Poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida shaxmat bo‘yicha Markaziy Osiyo kubogi uchun xalqaro turnir o‘tkazilmoqda. Mukofot jamg‘armasi 18 ming AQSh dollarini tashkil etadigan xalqaro turnirda Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Turkmaniston, Tojikistondan jami 57 nafar shaxmatchi dona surmoqda.
Shveytsarcha uslubda, 9 turda o‘tkazilayotgan musobaqada 90 daqiqa, birinchi yurishdan boshlab har bir harakat uchun 30 soniya beriladi. Yosh toifasi chegaralanmagan, reyting ko‘rsatkichi 1700 dan yuqori bo‘lgan shaxmatchilar qatnashishi mumkin.
Yosh shaxmatchilar turnir davomida xalqaro grossmeyster, xalqaro toifadagi sport ustasi va FIDЕ toifasidagi sport ustasi kabi xalqaro unvonlarni qo‘lga kiritish talablarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Musobaqaning 4 ta turi ortda qoldi. Bellashuvlar qizg‘in davom etmoqda. Bahslar 24-yanvar kuni o‘z nihoyasiga yetadi.
Turnirning ochilish marosimida Markaziy Osiyo mamlakatlari FIDE 3,4 zonasi prezidenti Husan Turdialiyev va FIDE prezidenti maslahatchisi Berik Balgabayev qatnashdi. Husan Turdialiyev Oʻzbekiston terma jamoasi shaxmat klubining besh nafar a’zosiga “Sharja Masters 2023” turnirida ishtirok etish uchun Sharja (BAA) shahriga uchish yo‘llanmalarini taqdim etdi.