Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Markaziy Osiyo yoshlar forumi — yoshlar uchun munozara maydoniga aylandi

25.10.2023 367

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

2023-yil 23-oktabr kuni Toshkent shahrida “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusida xalqaro Markaziy Osiyo yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi hamda Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda oʻtkazildi.

Anjuman dunyo hamjamiyati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni deb eʼlon qilingan tarixiy sana – 24-oktabr arafasida oʻtkazilayotganida oʻziga xos ramziy maʼno bor. Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bagʻishlangan tadbirlar dasturi” doirasida oʻtkazildi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi hamda Inson huquqlari boʻyicha Vena konferensiyasining 30 yilligiga bagʻishlangan forum aholisining qariyb yarmini yoshlar tashkil etadigan Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini taʼminlash boʻyicha birdamlik va hamkorlikni oʻzida ramziy ifodalaydi.

Onlayn va oflayn shakldagi anjumanda mintaqamiz mamlakatlarining 500 dan ortiq yoshlari, yoshlar parlamenti aʼzolari, yoshlar tashkilotlari yetakchilari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, faol yoshlar, talabalar – 800 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Yoshlar bilan maslahatlashuvlar natijalaridan 2023-yil dekabr oyida Jenevada oʻtadigan yuqori darajadagi tadbirda taqdim etilishi rejalashtirilayotgan “Yoshlar huquqlari – 75” deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqishda foydalaniladi.

Forum yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini taʼminlash hamda himoya qilish mexanizmlari boʻyicha zaruriy bilimlarga ega boʻlish, oʻzaro tajriba almashish, dolzarb gʻoya va loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun qulay axborot-maʼrifat va amaliy muhokama maydoniga aylandi. Anjumanda siyosatchi va jamoat arboblari, ilmiy-akademik doira vakillari va tadbirkorlar, Oʻzbekiston va dunyo yoshlari oʻrtasidagi jonli muloqotlar muhim ahamiyat kasb etdi.

Bashariyatning necha ming yillik tarixiy rivojlanish tajribasi shundan dalolat beradiki, har qanday davlatning kelajagi hamisha yosh avlodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lib kelgan, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov. – Chunki aynan 18-30 yosh oralig‘idagi navqiron insonlarning kreativ, ya’ni zamonaviy fikrlashi, bemisl shiddat-shijoati, ijtimoiy mas’uliyatni his etib yashashi, puxta bilim olganligi va muayyan kasb-korni egallaganligi har qanday demokratik jamiyatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugungi forumning maqsadi ham yoshlarning ijtimoiy hayotdagi mavqeyini oshirishga qaratilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish