Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bugun qaysi kasb egalariga talab yuqori?

13.5.2024 513

Yoshlar ovozi

Markaziy bank O‘zbekistonning 2024-yil 1-choragidagi Mehnat bozori sharhini e’lon qildi. O‘tgan yilning ikkinchi yarim yilligidan boshlab mehnat bozori ko‘rsatkichlari yaxshilanishda davom etmoqda. 2023-yil yakuniga, yuqori investision faollik sharoitida jami ish bilan band bo‘lgan aholi soni 312 ming kishiga yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,3 foizga oshdi.

Iqtisodiyotdagi ishsizlik darajasi sezilarli darajada kamayib, 6,8 foizni tashkil qildi. Bandlikka asosiy hissa qo‘shgan sohalar qurilish va savdo tarmoqlari bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar soni kamaydi.

Qaysi sohalarda ish ko‘p?

Mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari (vakansiyalar) soni bilan o‘lchanadigan ishchi kuchiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi. Ushbu davrda bo‘sh ish o‘rinlarining o‘rtacha soni qariyb 36,8 mingtani tashkil etib, 2023-yil dekabr oyi ko‘rsatkichlariga nisbatan 14 foizga oshgan (32,2 mingta).

Eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari chakana savdo, qurilish, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish va ta’lim sohalarida shakllanishda davom etmoqda. Hududlar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlarining asosiy qismi Toshkent shahri (60 foiz atrofida), Samarqand (11 foiz) va Toshkent viloyatlariga (9 foiz) to‘g‘ri kelgan.

Ish qidirayotganlar qaysi kasb egalari?

Taklif tomonidan, ish qidirayotganlar orasida e’lonlarning salmoqli qismi transport, qurilish, buxgalteriya va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri kelmoqda. Mehnat bozorida talabning mavjudligiga qaramasdan, uning ishchi kuchi taklifi bilan ayrim tarkibiy nomutanosibliklari mavjud.

Bu, bir tomondan, oldingi davrlardagi bo‘sh ish o‘rinlari sonining sezilarli qismi saqlanib qolayotganida (dastlabki, T-1 davrida 64 foiz va T-2 davrida 55 foiz atrofida), boshqa tomondan esa, xususiy sektordagi yuqori va o‘rta malakali ishchilarning ish haqlari o‘rtasidagi tafovutda namoyon bo‘lmoqda.

Bunda maxsus ko‘nikmalar talab etiladigan axborot texnologiyalari, tibbiyot, ishlab chiqarish kabi sohalarda bo‘sh ish o‘rinlari o‘tgan davrlardan saqlanib qolayotgan bo‘lsa, maishiy xizmatlar, qo‘riqlash/xavfsizlik xizmatlari va talabalar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yuqori tezliqda yangilanib kelmoqda.

Ish haqi dinamikasi

Ish haqi dinamikasi mehnat bozorining joriy holatini o‘zida aks ettirishda davom etmoqda. 2024 yilning birinchi choragida ish haqining nominal o‘sish sur’ati yillik 19,8 foizni, inflyatsiyani hisobga olgan holda esa 9,8 foizni tashkil etdi.

Xususan, ishchi kuchiga bo‘lgan yuqori talab fonida, savdo (24,4 foizga) hamda axborot va aloqa (23,5 foizga) sohalarida yuqori ko‘rsatkichlar saqlanib qoldi. Qurilish sohasida mehnat resurslari taklifining o‘sishi hisobiga ish haqi o‘sishi pastroq shakllanmoqda (6,6 foiz).

Iqtisodiyotdagi bandlik va ishlab chiqarish darajasini inobatga olganda, xizmat ko‘rsatish sohalarining aksariyatida mehnat unumdorligi ish haqi o‘sishidan ortda qolib, bu xizmat ko‘rsatish sohasi tomonidan inflyatsiyaga bosim beruvchi omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish