Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi ijod maktabida kitobxonlikni targʻib qilish yosh avlodni maʼnaviy jihatdan boyitish, ularning bilim olishga qiziqishini oshirish, nutq madaniyatini rivojlantirish va ijodiy fikrlash qobiliyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kitob – bilim va donolik manbayi, insonning ruhiy va intellektual taraqqiyotida o‘ta muhim rol o‘ynaydi. Bugungi kunda kitobxonlikni rivojlantirish uchun ijod maktabimizda salmoqli ishlar tashkil qilinmoqda. Yaqinda ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” bahslarining respublika bosqichida Ogahiy ijod maktabi jamoasi munosib ishtirok etdi. “Yosh kitobxon” tanlovining mahalla bosqichida 61 nafar oʻquvchi qatnashdi va ularning 27 nafari keyinga bosqichga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Bu kabi natijalarda 10 mingdan ortiq kitob jamlangan maktab kutubxonasining oʻrni katta.
O‘quvchilarga xalqimizning madaniy merosi, qadriyatlari, tarixiy shaxslari va ularning mehnati haqida bilim berish ma’naviy tarbiya yo‘nalishidagi asosiy qadamdir. Bu ularning o‘zligini anglash, milliy g‘ururini kuchaytirishga xizmat qiladi. “Vatan boʻylab sayohat” loyihasi doirasida oʻquvchilarni viloyatning qadimiy qadamjolari, xususan Ichan qalʼa majmuasi bilan doimiy ravishda tanishtirib borish belgilab qoʻyilgan.
Maktablarda buyuk shoir va yozuvchilar asarlaridan foydalanib, adabiy kechalar, maʼnaviy suhbatlar o‘tkazish yoshlarning kitobxonlikka, ilm olishga qiziqishini oshiradi. Shuning uchun har haftaning juma kuni ijod maktabida taniqli ijodkorlar bilan davra suhbatlari, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Ota-onalar va o‘qituvchilar orasidagi hamkorlik, o‘quvchining o‘qishdagi muvaffaqiyatlari va xulq-atvori haqida muntazam muloqot qilish muhim ahamiyatga ega. Chunki o‘quvchining tarbiyasi va dunyoqarashi shakllanishida oilaning o‘rni katta.
Oʻquvchilarimiz boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun maktabimizda 11 ta toʻgarak oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻygan. Oʻquvchilar ijod, musiqa, jurnalistika, aktyorlik mahorati, robototexnika kabi toʻgaraklarda vaqtini mazmunli oʻtkazadi. Sinflarga tarbiyachi-pedagoglar biriktirilgani har bir oʻquvchining qiziqishlarini aniqlashda katta yordam beradi.
Yoshlar zamonaviy texnologiyalardan faol foydalanadigan avlod bo‘lganligi sababli, ularni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bilan shug‘ullantirishda ijtimoiy tarmoqlar va raqamli resurslardan foydalangan holda turli mavzudagi maqola, videoroliklar va multimedia materiallarini yetkazish samarali usuldir. Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik esa davr talabi. Shu maʼnoda oʻquvchilarimiz respublika va hududiy nashrlarda doimiy ravishda oʻz ijodiy ishlari bilan qatnashadi.
Maʼnaviy boylikka ega bo‘lgan yosh avlod, shubhasiz, kelajakda mustahkam jamiyat poydevorini yaratadi.