Mahallamizda istiqomat qiladigan taniqli rejissyor Ibrohim Rasulovga ko‘pchilik yoshlar havas qiladi. Yoshlar u kishiga shogird tushish istagini bildirgach, mahalla raisi, hokim yordamchisi bilan birgalikda mahallada boʻsh turgan binoni olib, yoshlarimiz uchun “Sanʼat va madaniyat maktabi”ni tashkil etdik.
Avvalo, Ibrohim Rasulovni bepul dars oʻtishga koʻndirdik. Keyin mahalla tadbirkorlaridan mazkur sanʼat maktabining ochilishi uchun yordam soʻradik. Jamgʻarilgan 200 million soʻmga eng zarur uskuna va jihozlar sotib oldik. Binoni esa hashar yoʻli bilan taʼmirladik.
Hozirgi kunda 40 nafar yosh ushbu maktabda rejissyorlik, aktyorlik, grimyorlik, ovoz yozish, foto va video montaj, qoʻshiqchilik yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olmoqda. Mazkur maktabda taʼlim olgan yoshlarning 5 nafari O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga oʻqishga qabul qilindi. Yana koʻpchilik yoshlar olgan bilimlari asosida oʻzlari qiziqqan sohada ishlab, daromad olishni ham boshladi.
Mahallamizda sanʼat maktabi faoliyat boshlagach, koʻpchilik yoshlar axborot texnologiyalari markazini ochish taklifini bildirishdi. Dastlab, mahallamizda joylashgan 255-maktabda tashkil etishni oʻyladim, biroq maktabda shart-sharoitlar yetarli bo‘lmagach, shahar deputati Murodxon Joʻrayevdan yordam soʻradik.
Murojaatimizga binoan, maktab kompyuter xonasi 20 ta eng zamonaviy kompyuter jamlanmasi bilan jihozlab berildi. Hashar yoʻli bilan kompyuter xonani qaytadan taʼmirladik. Bu yerda haftasiga olti kun – uch kun qizlar, uch kun oʻgʻil bolalar axborot texnologiyalari sohasini o‘rganmoqda. Toʻgarak aʼzolarining ilk ishi maktabning elektron kutubxonasini tashkil qilish boʻldi. Keyin maktab “Moduli”ni shakllantirishdi. Unda har bir oʻquvchi modul boʻyicha baholanadi. Mazkur tizimda oʻquvchilar davomati, kunlik oladigan baholari, faolligi, fan, sport olimpiadalariga qatnashishi va natijalari, innovatsiyalar yaratishiga qarab, ball jamgʻarib boradi.
Har chorak yakunida eng koʻp ball jamgʻargan 10 nafar oʻquvchining Oʻzbekiston hududidagi tarixiy obida va shaharlarga bepul sayohatini yoʻlga qoʻydik. Bundan ruhlangan o‘quvchilar koʻproq ball yigʻib, maktabning top 10 talik oʻquvchilaridan biriga aylanishga intilmoqda.
Axborot texnologiyalari markazda taʼlim olayotgan yoshlar turli dasturlar yaratib, oyiga 2-3 million soʻm atrofida daromad topmoqda. Hozirga qadar markazimizda 100 nafardan ortiq yosh taʼlim olib, koʻpchiligi oʻz bandligini taʼminladi.
Shu kunlarda hashar yoʻli bilan mahalla yoshlari uchun sport maydonchasi qurmoqdamiz. Bunda ham bizga mahallamiz tadbirkorlari homiylik qilyapti.