2024-yilning I choragida mahallada yoshlar bilan ishlashda yuqori natijalarga erishayotgan “TOP-100” yetakchi ro‘yxatidan Andijon viloyatidan 7 nafar yoshlar yetakchisi o‘rin olgan edi. Mehnatkashligi, yoshlar bilan ishlashdagi yangicha yondashuvi bilan ajralib turadigan Yunusbek Abdug‘afforov ulardan biri.
Yunusbek Abdug‘afforov 26 yoshda. Andijon shahridagi “Ma’rifat” mahallasi yoshlar yetakchisi. “Yunusbekning liderlik qobiliyati bolalikdayoq namoyon bo‘lgan”, deydi uning birinchi ustozi Muhayyo Musayeva. Bolalikdagi iqtidor uni liderlikka yetaklagan. Maktabda sardorlik, keyin yoshlar yetakchisi. Mana endi Prezidentning ishonchli vakili – mahalladagi yoshlar yetakchisi. 2023-yilda Ichki ishlar vazirligining “Namunali mahalla huquq-tartibot maskani” respublika ko‘rik-tanlovida “Eng faol yoshlar yetakchisi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining respublika bosqichi ishtirokchisi.
Yoshlar bilan tez til topishadi
– Yunusbek shahardagi eng ilg‘or yoshlar yetakchilarimizdan, – deydi Yoshlar ishlari agentliging Andijon shahar bo‘limi boshlig‘i Kamronbek Rustambekov. – U shahrimizning “yuzi”. Yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasidagi faoliyati “Ma’rifat tajribasi” sifatida viloyatimizdagi barcha mahallalarga tatbiq etilmoqda. Hududimizdagi yoshlar yetakchilarining o‘quv mashg‘ulotlarida Yunusbek amalga oshirayotgan ishlarini yoshlar yetakchilariga tushuntirib, mentorlik qilib kelmoqda. U yoshlar bilan tez til topisha oladi. Hozir mahallasida ishsiz yosh yo‘q, alohida e’tiborga muhtoj yoshlar bilan ishlashda yuqori KPI ko‘rsatkichiga ega.
“Ma’rifat” mahallasi balansi:
Aholi soni: 7200 nafar;
Xonadonlar: 1201 ta;
Yoshlar soni: 1190 nafar;
Ayol-qizlar: 605 nafar;
“Yashil” toifa: 805 nafar;
“Sariq” toifa: 335 nafar;
“Qizil” toifa: 50 nafar.
177 yoshga 316 million so‘m
– Xatlov jarayonlarida “qizil” toifaga olingan yoshlarni “yashil” toifaga olib o‘tish uchun “Yoshlar daftari” orqali 30 turdagi muammolar kaliti biz yoshlar yetakchilariga berildi hamda davlat idoralari rahbarlari bilan ishlashimizga imkoniyat yaratildi, – deydi yoshlar yetakchisi Yunusbek Abdug‘afforov. – Davlatning ko‘magiga muhtoj deb topilgan yoshlarning iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash maqsadida Andijon mashinasozlik instituti rektori Umidjon Turdialiyevga biriktirildi. Og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlashda bu insonning mehnatlari katta. Har doim yoshlarning murojaatlariga “labbay” deb javob beradi.
“Qizil” toifadagi yoshlarning muammolariga yechim topish, bandligini ta’minlash, iste’dod va iqtidorini qo‘llab-quvatlash maqsadida “Yo‘l xaritasi” shakllantirildi. “Yo‘l xaritasi” asosida 50 nafar yoshning 49 nafarida aniqlangan muammolarning barchasi ijobiy hal etildi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan jami 177 nafar yoshga turli ko‘rinishdagi yordamlar berilgan:
– 2022-yil 44 nafar yoshga 96 million 500 ming so‘mlik;
– 2023-yil 85 nafar yoshga 134 million 800 ming so‘mlik;
– 2024-yil boshidan bugungi kungacha 49 nafar yoshga 85 million 100 ming so‘mlik.
Mahallada “ko‘chaboshi”lar
– Mahalla shaharda joylashgani uchun yoshlarni nazorat qilish katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi Yunusbek Abdug‘afforov. – O‘tgan yil davomida “Ma’rifat” mahallasida jinoyat sodir etilmagan. Yoshlar qachon jinoyat qiladi? Nazoratsiz, bekor qolsa, bandligi ta’minlanmasa. Har bir ko‘chada ko‘ngillilardan ko‘chaboshilar tayinlangan bo‘lib, ular kech soat 20:00 dan ertalab 6:00 gacha vaqt oralig‘ida o‘zining ko‘chasini nazorat qiladi. Men yetakchilik qilayotgan mahalla katta bo‘lgani uchun “ko‘chaboshi”larning yordami faoliyatimning asosiy tayanchi bo‘lib kelyapti.
Ko‘chaboshilarning vazifasi faqat tungi nazoratchilik emas. Ular ko‘chalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni ham yaratishi kerak. Mahallada yetakchi tashabbusi bilan ko‘chalararo turli tanlov va musobaqalar o‘tkaziladi. Ko‘chaboshilar o‘z ko‘chasidan jamoa shakllantirib, bellashuvlarda ko‘chasi sha’nini himoya qilishi kerak. Har oy yakunida ko‘chaboshilar ishi sarhisob qilinib, yaxshi natija ko‘rsatganlar homiylik mablag‘lari asosida rag‘batlantirib boriladi.
14 nafar yosh Vatanga qaytarildi
Joriy yil boshida “Ma’rifat” mahallasidan migratsiyadagi yoshlar 28 nafar edi. Yoshlar yetakchisi sa’y-harakati bilan 14 nafari Vatanga qaytarilib, qiziqish va iqtidoriga mos ishga joylashtirildi, hunar o‘rganish istagida bo‘lganlar kasb-hunarga yo‘naltirildi. Hozir qolgan 14 nafar yoshni ham yurtiga qaytarish bo‘yicha harakatlar boshlangan. Yoshlar yetakchisi mahalla raisi bilan migratsiyadagi yoshlarning uyiga borib, ularning ota-onasiga farzandlarini ortga qaytarish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bormoqda, oilaviy ahvoli o‘rganilmoqda.
– Migratsiyadan qaytgan yoshlar o‘rtasida “Ibrat Academy” hamda “Mutolaa” loyihasining targ‘ibotini o‘tkazdim va 14 nafar yoshning barchasi bu loyihalarga qamrab olindi, – deydi yoshlar yetakchisi. – Mahalla yoshlarining “Mutolaa” loyihasidagi qamrovi 120 nafarni, “Ibrat Academy” orqali til o‘rganayotganlar 134 nafarni, “Ustoz AI” ilovasi orqali zamonaviy kasblarga o‘qiyotganlar 12 nafarni atshkil etmoqda. Yil yakuniga qadar mahallamdagi yoshlarning barchasini kitobxonlikka, til va zamonaviy kasblarni o‘rganishga jalb qilishni maqsad qilganman.
Alohida e’tiborga muhtoj yoshlar bilan ishlashda erishilgan natijalar:
Asadbek va Ahmadullo Muqumjonov joriy yil boshida migratsiyadan qaytarilgan. Aka-ukalarning mashina haydashga uquvi bor, lekin haydovchilik guvohnomasini olishmagan edi. Yoshlar yetakchisi ko‘magi bilan Asadbek va Ahmadulloga haydovchilik guvohnomasi olib berish uchun Andijon mashinasozlik instituti hisobidan pul ajratildi. Yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida “Uzautomotors” AJga ishga joylashtirildi.
Ozodbek Qambaraliyev 30 yoshda, II guruh nogironi. Yashayotgan xonadoni ta’mirtalab ahvolda edi. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan Andijon shahar “Sahovat va ko‘mak” jamg‘armasi hamkorligida uy-joy qurilish va ta’minlash ishlari uchun bir martalik moddiy yordam ajratildi. Mahallaning ko‘ngilli aholisi bilan Ozodbekning yashash joyi hashar yo‘li bilan ta’mirlandi.
Tursunoy Rejaboyeva va Mubinaxon Ibroximova imkoniyati cheklangan yoshlardan. Yoshlar yetakchisi Yunusbek tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Qizlarning tikuvchilikka uquvi borligi sababli ularga Andijon mashinasozlik instituti hisobidan tikuvchilik mashinasi olib berilgan.
Nilufar Alisherova 25 yoshda, imkoniyati cheklangan yosh. Andijon davlat universiteti talabasi. Sog‘ligida muammolari borligi sababli yoshlar yetakchisi tomonidan davolanishi uchun homiylik mablag‘lari hisobidan 2 million 138 ming so‘mlik zarur dori-darmonlar olib berilgan. Kontrakt to‘lashda qiynalgani uchun 2 million 800 ming so‘m miqdoridagi summa universitet hisobiga o‘tkazildi.