Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MAQSUD SHAYXZODA - O‘ZBЕK VA OZARBAYJON ADABIYOTIDAGI KO‘PRIK

4.4.2023 1496

Gulsanam NOROVA

Tafakkur va fikrlashlarimiz milliy g‘oya asosida takomillashayotgan bir davrda o‘z davri ijodkorlarining san’at hisoblangan badiiy asarlari tilini endilikda tadqiq etish ishlari yangicha uslubda boshlandi. Maqsud Shayxzoda ijodiga munosabat, asarlari mazmuni va mohiyatini tushunish har bir asarning o‘ziga xos serjilo, purma’no, emotsionallikka boy jihatlari kabi qirralarini ochishga asosdir.

Ozarboyjon va O‘zbekistonning mohir so‘z san’atkori Maqsud Shayxzoda merosini uning nazmiy va nasriy asarlarn kabi yetuk mutafakkirlar hayoti hamda ijodi ularning ilmiy, tarixiy, falsafiy, diniy, axloqiy qarashlari, g‘oyalariga ilmiy munosabati kabi masalalar o‘rganilishi nihoyatda zarur ekanligiga ishoratdir.

Ona tilini puxta o‘rganish g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlar orasida eng asosiy masalalardan hisoblanadi. O‘z navbatida milliy tilni chuqur o‘zlashtirish, uning adabiy manbalari tilini maxsus tadqiq etish tilshunoslik fanining asosiy vazifalaridan biridir.

Maqsud Shayxzodaning badiiy asarlarida hayotning turli jabhalariga taalluqli bo‘lgan so‘z va atamalar ijodkor uslubiga xos o‘z badiiy ifodasini topgan. Bu esa, albatta, so‘z san’atkorining dunyoqarashi binlan bog‘liq kuzatuvchanlnk, turli sohalarga bo‘lgan qiziquvchanlik, ayniqsa, gumanistik g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan ijtimoiy, tabiiy sohalarga nisbatan chuqur mulohazakorligidan darak beradi.

Aslida qondosh ozarbayjon naslidan bo‘lib, keyinchalik o‘zbek xalqining chinakam sevimli shoiri, yozuvchisi, dramaturgi, zabardast olimi sifatida dong taratgan Maqsud Shayxzoda 1908 yili Ozarbayjonning Ganja viloyatiga qarashli Oqtosh shahrida tug‘ildi. Otasi Ma’sumbek elu-yurtda katta obro‘ga ega shifokor edi.

U san’at va adabiyotni sevar, tarix va falsafaga qiziqardi, Oqtosh ziyolilari bilan turli masalalarda suhbatlashardi. Yosh Maqsud Nizomiy va Firdavsiy, Navoiy va Fuzuliy, Pushkin va Shekspir kabi buyuklar nomini ilk daf’a ana shu gurunglarda eshitadi hamda bu muhit unga adabiyotga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otadi.

Maqsud Shayxzoda Oqtoshda ibtidoiy maktabni bitirgach, 1921 yili Boku dorilmualliminiga o‘qishga kiradi va uni tugatgach Dog‘istonning Darband, Bo‘ynoq shaharlarida muallimlik qilgan. U 1926 yili Adhem Fayziy tashkilotiga a’zo etilgan “Milliy firqa” tashkilotiga a’zo bo‘lib, musovotchilar harakatida faol qatnashgani uchun 1928 yili hibsga olinib, Toshkentga surgun qilingan. Umrining oxiriga qadar shu yerda yashab, ijod qilgan. Albatta, sho‘ro hukumati Shayxzodani O‘zbekistonda ham ta’qiblar va tahqirlardan benasib qoldirgani yo‘q. Muhimi shundaki, Shayxzoda “tole’ doim erkalamaganiga” qaramay, umrining oxiriga qadar o‘zbek xalqining sadoqatli farzandi sifatida faoliyat ko‘rsatdi va O‘zbekiston uning ikkinchi vatani bo‘lib qoldi.

Shayxzoda Toshkentga kelgach, avval Narimonov nomidagi texnikumda dars beradi, keyin “Sharq haqiqati”, “Qizil O‘zbekiston”, “Yosh leninchi” gazetalarida ishlaydi. 1929 yili yosh shoirning o‘zbek tilidagi dastlabki she’ri “Sharq haqiqati” gazetasi sahifalarida bosilib chiqadi. Oradan ko‘p o‘tmay, Shayxzodaning birinchi to‘plami “O‘n she’r”, keyinroq “Undoshlarim”, “Uchinchi kitob”, “Jumhuriyat” kabi to‘plamlari nashr etiladi.

Maqsud Shayxzoda “xalqimizning mehnat qahramonligi, kurash va jang, ozodlik va do‘stlik, baxt va alam, yurtning go‘zal manzaralari va insonning ma’naviy jamoli mening qalamimga oshno, dilimga mazmun bo‘lib keldi” deb ta’kidlagan edi.Shoirning bu fazilatlari, eng avvalo, hayotdagi, voqelikdagi va odamlarimizning ruhiy olamidagi o‘zgarishlar, holatlarni ifodalashga qodir yangi, betakror obrazlarida namoyon bo‘ldi.

Shoirning o‘zi “Inson umri cheklangan muhlatli daftar”, demak bu daftarni foydali, ezgu ishlar – “yozuvlar” bilan to‘ldirish lozim deydi. “Raqamlar” she’rida esa shunday satrlar bor: “Men na munajjimman va na hisobdon va lekin ko‘raman sonlar mag‘zida osmoncha ma’nolar, yurtni obodon”...

Maqsud Shayxzoda ijodiy balog‘atidan dalolat beruvchi asarlardan biri “Toshkentnoma” dostonidir. Adabiy jamoatchilik o‘z vaqtida bu dostonni shoirning adabiyotimizning yirik ijodiy muvaffaqiyati sifatida baholadi. Chindan ham, “Toshkentnoma” Shayxzoda dostonlari ichida eng barkamoli bo‘lib, unda shoir shaxsiyatining o‘ziga xos qirralari ancha yorqin namoyon bo‘lgan.

Shayxzoda umrining so‘ngida yozishga kirishgan, lekin tugatib ulgurmagan “Beruniy” dramasini hisobga olmaganda ham, uning “Jaloliddin Manguberdi” va “Mirzo Ulug‘bek” dramalari allaqachon xalqimizning badiiy mulkiga aylanib qoldi.

Maqsud Shayxzodani o‘qish jarayonida kitobxon shuni anglaydi-ki, qariyb qirq yillik ijodiy faoliyati mobaynida milliy adabiyotimizning she’riyat, dramaturgiya, publitsistika singari sohalarida samarali ijod qilibgina qolmay, adabiyotshunoslik va badiiy tarjima masalalari bilan ham faol shug‘ullangan. Akademik Naim Karimov ta’biri bilan aytsak, Maqsud Shayxzoda o‘z adabiyotini jahon xalqlari adabiyotlari bilan o‘zaro bog‘lagan “oltin ko‘prik”larimizdan biridir.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish