Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MASHHUR YOZUVCHILAR HAYOTI

29.3.2023 1084

Rahmat BOBOJON tarjimasi

Jahon adabiyotining durdonalarini yaratgan, asarlari barcha zamonlarda ham katta munozara va qiziqishlarga sabab bo‘lgan, ba’zi adabiyot va so‘z olamining zargarlari umri qashshoqlikda o‘tgani yoxud hech vaqosi qolmay vafot etgani achchiq haqiqat.

Oddiy qishloq odami

Yozuvchi tanlagan qashshoq hayot aslida uning o‘z istagi edi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Lev Tolstoy badavlat oilaning farzandi bo‘lishiga qaramay o‘qishni tamomlagach kambag‘al qishloq aholisi safiga qo‘shiladi. Chunki rus qishloqlarining nochor, umidsiz, ayanchli ahvoli uni tashvishga solardi.

Yozuvchi oilasidan meros qolgan barcha yerlarni nochorlarga taqsimlab beradi, qimmatbaho buyumlarini sotib pulini muhtojlarga hadya qiladi. Hatto asarlari uchun berilgan mukofotdan ham bosh tortib, oddiy qishloq odami bo‘lib yashashni tanlaydi.

“Anna Karenina”, “Urush va tinchlik” kabi buyuk asarlar muallifi bor bisotini tarqatib bo‘lgach, kambag‘allik domiga tushib qoladi, o‘zi kiyim-kechak, poyabzal tikadi. Shu barobarida yozadi, uy yumushlarini ham o‘zi bajaradi. Biroq ijodkorning asl qashshoqligi sababi muvaffaqiyatsiz nikohida edi...

Uyini ham muhtojlarga sovg‘a qilib, darbadarlikka otlangan va Ostapovo stansiyasida olamdan o‘tgan adibdan barcha davrlarning eng mashhur asarlari qoldi.

Qashshoqlikda yakun topgan umr

Dunyoda eng ko‘p sotilgan tarixiy romanlar muallifi Aleksandr Dyumaning 200 ming sahifali roman, drama hamda tarixiy kitoblarining umumiy qiymati 5 million dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichga u bilan bir davrda yashagan birorta ijodkor erisha olmagan.

Biroq yozuvchining farovon hayotga intilishlari achinarli yakun topadi. Umrining so‘nggi yillarini qashshoqlikda o‘tkazgan Dyuma o‘z tarjimayi holida uni ochlikdan o‘lishga yo‘l qo‘ymagan hamda qarzlarini to‘lagan yaqinlariga minnatdorlik bildiradi.

Butun umr qarzga yashagan

“Tom Soyerning sarguzashtlari” va “Geklberri Finnning sarguzashtlari” nomli mashhur bolalar romanlari muallifi Mark Tven Amerikaning eng mashhur yozuvchilaridan biri.

Hayoti davomida pul topish ilinjida turli ishlarga sarmoya kiritgan Mark Tven hamisha muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Jumladan, 1885-yilda tashkil etilgan nashriyoti bankrot bo‘ladi, 58 yoshida bo‘ynigacha qarzga botadi.

5 yil davomida kitob yozib, Avstraliyadan Hindistongacha, Janubiy Afrikadan Angliyagacha bo‘lgan ko‘plab mamlakatlarda anjumanlar o‘tkazib, qarzlarini to‘laydi.

Rafiqasi Oliviya kambag‘allika chidolmaydi, sog‘lig‘i yomonlashadi va Florensiyada vafot etadi. Yozuvchi esa olti yildan keyin 75 yoshida dunyodan o‘tgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish