkent, Jizzax, Samar­qand, Shahrisabz, Nurota, Buxoro kabi shaharlardagi so‘zana va kashtachilikning eng noyob namu­nalari ham namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmaning yana bir qismida shoyi, yarim ipak va paxtadan tikil­gan 24 ta anʼanaviy libos taqdim etilgan. Ularni viloyatlar bo‘yicha uchta asosiy guruh: Xorazm, Sa­marqand va Buxoro, shuningdek, Toshkent hamda Farg‘ona vodiysi shaharlariga bo‘lish mumkin.

Bu boy ko‘rgazmalar O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, anʼanalari jarchisi sifatida butun dunyo ahliga o‘tmish ajoyibotlari­dan darak berishi aniq.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish