Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAKTABLAR YETISHMOVCHILIGI 1 milliondan ortiq o‘quvchiga o‘rin yo‘q

11.9.2023 1318

O‘zbekistonda bu yil 732 ming nafardan ortiq bola 1-sinfga qadam qo‘ydi. Oxirgi o‘quv yilida maktabni bitirgan o‘quvchilar esa 387 ming nafarni tashkil qiladi. Maktabga qabul qilingan o‘quvchilar soni qariyb ikki barobar ko‘p. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, bir yil ichida nechta maktab qurildi?

Hozir O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab 5 million 200 ming o‘quvchini qabul qila oladi. Ularda esa 6 million 745 ming o‘quvchi tahsil olmoqda. Bir necha yil oldin sobiq Xalq ta’limi vazirligi 2026-yilgacha o‘quvchilar soni 7,5 million nafarga yetishini prognoz qilgandi. Ya’ni bizda taklifga nisbatan talab ortib ketmoqda, maktablar yetishmovchiligi esa hanuzgacha dolzarb muammo bo‘lib turibdi.

Bu masala bugunning gapi emas, albatta, yillarki ommaviy axborot vositalarida, yuqori minbarlarda ham bu xususda to‘xtalinadi. 2021-yilda esa Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov respublikada 3 mingdan ortiq maktab ta’mirtalab, o‘quvchilarga 1 million o‘rin yetishmasligi, shu sabab 70 foiz maktabda darslar ikki smenada o‘tilishi haqida ta’kidlagandi. O‘shanda O‘zbekistonda o‘quvchilar soni (6,24 mln.) maktablarning loyihaviy quvvatidan (5,06 mln.) sezilarli darajada ortib ketgani ma’lum bo‘lgandi.

2022-yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish (hozir Iqtisodiyot va moliya) vaziri Jamshid Qo‘chqorov bu yil maktablarni 500 ming bola bitirganini, birinchi sinfga esa qariyb 700 ming bola kelayotganini eslatib o‘tgandi.

Har yili maktablar yetishmovchiligi mavzusi ko‘tariladi-yu, bir onda xotiramizdan o‘chib ketadi. Aksariyat umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning bitta sinfdagi o‘rtacha soni 31 nafarga yetgan. Markaziy hududlarda esa 40-45 nafar bola o‘tirgan sinfni ko‘rsak ham ajablanmaymiz. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2017-yilda tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida”gi nizomda sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan. Psixologlarning ta’kidlashicha, sinfdagi o‘quvchilar soni nazariyada 25 nafardan oshmasligi kerak, lekin nizomda 35 nafar, amalda esa undan ortiq.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida maktablar soni bor-yo‘g‘i 437 taga – 2016-yildagi 9692 tadan 2021-yilda 10129 taga ko‘pay­gan. 2022-yilda 40 ta maktab qurilishi rejalashtirilgan edi, biroq o‘tgan yilda nechta yangi maktab qurilgani haqida ma’lumotni birorta mas’ul tashkilotdan ololmadik.

Bu muammo barchaga ayon, yildan-yilga o‘quvchilar soni ortib bormoqda. Xo‘sh, bu vaziyatda keraklicha chora-tadbirlar ko‘rilyaptimi, biz bu ahvolga yetib kelishimizga nimalar sabab bo‘ldi? Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z intervyusida maktablar defitsitligini quyidagicha izohlaydi:

“2002-yildan 2016-2017-yillargacha O‘zbekiston avval 9 yillik majburiy ta’lim va 3 yillik akademik, kasb-hunar ta’lim tizimiga o‘tgan edi. Ya’ni maktablar qurilgani yo‘q, lekin mingdan ortiq akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qurilgandi. Maktablarga bo‘lgan yuklamaning bir qismini yuqori sinflarda kollej yoki akademik litseylar tizimiga ko‘chirgan edik. Ya’ni 1 mln. 200 ming nafar ortiqcha yuklama 3 ta sinfga taalluqli yuklama hisoblanadi.

Misol uchun, hozirgi kunda kichik sinflarda bir yilda 750 minggacha o‘quvchi bo‘ladigan bo‘lsa, yuqori sinflarda 400-450 minggacha o‘quvchi mavjud. Buni oldindan prognoz qilishimiz, ya’ni 11 yillik ta’limga qaytishimizning oqibatlarini hisob-kitob qilib, buning iqtisodiy oqibatlarini ko‘z oldimizga keltirishimiz zarur edi.

Endi nima bo‘lyapti? 2019-2020-yillarga kelib, 10-11-sinfdagilar maktabni to‘liq tamomlash sikliga o‘tgandan keyin o‘quvchilar yuklamasi maktablarda haddan tashqari ortib ketganini ko‘rdik. Ayniqsa, shaharlarda, viloyatlar markazlarida. Chunki 2017-2019-yillarda nafaqat maktablar 11 yillik tizimga qaytdi, balki ichki migratsiya jarayonlari ham kuchayib ketdi. Juda ko‘p ota-onalar, ishchi kuchi, mehnat resurslari qishloqlardan shaharlarga, xususan, Toshkent shahriga, viloyat markazlariga ko‘chishni boshladi. Bu o‘z-o‘zidan yirik shaharlarda davlat ta’lim sistemasida mavjud yuklamadan ham ko‘proq yuklamani bera boshladi. Afsuski, shu narsalarni oldindan prognoz qilib, oqibatlarini o‘ylaganimiz yo‘q.

E’tibor bering, 2016-2017-yillarda bu muammo, ya’ni ortiqcha yuklama masalasi ko‘tarilmagandi. 2020-2021-yillardan boshlab bu muammo aniq ko‘rina boshladi. O‘shanda yechimlar haqida o‘ylanganda biz xususiy maktablar tizimini rivojlantirish va unga rag‘bat berish orqali ko‘rishni boshladik. Bu xususiy maktablar tizimining kengayishi, rivojlanishi ma’lum bir yuklamani oladi. Ayniqsa, yuqori daromadga ega qatlamdagi ota-onalarning farzandlarining ta’limga bo‘lgan ehtiyojini qoplaydi, lekin biz faqat shu urg‘u bilan to‘xtab qoldik. O‘tgan yilda mavjud maktablarning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib qo‘shimcha maktab binolarini qurish orqali 60 ming nafar qo‘shimcha o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lgan korpuslar qurildi. Bizda yiliga busiz ham 200 ming o‘quvchi yuklamasi ortib boryapti. Biz qo‘shimcha o‘quvchi korpusini qurish orqali 60 ming darajadagi yuklamani olyapmiz, xolos. Ya’ni yuklamani kamaytirmayapmiz, bunga ulgurolmayapmiz.

Ko‘pchilik bu tizim yaqin 5 yillikning muammosi, 5 yildan keyin, misol uchun, 2027-yilga borib, yana muvozanatga qaytamiz deb o‘ylashi mumkin. Men bunday deb o‘ylamayman. Hali bizda demografik dividend 2030-yilning o‘rtalarigacha davom etsa kerak. Chunki hozir yiliga 920 ming nafar bola tug‘ilayotgan bo‘lsa, 2030-yilga borib maktablarga 1-sinfga chiqayotgan bolalar soni 750 ming emas, 920 ming bolaga ko‘payishi va shuncha yuklama berishi mumkin degani. Ya’ni bu o‘z-o‘zidan so‘rilib ketadigan jarayon emas. Biz kamida 10-15 yillik yuklama ortib borishini hisobga olgan holda infratuzilmaga ko‘proq pul tikishimiz kerak”.

O‘zbekiston PIRLS tadqiqotlarida qatnashganda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligi bo‘yicha 57 ta mamlakat ichida 49-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston qayd etgan o‘rtacha ball tadqiqotda belgilangan o‘rtacha baldan anchagina past.

Tahlilda bu natijalarga nimalar ta’sir qilgani ham taqdim etilgan. Shularga qaraydigan bo‘lsak, unda maktablardagi resurslar yetishmovchiligi ham o‘quvchilarning natijasiga ta’sir qilgani yozilgan. Masalan, bizda 2-3 smenali maktablar bor, kutubxona, o‘quv ko‘rgazmali qurollari deyarli yo‘q joylar bor. Ya’ni sinfda o‘quvchilar soni ko‘pligi, maktab kutubxonalarida kitoblarning bor-yo‘qligi, umuman, maktabdagi resurslar yetishmovchiligi o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasiga xohlaymizmi yo‘q, o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Shu boisdan bugun maktablar qurilishi biz uchun eng asosiy masala bo‘lishi kerak. Bugungi O‘zbekiston xarajatlarining, shu jumladan, tashqi qarzlarning ham juda katta qismi samarasiz va kechiktirsa hech narsa o‘zgarmaydigan yuzlab qurilishlarga sarflanmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan byudjet sarfi ortishiga olib keladi. Birgina ko‘ngilochar maskanni qurishga yuzlab maktablar qurilishiga yetadigan pullar sarflanyapti. Bugungi maktablarimizdagi ahvolni ko‘ra turib, bunday jimjima va hashamga o‘chlikni qanday oqlash mumkin?

Hozir yiliga 920 ming nafar bola tug‘ilayotgan bo‘lsa, 2030-yilga borib 1-sinfga chiqayotgan bolalar soni 750 ming emas, 920 ming bolaga ko‘payishi va shuncha yuklama berishi mumkin degani.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish