Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAHALLA DRAYVERI: rivojlanish nuqtasi qayerda?

21.1.2023 641

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Har bir mahalla geografik joylashuvi, imkoniyati, asosan, aholining intilish va harakatidan kelib chiqib oʻzining rivojlanish nuqtasiga ega boʻladi. Namangan viloyatida ham yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida bir qancha sohalar rivojlanib, mahalla drayveriga aylanib bormoqda. Xususan, Toʻraqoʻrgʻon tumani “Toshkent” mahallasining yoshlar yetakchisi Dovudxon Aliyorov mahalla markazida kichik sanoat zonasini tashkil qilish orqali nafaqat ishsizlikni bartaraf qilish, balki mahallaning drayverini ham kashf etishni niyat qilgan.

 

Mahallada sanoat zonasi

Dovudxon ALIYOROV, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Toshkent” mahallasi yoshlar yetakchisi:

Mahallamiz tuman markazida joylashgani bois, yoshlarning bandligini taʼminlashda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va hunarmandchilik sohalariga koʻproq e’tibor beryapmiz. Mahallamzini rivojlantirishi mumkin bo‘lgan sohalar shular. 2022-yil davomida boʻlajak tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida hokim yordamchisi bilan birgalikda 9 nafar yoshga imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashdik. Ulardan biri shirinliklar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi. 4 nafar yosh oilaviy chorvachilik, yana bir nafari asalarichilik bilan shugʻullanyapti. 2 nafar yosh novvoyxona, yana biri kompyuter xizmatlari markazini ochdi. Ularni mahallamiz markaziga jamlab, hududimizda mo‘jaz sanoat zonasini tashkil qildik va shu yoʻl bilan yoshlar orasidagi ishsizlikni ham bartaraf etyapmiz.

Mahallamizda tadbirkorlar sonini koʻpaytirish maqsadida tadbirkorlar bilan kelishgan holda har chorakda biznes trening tashkil qilib, tadbirkorlikka qiziqqan yoshlarga tadbirkorlik darslari o‘tilyapti. Hozir yosh tadbirkorlarimiz soni 30 nafarga yetdi. Xizmat koʻrsatish shoxobchalarida, ustoz va shogird anʼanalari bilan band boʻlgan yoshlar esa 100 nafardan oshdi.

Sanoat zonamizda 5 nafar yosh 5 turdagi oʻquv markazi tashkil etdi. Ulardan biri “IT park” markazi boʻlib, bu yerda yoshlar zamonaviy kasblar va kompyuter savodxonligini oʻrganmoqda. Yaqin kunlarda mahallamizdagi sportchi yoshlar va murabbiylar bilan birgalikda “5 tashabbus” toʻgaragini ham tashkil qilish niyatidamiz.

 

Qoʻziqorin va shanpanyon

Chortoq tumanidagi “Boʻlon” mahallasi yoshlar yetakchisi Davronbek Rejabbayev yoshlar bandligini taʼminlashda tadbirkorlikning noodatiy turiga murojaat qildi. Daromad kutilganidek boʻlsa, yaqin kunlarda bu soha mahallaning drayveriga aylanadi.

 

Davronbek REJABBAYEV,  Chortoq tumanidagi “Boʻlon” mahallasi yoshlar yetakchisi:

Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning sonini koʻpaytirish maqsadida huddimizda joylashgan 41-maktabning foydalanilmayotgan boʻsh binosida qoʻziqorin va shanpanyon yetishtirishni oʻyladik. Buning uchun sohadan xabari boʻlgan Ulugʻbek Mirzaliyevga imtiyozli kredit va joy ajratib, tadbirkorlik bilan shugʻullanish imkonini yaratib berdik. Mahallamizda ilk bora yoʻlga qoʻyilgan gʻayrioddiy tadbirkorlik kutilgandan-da yaxshi samara berdi. Ulugʻbek daromad olish bilan birga, mahalladagi 4 nafar yoshning bandligini ham taʼminladi. Endilikda shu 4 nafar yoshning barchasi mustaqil qoʻziqorin va shanpanyon yetishtirib, oʻz tadbirkorligini boshlash niyatida. Men esa koʻp xarajat va maxsus bino talab qilmaydigan mazkur tadbirkorlik turini mahallamiz drayveriga aylantirishni maqsad qilganman.

 

Ko‘p yillik tarixga ega tajriba

Norin tumanidagi “Boyovul” mahallasining rivojlanish nuqtasini limonchilik. 535 ta xonadondan iborat mahalladagi hamma hovlda limonzorni uchratasiz. 1 sotix boʻsh joy boʻlsa ham uni issiqxonaga aylantirib, limon yetishtirish yoki limon koʻchatini koʻpaytirish bilan shugʻullanayotgan aholi yaxshi daromad topadi. Mahalladagi yoshlar yetakchisi Elshodbek Xudoyberganovning soʻzlariga koʻra, mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshni topish amrimahol. Hamma xonadon, har bir yosh limonchilik ortidan oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib olgan.

 

Elshodbek XUDOYBERGANOV, Norin tumanidagi “Boyovul” mahallasi yoshlar yetakchisi:

2008-yili Valijon hoji ota mahallamizga ilk bor limonariya sohasini olib kirib, yillar davomida shu sohaning rivojiga hissa qoʻshgan. Otaxon yaxshi daromad ola boshlagach, qoʻni-qoʻshnilar, qarindosh urugʻlar ham limon yetishtirish bilan shugʻullana boshlagan. Shu tariqa mahallada hamma limonchilikni o‘rgandi.

Hozir mahallada kimdir limon yetishtirsa, boshqasi limon koʻchatini koʻpaytiradi. Bu sohani yanada kengaytirish, yoshlarning sohadan daromad olishini yoʻlga qoʻyish maqsadida mahallamizda limonchilik boʻyicha oʻquv kursini ham tashkil etganmiz. U yerda Valixon hoji otaning farzandi, limonchilik boʻyicha mutaxassis Jasurbek Mahmudov dars beradi. Oʻquv kursi ikki usulda: amaliy va nazariy olib boriladi. Amaliy dars jarayonida oʻquvchilar Jasurbek Mahmudovning limonzorida sohani oʻrganmoqda.

Oʻtgan yili “Yoshlar daftari”ga olingan 27 nafar yosh limonchilik bilan shugʻullanib, oʻzini oʻzi band qildi. 4 nafariga subsidiya asosida issiqxona qurib berilgan bo‘lsa, 5 nafariga urugʻ-koʻchatlar uchun moddiy yordam ko‘rsatildi. 18 nafariga esa ijara assasida yer ajratib berildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish