Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAKTABLAR QISHGA TAYYORMI?

26.10.2023 382

Muhayyo TOSHQORAYEVA, O‘z

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi muassasalarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda? Kelayotgan qish faslida talim maskanlarida isitish tizimi barqaror ishlaydimi?

Umumta’lim maktablaridagi isitish tizimining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashi, ulardagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining muntazam shay holatda saqlanishi dolzarb vazifalardan.  

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bugungi kunda respublika bo‘yicha jami 10 ming 118 ta umumta’lim maktabi va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu umumta’lim maktablarining 3 ming 284 tasi yoki 32,5 foizi tabiiy gaz yoqilg‘isida, 23 tasi yoki 0,2 foizi suyuq yoqilg‘ida, 6 ming 807 tasi yoki 67,3 foizi ko‘mir yoqilg‘isida, 4 tasi yoki 0,04 foizi elektr energiyasi bilan isitiladi.

Mavjud 6 ming 386 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 2 ming 300 tasi yoki 38,7 foizi tabiiy gaz yoqilg‘isida, 3 ming  599 tasi yoki 60,6 foizi ko‘mir yoqilg‘isida, 37 tasi yoki 0,6 foizi elektr energiyasi bilan isitilmoqda. Vazirlik tizimidagi 1 ming 128 ta ta’lim tashkiloti, jumladan, 511 ta maktab hamda 617 ta bog‘cha binosi markaziy isitish tarmog‘iga ulangan. 158 ta maktab binosi qo‘lbola pechlarda isitiladi.  

Qayd etilishicha, ta’lim tashkilotlarida elektr ta’minotini tejash maqsadida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 390 ta hamda mahalliy byudjet va homiylik mablag‘lari hisobidan 1 ming 97 ta maktabga quyosh panellari o‘rnatildi. 2 ming 107 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 511 tasiga quyosh panellari va 100 tasiga quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilda 2 ming 229 ta maktabgacha ta’lim va 2 ming 335 ta maktabning lokal isitish tizimlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish belgilangan. 

Mazkur hujjatga asosan, ayni vaqtda rejaga kiritilgan ta’lim tashkilotlari lokal isitish tizimlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish bo‘yicha tegishli vazirlik va tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda zarur ishlar olib borilmoqda.  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish