Maʼnaviyat va maʼrifat azaldan inson hayoti uchun mustahkam qalqon vazifasini oʻtab kelayotgan beqiyos kuchdir. Bu ikki mustahkam tayanchsiz jamiyat va davlat yuksak taraqqiyotga erisha olmaydi. Darhaqiqat, maʼnaviyati, maʼrifati, iymon-eʼtiqodi butun xalq kelajakda buyuk davlat barpo eta oladi. Shu bois, davlatimiz rahbari mazkur masalaga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. 2023-yilning 22-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda davlatimiz rahbari Yangi Oʻzbekistonni barpo etishimiz, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun qudratli kuchga ega boʻlgan maʼnaviyat ustuvor ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Chunki bugungi globallashuv davrida voqelikni teran tahlil qilib, kuchayib borayotgan turli tahdidlarga nisbatan har qachongidan koʻra yanada ogoh boʻlib yashashni hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Ana shunday shiddatli davrda maʼnaviyat sohasidagi dolzarb muammolarning yechimini topish, xalqimiz maʼnaviyatini asrab-avaylash, ayniqsa, yoshlarimiz qalbi va ongini zararli gʻoya va mafkuralardan himoya qilish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.
Maʼrifatparvar ajdodlarimiz, xususan, jadid bobolarimizning boy maʼnaviy merosini atroflicha oʻrganish va uni hayotga tadbiq etish, Yangi Oʻzbekistonimizni barpo etish yoʻlida mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi. Binobarin, bugun har birimiz vatanparvar boʻlib, millatparvar boʻlib maydonga chiqishimiz darkor. Zero, Prezidentimiz kengash yigʻilishida taʼkidlaganidek: “Tarixdan maʼlum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga chiqayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur! ”
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev buning uchun, avvalo, mustahkam iqtisodiy asoslar kerakligini taʼkidlab, bu yil ijtimoiy sohaga eng koʻp 134 trillion soʻm mablagʻ ajratilgani aytdi. Bu – 2016-yilga solishtirganda, 5-6 barobar ziyod demakdir.
Davlatimiz rahbari quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratdilar: “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilingani soha rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Milliy anʼanalarimizni asrab-avaylash va boyitish maqsadida Respublika maqom, baxshichilik va askiya sanʼati markazlari tashkil etildi. Shuningdek, “Bahor” raqs ansambli, Davlat filarmoniyasi, Davlat simfonik orkestri kabi 20 dan ortiq muassasalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 11 ta yangi muzey, 2 ta teatr, 28 ta bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 5 ta oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi.
“Maqom”, “Baxshichilik”, “Hunarmandchilik”, “Lazgi” kabi xalqaro festivallarni o‘tkazish anʼanaga aylandi. 24 ta xorijiy mamlakatda, jumladan, qoʻshni davlatlarda “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” yuqori saviyada oʻtkazildi. YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga yana 9 ta milliy merosimiz namunasi, Buxoro shahri esa “Ijodkor shaharlar tarmogʻi”ga kiritildi. Shu yil sentyabrda YUNESKO Bosh qarorgohida buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligi keng nishonlandi. Poytaxtimizda Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi, hududlarda yangi ijod uylari qurildi. Samarali ijod qilayotgan adiblar imtiyozli asosda uy-joylar bilan taʼminlandi. Atoqli ijodkorlarimizning tavallud sanalari nishonlandi. Yosh isteʼdodlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Zomin seminari qayta tiklandi. Birinchi marta nashr etilgan 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari”, 30 jilddan iborat “Mustaqillik davri navoiyshunosligi”, “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari”, “Mard askarga sovgʻa” singari adabiy majmualarning yaratilishi maʼnaviy hayotimizda muhim voqea boʻldi.
Mazkur anjumanda davlatimiz rahbari 9 ta ustuvor yoʻnalishda oʻz fikrlarini bildirib, muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Birinchidan, maʼnaviyat va madaniyat sohasidagi ishlarimiz uchun metodik asos boʻlib xizmat qiladigan milliy gʻoyamizni rivojlantirish boʻyicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqilishi muhim ekanligi taʼkidlandi.
Ikkinchidan, madaniy-maʼrifiy sohadagi ishlarda hokimlarning masʼuliyati oshiriladi. Tuman va shaharlarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari ishga tushiriladi. Shu maqsadda, hududlardagi 4 ta sektorga qoʻshimcha ravishda maʼnaviyat sektori tashkil etilishi maʼlum qilindi. Ular joylardagi Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlarining ishchi tuzilmasi sifatida faoliyat koʻrsatadi.
Uchinchidan, teatr sanʼatini rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi. Unda eng yaxshi pyesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun Mannon Uygʻur nomidagi mukofot taʼsis etiladi. Korxona va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yoʻlga qoʻyiladi.
Toʻrtinchidan, 2024-yildan har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va toʻgarak xonalari boʻlgan bittadan madaniyat markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Joylardagi 600 dan ziyod badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash boʻyicha dastur qabul qilinib, bunga 100 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.
Beshinchidan, maqom va baxshichilik sanʼatini ilmiy asosda oʻrganish va rivojlantirish kuchaytiriladi. Maqom, katta ashula, baxshichilik, atlas va adras, kulolchilik va zargarlik kabi anʼanalarni davom ettiradigan maktablar yaratiladi.
Oltinchidan, musiqa va raqs sanʼati rivoji qoʻllab-quvvatlanadi. Jumladan, “Bahor” raqs ansambli ilgari Filarmoniya joylashgan mashhur sanʼat saroyida faoliyat yuritadi. Taniqli ashula va raqs ansambllarining xorijga gastrol safarlari koʻpaytiriladi. Musiqa va raqs sanʼati masalalarini ilmiy oʻrganish, sohada ilmiy kadrlarni koʻpaytirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar uchun grantlar joriy qilinadi. Shuningdek, Toshkent davlat sirki binosi taʼmirdan chiqariladi.
Yettinchidan, xalqaro maydonda oʻzbek madaniy diplomatiyasi kengaytiriladi. Kelgusi yili Toshkentda jahon kreativ iqtisodiyotiga bagʻishlangan konferensiya, Nukusda esa “Orol madaniyati” xalqaro ilmiy anjumani oʻtkaziladi. Muzeylar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha yetti yillik dastur qabul qilinadi. Tarix muzeyi hamda Sanʼat muzeyining yangi binolari barpo etiladi. Temuriylar tarixi hamda Tabiat muzeylarining ekspozitsiyasi yangilanadi. Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi kapital taʼmirlanadi.
Yurtimizning koʻhna tarixiga bagʻishlangan 18 ta arxeologiya yodgorligi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantiriladi. Samarqandda Sohibqiron Amir Temur bogʻlari qayta tiklanadi. Buyuk ipak yoʻli muzeyi barpo etilib, Bibixonim majmuasi restavratsiya qilinadi.
Sakkizinchidan, kino sohasi rivojlantiriladi. Bu borada “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli oʻtmishiga bagʻishlangan filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bunga xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar ham jalb etiladi. Shuningdek, bolalar uchun buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli haqida koʻp qismli animatsion filmlar yaratish zarurligi taʼkidlandi. Kinoni iqtisodiyot bilan uygʻun rivojlantirish maqsadida Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlarida erkin iqtisodiy kinohududlar barpo etish vazifasi qoʻyildi.
Toʻqqizinchidan, tasviriy va amaliy sanʼat sohasini rivojlantirish boʻyicha dastur qabul qilinadi. Jumladan, Markaziy koʻrgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, jihozlanadi. Badiiy fond hududida zamonaviy galereya binosi quriladi hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, boshqa tillarda taʼlim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini oʻrganishga ragʻbatlantirish choralari koʻriladi. Boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini oʻqitish soatlari koʻpaytiriladi. Oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi.
Darhaqiqat, jamiyatimiz bugungi kunda jadal tub oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bunday davrda har birimizga mustahkam tayanch zarur. Maʼnaviy va madaniy qadriyatlar, meʼmoriy yodgorliklar, umuman olganda, ajdodlarimizning boy madaniy va maʼnaviy merosi ana shunday tayanch boʻlib, xalqni, millatni birlashtirib olgʻa harakatlantiradi. Bu esa yoshlarimizning maʼnaviy, axloqiy jihatdan har tomonlama yetuk shaxs boʻlib shakllanishida, Vatanimizning yanada ravnaq topishida, shuning barobarida xalqimizning buyuk oʻtmishidan faxrlanuvchi millat farzandlari boʻlib kamol topishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston xalqining madaniy va maʼnaviy merosi ming yillar davomida yaratilgan bebaho boylikdir. Shubhasiz, noyob asarlarda yuksak darajadagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar mujassamlashgan. Shu tufayli ham ajdodlarimizning buyuk xizmatlari nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilib, ularning nomlari manguga abadiylashtirilgan. Xususan, Belgiya, Latviyada Ibn Sino va Mirzo Ulugʻbekka, Yaponiya, Rossiya, Ozarbayjonda Alisher Navoiyga, Misrda Ahmad Fargʻoniyga haykallar oʻrnatilgan.
Shunga alohida eʼtibor qaratishimiz joizki, yoshlarimizni maʼnaviy jihatdan barkamol boʻlib kamol topishlarida kitobsevarlikning oʻrni beqiyos boʻlib, butun yurtda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bugungi kunning muhim vazifasi hisoblanadi.
Ajdodlarimizning xotirasiga hurmat bajo keltirish ham har birimizning muqaddas vazifamiz boʻlmogʻi lozim. Bu borada qatagʻon qurbonlarining begunoh xotirasini tiklash boʻyicha olib borilgan va olib borilayotgan ishlar katta ahamiyatga molik. Ular orasida koʻplab madaniyat arboblari, jadidchilik harakatining yoʻlboshchilari, shoir va yozuvchilar: Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxoʻja Behbudiy, Ajziy, Abdulla Avloniy, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Hamza, Botu va boshqalarning unutilmas nomlari bor. Mustabid tuzum tomonidan jadidlarning taʼqib ostiga olinishi va qatagʻon siyosatining qurboniga aylanishi respublika hayotida ogʻir asorat qoldirdi. Shunday ekan, ularni doimo eʼzozlab esga olishimiz, xotirlashimiz va ularning xotirasini abadiylashtirish biz uchun ham farz, ham qarzdir.
Toshkentning Yunusobod tumani Boʻzsuv kanali boʻyida 2000-yilda Shahidlar xotirasi xiyoboni tashkil etildi. Shuningdek, 2001-yil 1-maydagi farmon asosida yurtimizda 31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni deb eʼlon qilinishi va nishonlanishi tarixiy ahamiyatga molik ish boʻldi. Jadid bobolarimizning maʼrifatparvarlik gʻoyalari ularning ijtimoiy-siyosiy qarashlari har jihatdan e'tirofga sazovor. Unda hozirgi kunimizda ham jamiyatni toʻlqinlantiradigan, hayajonga soladigan tarixiy vazifa va masalalar borligini sira ham unutmasligimiz kerak. Zero, buyuk ajdodlarimizning ulkan bebaho madaniy va maʼnaviy merosi Oʻzbekistonda yangi uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans davri uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilishi shak-shubhasizdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 16-iyulda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqlarida taʼkidlaganlaridek:
“Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtarakligi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari birgalikda farovon kelajakni bunyod etishimiz uchun mustahkam zamin yaratadi. Oʻzaro aloqalarni va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamasdan turib, bugungi kunda mamlakatlarimiz duch kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarni yengib boʻlmasligini chuqur anglash vaqti keldi. Biz farovonlik va taraqqiyotga erishish yoʻlida birgalikda rivojlanish istiqbollari boʻyicha yaxlit yondashuvlarni ishlab chiqishimiz lozim. Bizning oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyo, umuman, butun Yevroosiyo mintaqasini barqaror, iqtisodiy rivojlangan farovon hududga aylantirish vazifasi turibdi”.
Albatta, beqiyos maʼnaviy-maʼrifiy va tarixiy-madaniy meros shonli oʻtmishimiz hamda yorugʻ kelajagimizni bogʻlovchi mustahkam koʻprikdir.