Manipulyatsiya inson ongiga bilvosita ta’sir ko‘rsatish va uning qarorlariga yashirincha ta’sir qilish usulidir. Bu atama turli vaziyatlarda boshqalarning fikrini, qaror qabul qilish jarayonini, hatto harakatlarini o‘zgartirishga undaydigan psixologik texnikalarni anglatadi. Manipulyator odatda o‘z maqsadiga erishish uchun boshqalarning hissiy holatini, psixologik zaifliklarini yoki bilim yetishmovchiligini ekspluatatsiya qiladi. Bu shunchalik nozik amalga oshadiki, odamlar ko‘pincha manipulyatsiyaga uchraganini sezmay ham qoladi.
Sotuvchi mijozni qimmatbaho mahsulotni sotib olishga undash uchun “bu chegirma faqat bugun amal qiladi” degan iboradan foydalanishi mumkin. Bu xaridorda vaqt yetishmovchiligi hissini uyg‘otadi va u mahsulot zarur yoki unchalik zaruratsiz ekani haqida aniqroq o‘ylab ko‘rmasdan sotib olishga harakat qiladi. Bunday yashirin ta’sirni odamlar deyarli sezmaydi va uni oddiy hodisa sifatida qabul qiladi.
Ko‘pincha odamlar o‘z xatti-harakati va qarorlarini o‘zim boshqaryapman, deb o‘ylaydi. Aslida esa manipulyatorning rejasi bo‘yicha harakat qiladi. Manipulyator shunday vaziyat yaratadiki, siz o‘zingizni aybdor yoki noqulay his qilib, uning talablariga rozi bo‘lasiz. U boshqalarning mehribonlik, e’tirofga ehtiyoj, qo‘rquv yoki mavhum his-tuyg‘ularini ustalik bilan o‘z foydasiga ishlatadi.
Manipulyatsiya ochiq va yashirin bo‘lishi mumkin. Ochiq manipulyatsiya qo‘rqitish, tanbeh yoki tahdid bilan bo‘ladi. Yashirin manipulyatsiya esa maqtov, yolg‘on ma’lumot yoki shubha uyg‘otish orqali sezdirmay boshqarishdan iborat. Ikki holatda ham manipulyator faqat o‘z manfaatini ko‘zlaydi.
Fikrni boshqarish usullari
Atrofdagi hamma manipulyator bo‘lishi mumkin: do‘stlaringiz, hamkasblaringiz yoki hatto oila a’zolaringiz... Ularni aniqlash oson emas. Chunki ular ochiqdan-ochiq talab qo‘ymaydi, balki o‘z xohishlari asosida harakatlanishga majburlash uchun o‘ylangan strategiyalarni qo‘llaydi. Ba’zida uning o‘zi ham manipulyator ekanini bilmasligi mumkin.
Masalan, bolalar bilan supermarketga kirdingiz. Bolangiz sevimli o‘yinchoqni ko‘rib, uni olishni xohlaydi. U o‘z istagiga yetish uchun yig‘lash, chinqirish yoki yerga yotib olish kabi usullardan foydalanishi mumkin. Shu tarzda u sizni bosim ostida qoldirib, o‘z maqsadiga erishadi. Bolaga manipulyatsiya qilishni kimdir o‘rgatgan deb o‘ylash noto‘g‘ri, lekin bu uning ongida tabiiy ravishda shakllangan strategiyaning bir ko‘rinishidir.
Katta yoshdagilar orasida esa manipulyatsiya ko‘pincha o‘z-o‘zidan ro‘y beradi. Odamlar o‘zlarini xavfsiz his qilish, ustunlikni saqlash yoki muayyan maqsadga erishish uchun bu usulni bilib-bilmay qo‘llaydi. Masalan, do‘stingiz sizni biror joyga borishga ko‘ndirmoqchi bo‘lsa, “Sendan boshqa hamma borar ekan!” deb aytishi mumkin.
Atayin qilingan manipulyatsiya sizga ancha kuchli ta’sir qiladi. Deylik, ayrim rahbarlar xodimlarga motivatsiya berish o‘rniga psixologik bosim yoki strategiyalarni qo‘llaydi. Odatda, ular manipulyatsiyani maqtov yoki tanqid bilan amalga oshiradi. Maqtov bilan u xodimlarning mehnatga rag‘batini oshirayotgandek ko‘rinadi. Aslida bu ortiqcha yukni qabul qildirish yoki qo‘shimcha vazifalarni bajarishga majburlash uchun o‘ylab topilgan reja bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. “Siz eng yaxshi xodimimizsiz, bu ishni sizdan boshqa hech kim qila olmaydi”, deyilganda xodim ko‘pincha rad eta olmaydi va ortiqcha vazifalarni bajarishga majbur bo‘ladi.
Tanqid orqali manipulyatsiya esa teskari usulda ishlaydi. Bunda boshliq xodimning o‘ziga ishonchini pasaytirishga harakat qiladi. Masalan, “Sizning ish samaradorligingiz yaxshi emas,” yoki “Nega yaxshi ishlamayapsiz?” kabi gaplar orqali xodimni o‘z qobiliyatlarini shubha ostiga qo‘yishga majbur qiladi. Bu bosim ostidagi xodim ko‘proq ishlashga yoki boshliqning istaklarini bajarishga intiladi.
Qo‘rqitish va tahdid ham keng tarqalgan usullar. “Agar bu ishni bajarmasangiz, boshqa xodim topamiz” yoki “Xato qilsangiz, maoshingiz qisqaradi”, kabi ogohlantirishlar orqali xodimni ishlatish va undan ko‘proq natija olish maqsad qilinadi. Bu usullar insonning kelajagiga bo‘lgan qo‘rquvdan foydalanishga asoslanadi.
Qarshi himoya
Manipulyatorga “yem” bo‘lishingizning asosiy sababi o‘zingizga past baho berishingizdir. Manipulyatsiyadan to‘liq qochish qiyin, lekin himoya usullarini o‘rganish mumkin. Undan himoyalanish uchun birinchi qadam o‘zingizni yaxshiroq tanib olish va hissiyotlaringizga nisbatan hushyor bo‘lishdir.
O‘zingizni doim aybdor yoki bosim ostida his qilayotgan vaziyatlarni tahlil qiling. Hissiyotlarga berilib qaror qabul qilmang. Muhim qarorlar qabul qilishdan oldin vaqt ajrating, har qanday taklif yoki talabning oqibatini xolis tahlil qiling va kerak bo‘lsa, rad etishdan qo‘rqmang. “Yo‘q” deyishni o‘rganing. Bu oson emas, lekin zarur.
Ko‘pincha manipulyatorlar odamlarning “yo‘q” deya olmasligidan foydalanadi. O‘z qarorlaringizda qat’iy bo‘lish va chegaralarni belgilash orqali manipulyatsiyaga qarshi samarali kurashishingiz mumkin. Agar qaror qabul qilishda shoshqaloqlik qilayotganingizni sezsangiz, bir oz vaqt ajratib, vaziyatni tahlil qiling. Manipulyatorlar tez qaror qabul qilish yoki impulsiv harakatni kutadi.
O‘z-o‘zini rivojlantirish ham himoyalanishning muhim qismidir. Psixologik tushunchalarni o‘rganish, fikrni boshqarish usullari haqida ko‘proq bilish orqali siz boshqalarning ta’siridan qochasiz. Har qanday manipulyativ urinishga qarshi turish uchun mustahkam ichki kuch va o‘ziga ishonchni oshirish kerak.