Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAKTABLARDA 64 XIL KASB O‘RGATILADI

25.1.2023 1469

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Dunyo rivojlanyapti. Sun’iy chegaralar olib tashlanyapti. Insonlarda dunyoni, uning ilmlarini o‘rganishga qiziqish ortyapti. Iqtisodiyot yuksalmoqda. Albatta, O‘zbekiston ham bu jarayonlardan chetda emas. Bizga ham millionlab mehmonlar, sayohatchilar kelmoqda. Bu O‘zbekistonda til o‘rganishni dolzarb masalaga aylantirmoqda. Til o‘rganish insonni boshqa madaniyatlarga yaqinlashtiradi. Chet tilini bilish yoshlarning kelajakda yaxshi ish topishi, yaxshi maosh olishiga kafolat bo‘la oladi.

Yoshlar kelajagi haqida gap ketar ekan, ularning hayotida nafaqat xorijiy til, balki kasb-hunar ham salmoqli o‘ringa ega. Hunarli xor bo‘lmas deganlaridek, yoshligidanoq biror kasbning boshini tutgan, dunyo ilmlarini o‘rganish uchun biror chet tilini bilgan kishi har qanday vaziyatda ham o‘ziga ish topib, yaxshi yashay oladi.

Yoshlarni bunday tarbiyalash esa, avvalo, maktablar chekiga tushgan. 11 yil bola biror chet tilini mukammal o‘rganishi, kasb-hunar egallashi uchun yetarli vaqt. Ammo... Maktablarimizda bugun ahvol talab darajasida emas. Masalan, 11 yil maktabda o‘qigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yo‘qligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelmoqda. Kasblar boʻyicha zarur jihozlar yoʻqligi, mavjudlari ham maʼnan eskirgani sababli barcha kasbiy fanlar va amaliy mashgʻulotlar faqat auditoriyalarda nazariy shaklda olib borilishi oʻquvchilarning kasbga qiziqishi hamda davomatiga salbiy taʼsir koʻrsatib keladi.

Aynan shuning uchun o‘quv muassasalari zamonaviy bilim olish bilan bir qatorda, oʻquvchi-yoshlarda hayotiy koʻnikmalarni shakllantirib borish, oddiy qilib aytganda, yoshlarni kasb tanlashga, ijodiy fikrlashga yoki konstruksion buyumlardan materiallar yasashda, elektr chirogʻi patronini oʻrnatish, uydagi suv tarmoqlari toʻgʻrisida, shuningdek, yogʻochga ishlov berish, uy-roʻzgʻorda kichik taʼmirlash ishlarida hayotiy koʻnikmalarni shakllantirib berolmayotgani hech kimga sir emas.

20-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda yuqoridagi kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblarga o‘rgatiladigan bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammo”.

Uchbu tajribani joriy etish uchun har bir viloyatdan bittadan shahar va ikkitadan tuman tanlab olinib, ulardagi 2 mingdan ortiq maktablarning sharoiti, pedagoglar malakasi, o‘quvchilarning kasb-hunar va xorijiy tillarga qiziqishi o‘rganildi. Shu bois hokimliklarga tanlab olingan maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bunga yoshlar yetakchilari va tadbirkorlar ham jalb etilib, “Yoshlar jamg‘armasi”dan mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Endilikda o‘quvchilar axborot texnologiyalari va “kreativ industriya” bo‘yicha zamonaviy kasblarga o‘rgatiladi. Chet tillarini sifatli o‘rgatish uchun maktablarga “til egasi” bo‘lgan pedagoglar jalb qilinib, Prezident maktablarining til o‘rgatish tajribasi, darslik va dasturlari tatbiq etiladi.

Demak, yoshlar siyosatiga doir qarorlar, berilgan topshiriqlar ham amalda o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatib, ularning til o‘rganish va kasb egallashdagi muammolari o‘z yechimini topadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish