Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ma’naviyatli maymunlar (zamonaviy rivoyat)

26.10.2023 1828

Sanjarbek IKROMOV

Ajoyib kunlarning birida, bir necha maymunzoda ziyoli bo‘lishni istab qolishdi. Bu boshqa turdoshlar o‘rtasida ikki xil holat keltirib chiqardi: birlari maymunlar fikrini qo‘llab-quvvatladi. Haqiqatan, odamzod ziyoli bo‘lib kam bo‘lyaptimi?! Hayvonlar ichidagi hukmronlik, obro‘ ularda-yu maymunlarda banandan o‘zga hech vaqo yo‘q!

Ikkinchi guruh esa taklifga qo‘shilmadi. Nima qilishadi boshiga g‘avg‘o orttirib, hayronman. Xudo berganiga shukr qilib tinchgina o‘tirmaydimi daraxtida likillab. Hali qarab turasiz, boshiga yetadi shu ishlar!..

Birinchi guruh vakillari chindan o‘qimishli bo‘lishga harakat qilishardi: yozuv kashf qilishdi; “Mamnuniyat bilan Maymuniyat!” nomli gazeta chiqara boshlashdi; turli uyushmalar tashkil qildilar… hammasi ikki qismli (bu barcha harakatlarning asosi edi) reja bo‘yicha ketardi. Ular har jihatda odamzodga taqlid qilardilar: erlar jonim, desa xotinlar begim, dedi; tebranma kursida o‘tirgancha qahva ichadigan; shanba kunlari bir-birini qo‘ltiqlagancha kinoga boradigan bo‘lishdi… xullas, insondek yashashardi.

Ikkinchi guruh esa o‘z holicha qoldi. O‘sha hayot, o‘sha turmush. Lekin qondoshlariga qarab turib gohi-gohida o‘ksib qo‘yishardi. Ichdan zil ketardi. Ammo ular hali genetikani bilmasdi, baribir ma’naviyatli maymun qonida oddiy maymunning, oddiy maymunnikida ziyoli maymunning qoni bor edi. Bu ularning halokati bo‘ldi… urush.

Bu ancha yillardan so‘ng yuz berdi, o‘shanda ziyoli maymunlar juda ko‘payib ketgandi; avval yangi yerlarni o‘zlashtirishdi, so‘ng baribir joy yetmay qolgach, uy-joy talasha boshlashdi. Ichki nizo kelib chiqdi. Shunda maymunlarning hokimi shlyapali boshini qashlab turib, chora topdi. Ana johil qondoshlarining shuncha yerlari bo‘sh-ku!

Narigilar esa sodda bo‘lsa-da, hali yerlarini berib qo‘yadigan darajada ahmoq emasdi. Jang boshlandi. Bilmayman, shu bilan qancha suvlar oqib ketdi…

Ikki tomondan sanoqsiz maymunlar halok bo‘ldi. Oxiri amallab ko‘zoynaklilar yengib chiqishdi. Ular insoniyatga taqlid qilib adashishmagandi; odamlarning qurollarini puxta o‘rganib chiqib, urushda qo‘llashdi. Ajabtovur salohlar: uzoq masofaga banan otuvchi Matusha; maymun yungidan tayyorlangan gaz va hokazolar… urushda foydasi tegdi.

Johil maymunlar boshi egik holda bu yerlardan uzoqqa ketishdi. Endi ular “o‘qimishlidan O‘zing asra!” deb duo qiladigan bo‘lishdi…

O‘sha kunlarda, ziyolilar maymunlarning orqasida turib, ish yuritgan gorillazodalar so‘nggi marta yig‘ilishdi. Ular birinchi ma’naviyat haqida gap ketgan kunda tuzib olgan rejaning ikkinchi qismini amalga oshirishga kirishdilar. Maymunlar odamga shu qadar taqlid qilishgandi-ki, hatto bani odamning o‘zi ham ajratolmas edi.

“Ma’naviyatchilar” bir tun shaharga kelishdi va ertalab minglab maymunlar odamlarga o‘xshab ishga jo‘nadi. QO‘SHILIB KETDILAR!…

… hozir men biqingan holda, kundalik qoralab o‘tirarkanman, maymunlar sezib qolishidan juda-juda qo‘rqyapman. Ular bugungi kunda Bosh rejalarining ikkinchi qismini ham bajarib bo‘lishdi. Maymunlar odamzot ustidan hukmronlik qilmoqda! Ishonmaysizmi?! Do‘stim, nahotki ayrim shlyapali janoblar maymunga o‘xshamasa? O‘ylab ko‘ring!

...ammo bir narsani nazardan qochirmang, siz o‘zi insonmisiz?

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish