Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Mahalla yettiligi”: Yoshlar ko‘proq kimga suyanmoqda?

27.5.2024 605

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV yozib oldi.

Prezident farmoni bilan respublikamiz mahallalarida tashkil etilgan “mahalla yettiligi” vakillari mavjud muammolarni, imkoniyatdan kelib chiqib, mahallaning o‘zida hal etmoqda. Yettilik faoliyati samaradorligi yuzasidan so‘rovnomalarimiz davom etadi. Biz har bir mahallaga kirib, yoshlar va yettilik faoliyatiga baho bermoqdamiz.

– Mahallamiz yoshlar yetakchisi Mustafo Ismatov xatlov jarayonlarida xonadonimizga kelib, muammolarimizni o‘rganayotganda kontrakt to‘lashda qiynalayotganimni aytgan edim, – deydi Buxoro shahar Hamid Olimjon mahallasida yashovchi Farrux Hotamov. – Shundan keyin mahalla raisi va yoshlar yetakchisi uyimga kelib, oilaviy holatimni o‘rgandi. Onam bir necha yil oldin vafot etgan, otam boshqa turmush qurib ketgan, 2 nafar akam ruhiy kasal. Yagona boquvchi o‘zimman. Mahallamiz yoshlar yetakchisi meni “Yoshlar daftari”ga kiritib, kontraktimni to‘lab berdi. Xarob holatga kelib qolgan uyimizni Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid Tursunov tashabbusi bilan qaytadan qurib berildi. O‘qiyotgan mutaxassiligim bo‘yicha ish ham topib berishdi. Hozir oz bo‘lsa-da daromad topaman, oila tebratishga yetib turibdi.

Yoshlar yetakchilari bilan suhbatlashar ekanmiz yoshlar murojaatlarining aksariyatini kontrakt to‘lovi va ishsizlik masalalari tashkil etayotgani oydinlashadi. Yoshlarning murojaatlari o‘rganilib, “Yoshlar daftari”ga kiritilmoqda. Kontrakt to‘lashga qiynalayotgan oila farzandlarining kontrakt summalari to‘lab berilyapti. Ishsiz yoshlar qiziqishi va iqtidoridan kelib chiqib kasb-hunarga yo‘naltirilmoqda. Tadbirkorlikni boshlash istagidagi yoshlarga hokim yordamchisi imtiyozli kreditlar tavsiya etmoqda.

– Farzandlarim kichikligi uchun biror joyda ishlay olmasdim, – deydi Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi “Xudoyzod” mahallasida yashovchi Zarnigor Nurqobilova. – Uyda daromad topish istagini bildirib, mahalla raisi A’zam Karimovga murojaat qildim. U kishi mahallada yangicha tizim joriy etilganini, yoshlar bilan ishlaydigan alohida yetakchi lavozimi borligini aytdilar.  Shundan so‘ng mahallamiz yoshlar yetakchisi Ug‘iloy Arabovaga uchrashdim va oilaviy sharoitim og‘irligini, ijtimoiy himoya yagona reyestrida turishligimni bildirdim. Ug‘iloy Arabova meni “Yoshlar daftari”ga tavsiya qildi. Menga 1000 ta tuxumga mo‘ljallangan inkubator berildi. Hozir inkubatordan ochib chiqqan jo‘jalarni parvarishlab, sotib daromadga ega bo‘ldim. 3 kishi ish bilan band bo‘ldi. 2024-yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili deb nomlanganida juda xursand bo‘ldim. Chunki parrandachilikka asoslangan oilaviy korxona ochmoqchiman. Hokim yordamchisidan 33 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditga tavsiya oldim. Mahalla xodimlarining qo‘llab-quvvatlashi natijasida nafaqat daromad olyapman, balki tadbirkor sifatida shakllanyapman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish