“Mahalla yettiligi” mahalladagi muammolarni joyida hal etishda asosiy tayanchga aylandi. Xususan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Do‘stlik” mahallasida faoliyat olib borayotgan yettilik xodimlari fidoyilik bilan ishlamoqda. Buni ota-onalar fikridan ham bilish mumkin.
– O‘g‘lim Rustamjon Ro‘ziboyev 23 yoshda, – deydi “Do‘stlik” mahallasida yashovchi Sevara Xo‘jayeva. – O‘g‘limning xulqida o‘zgarishlar bo‘la boshladi, ichkilikka berilib, uyga kech kelardi, ba’zan kelmasdi ham. O‘zim tanbeh berib, to‘g‘ri yo‘lga qaytarolmagach, mahalladan yordam so‘rashga majbur bo‘ldim. Mahalla raisi, profilaktika inspektori va yoshlar yetakchisi kelib vaziyatimni o‘rgandi. O‘g‘lim nazoratga olinib, profilaktika inspektoriga biriktirildi. Biroz vaqtdan so‘ng Rustamjonni harbiy xizmatga yuborish kerakligini, u yerda xulqi yaxshilanib, to‘g‘ri yo‘lga qaytishini aytishdi. Men qarshilik qilmadim. Hozir o‘g‘lim Qarshi shahrida bir yillik harbiy xizmatni o‘tamoqda. Xizmatdan qaytgach, o‘g‘limning kasb-hunar egallashi uchun ham yordam berishlarini bildirishdi.
Sentabr oyidan yangi o‘quv yili boshlanadi. O‘quv yili oldidan maktab o‘quvchilari o‘quv qurollari, maktab uchun kiyimlar xarid qilishadi. Biroq ayrim xonadonlar, yoshlar borki, ularning oilaviy ahvoli yomonligi, kam ta’minlangani sabab yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishda muammolarga duch kelishadi. Shunday qiyin vaziyatlarda mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari yoshlarning sharoitini o‘rganib, ularga yordam bermoqda.
– Yoshim 16 da, maktab o‘quvchisiman, – deydi Buxoro shahar “Bog‘idasht” mahallasida istiqomat qiluvchi Azizabonu Tulayeva. – Otam va onam kassaligi sababli og‘ir ahvolga tushib qolgan edik. Ukam ham maktab o‘quvchisi. Maktab boshlanishiga oz vaqt qoldi. Oldimizda maktab formalari va o‘quv qurollarini olish muammosi turgan edi. Mahallamizga yangi kelgan yoshlar yetakchi Mustafo Ismatov oilaviy ahvolimizni o‘rganish uchun uyimizga keldi. Biz maktabga tayyorgarlik ko‘rish uchun imkoniyatimiz yetmasligini aytdik. Shundan keyin yoshlar yetakchisi bizni shahar hokimi qabuliga olib bordi. Hokim bilan uchrashuvdan keyin muammomiz ijobiy hal etildi. O‘qishni davom ettirishimizdan xursandmiz.
Eng yaxshi sarmoya – ta’limga tikilgan sarmoya. Yoshlar siyosatida ham asosiy urg‘u yoshlar ta’limi va bandligini ta’minlashga berilmoqda. Shu sababdan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan katta mablag‘lar ta’lim uchun ajratilmoqda, muhtoj yoshlarning kontrakt summalari to‘lab berilmoqda. Yurtimizda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi. Har bir yosh nazoratga olinib, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, kasb egallashi, o‘qishi uchun imkoniyat yaratib beriladi. Surxondaryolik Muhriddin ham kontrakt to‘lashda muammolarga duch keldi. Shartnoma puli to‘lanmasa, o‘qishni tashlashi kerak, lekin u o‘qishni xohlaydi. Shunday vaziyatda yoshlar yetakchisi yordamga keldi.
– Yoshim 21 da, – deydi Sariosiyo tumanidagi “Billur” mahallasida yashovchi Muhriddin Hamroqulov. – Bizning oilada faqatgina otam ishlaydi, oilaviy sharoitimiz yaxshi emas. Men va ukam kontrakt asosida o‘qiymiz. Kontrakt to‘lamasak o‘qishimizni davom ettira olmasdik. Mahallamiz yoshlar yetakchisi Dilmurod Sattorovga oilaviy ahvolimiz haqida aytib, bizga yordam berishlarini so‘rab murojaat qildik. Yetakchimiz murojaatimni, oilaviy sharoitimizni o‘rganib chiqib men va ukamning kontraktini to‘lash uchun “Yoshlar daftari”ga tavsiya berdi. Ushbu imkoniyat o‘qishni davom ettirishimiz uchun bizda umid uchqunini uyg‘otdi. Yoshlar yetakchisi o‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda ishlab daromad topishim uchun g‘alladan bo‘shagan yerlardan 50 sotix ekin yer maydoni olib berdi. Hozir ukam bilan dalada mehnat qilyapmiz. Yerdan topayotgan daromadimizdan kontraktimizni to‘lash uchun foydalanamiz.