Mahalladagi yoshlar yetakchilari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va bandligini ta’minlash yo‘nalishida qator loyihalarni hayotga tatbiq qilmoqda. Shahrisabz shahar “Katta Novqat” mahallasi yoshlar yetakchisi Farrux Suyunov ham mahallasi yoshlariga qulay imkoniyatlar yaratish yo‘lidan bormoqda. Uning tashabbusi bilan mahallada sport to‘garaklari tashkil etilgan. Har bir to‘garakning rahbari va faol a’zolari bor. Tashabbusning afzalligi – barcha yoshlar bepul ishtirok etishi mumkin. Natijada mahalla yoshlarining “Besh tashabbus olimpiadasi”dagi ishtiroki samarali bo‘lmoqda.
Masalan, kikboksing to‘garagiga ikki karra O‘zbekiston chempioni Doniyorbek Botirov rahbarlik qilmoqda. U 92 nafar yoshga kikboksing sirlarini o‘rgatyapti. Joriy yil 16–18-fevralda mahalla yoshlari kikboksing bo‘yicha Qashqadaryo viloyati chempionatida 3 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Xurshid Po‘latov murabbiyligidagi kurash to‘garagida 27 nafar yosh shug‘ullanmoqda. Shaxmat, shashka, stol tennisi va futbol sport turlari bo‘yicha ham to‘garaklar tashkil etilgan. Futbol sirlarini o‘rganishni istagan 50 dan ziyod yoshlarga “Sho‘rtan” futbol klubi yoshlar jamoasida o‘ynaydigan Mirjalol Xo‘jamov ustozlik qilib kelmoqda. Stol tennisi bo‘yicha Feruza Yusupova rahbarligida to‘garak tashkil etilib, 22 nafar yoshlar jalb qilingan.
Mahallada “Zakovat” klubi ham mavjud. Fayoza Ashurova boshchiligidagi klub yoshlari shahar miqyosida o‘tkazilgan “Zakovat” turnirlarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.
– Mahallamizda futbol maydoni yo‘q edi, – deydi “Katta Novqat” mahallasi yoshlar yetakchisi Farrux Suyunov. – Mahalla ahli birgalikda futbol maydonini qurib bitkazdik. Har kuni futbol musobaqalari o‘tkazamiz. Yoshlar yetakchisi sifatida yoshlarimizni ushbu to‘garaklarga qatnashishga, o‘z ustida ishlashga va doimo oldinga intilishga undayman. Yoshlarimizning qiziqishlari va talablariga ko‘ra qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish ishlarini ham boshlaganmiz.