Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Mehnat shartnomasini o‘zgartirish: muhim 7 savolga javob

9.11.2023 262

Dilmurod Rajaboyev, Hudud24.uz kolumnisti

Ishga kirayotganda mehnat shartnomasi tuziladi. Keyin uni o‘zgartirsa bo‘ladimi? Xodim buni talab qila oladimi? Ish beruvchiga-chi, mehnat shartlarini xodimning roziligisiz o‘zgartirishga ruxsat beriladimi? Boshqa ishga o‘tkazish shartlari qanday? Hudud24.uz bugun mehnat qonunchiligidagi shu va boshqa masalalarga batafsil to‘xtaladi.

1. Xodim mehnat shartlarini o‘zgartirishi mumkinmi?


Xodim ish beruvchidan mehnat shartlarini o‘zgartirishni talab qilishga haqli.

Xodimning mehnat shartlarini o‘zgartirish haqidagi arizasi 3 kundan kechiktirmay ish beruvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.

Ariza rad etilganda, ish beruvchi unga rad etishning sababi to‘g‘risida yozma shaklda xabar qilishi kerak.

2. Ish beruvchi mehnat shartlarini xodimning roziligisiz o‘zgartirishi mumkinmi?


Ha, ayrim holatlarda mumkin. Jumladan, agar texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmlarining qisqarganligi munosabati bilan avvalgi mehnat shartlari saqlab qolinishi mumkin bo‘lmasa (masalan, xodim xatlarni yuborish yoki arxivlash bilan shug‘ullanadi, tizimni elektronlashtirish natijasida esa bu ishlarni texnika bajarishi mumkin), ish beruvchi xodimning roziligisiz mehnat shartlarini o‘zgartirishga haqli.

Ish beruvchi mehnat shartlarining o‘zgarishi haqida xodimni kamida 2 oy oldin yozma shaklda, imzo qo‘ydirib ogohlantirishi shart.

Ko‘rsatilgan muddatni qisqartirishga faqat xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi.

Ogohlantirish muddati pulli kompensatsiya bilan almashtirilishi mumkin.

Ogohlantirish muddati tugagach, xodim yangi mehnat shartlarida ishlashni rad etsa, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.

Bunday holda xodimga ishdan bo‘shatish nafaqasi va ish qidirish davrida o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanishi bilan bog‘liq kafolatlar qo‘llaniladi.

Yodda tuting! Xodim ish beruvchi tomonidan mehnat shartlari o‘zgartirilganligi ustidan shikoyat qilishga haqli.

3. Ish beruvchi xodimni uning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazishga haqlimi?


Xodimni boshqa ishga o‘tkazish uning muddatiga qarab doimiy va vaqtincha turlarga bo‘linadi.

Xodimni boshqa doimiy ishga o‘tkazishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Xodimni vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish ham uning roziligi bilan amalga oshirilsa-da, ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolinishi hollarida ish beruvchi xodimni uning roziligisiz vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishi mumkin.

Bunda xodim sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lgan boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emas.

Bekor turib qolish sababli xodimni pastroq malaka talab etiladigan ishga vaqtincha o‘tkazishga xodimning yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish munosabati bilan xodim vaqtincha boshqa ishga o‘tkazilganda, xodimga haq to‘lash uning bajarayotgan ishiga qarab, biroq avvalgi o‘rtacha oylik ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda amalga oshiriladi.

Xodimni boshqa ishga o‘tkazish bir yilda jami 60 kundan oshishi mumkin emas.

Yodda tuting! Xodim o‘zi o‘tkazilayotgan ishning mazmuni, ushbu ishdagi mehnat shartlari, shuningdek mazkur ishni bajarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ichki hujjatlar bilan oldindan tanishtirilishi shart.

4. Xodim ish beruvchidan uni boshqa ishga vaqtincha o‘tkazishni talab qilishga haqlimi?

Umumiy qoidaga ko‘ra xodim ish beruvchidan boshqa ishga o‘tkazishni talab qilishga haqli emas.

Biroq qonunchilikda ayrim istisno holatlari belgilangan.

Xususan, xodimning vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosi ish beruvchi tomonidan quyidagi hollarda qanoatlantirilishi lozim:

– tibbiy xulosaga muvofiq xodimni sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra vaqtincha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari mavjud bo‘lmagan ishga o‘tkazish;

– tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayolni vaqtincha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari mavjud bo‘lmagan ishga o‘tkazish;

– ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan ota-onaning biri (vasiy) tomonidan avvalgi ishini bajarish mumkin emasligi;

– tegishli ish o‘rni beruvchida mavjud bo‘lgan boshqa uzrli hollarda.

5. Xodim ish beruvchidan uni boshqa ishga doimiy o‘tkazishni talab qilishga haqlimi?

Ha, haqli. Xodim sog‘lig‘ining holati, tibbiy xulosa uni yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari mavjud bo‘lmagan boshqa ishga doimiy o‘tkazishni talab qilsa, ish beruvchi mazkur xodimni uning roziligi bilan, vakant bo‘lgan taqdirda boshqa ishga o‘tkazishi shart.

Ish beruvchida xodimga mos ish bo‘lmaganda, xodimga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘langan hamda kafolatlar taqdim etilgan holda mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.

6. Korxona (tashkilot) boshqa joyga (uzoq joyga) ko‘chsa xodimga qanday kafolatlar beriladi?

Ish beruvchi xodimni kelgusida boshqa joyga (xodimning yashash joyidan uzoq hududga, ya’ni qatnash imkoni bo‘lmagan joyga) ko‘chishi to‘g‘risida kamida 2 oy oldin yozma ogohlantirishi shart.

Boshqa joyga ishga ko‘chib o‘tgan xodimlarga quyidagilar kompensatsiya qilinadi:

– xodim va oila a’zolari, ularning yuklarini tashish xarajatlari;

– yo‘lda bo‘lishning har bir kuni uchun sutkalik to‘lovlar;

– ko‘chib o‘tilayotgan joyda xodimning shaxsiy uy-joyi bo‘lmasa yoki ish beruvchi unga xizmat uyi bermasa, uy-joy ijarasi bilan bog‘liq xarajatlar;

– yangi ish joyi bo‘yicha bir oylik maosh miqdorida bir martalik nafaqa (ko‘tarma pul).

7. Korxona (tashkilot) boshqa joyga (uzoq joyga) ko‘chsa va xodim u yerga borib ishlashni rad etsa nima bo‘ladi?

Xodim ish beruvchi bilan birga boshqa joyga ko‘chishni rad etsa, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi unga ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘langan va ishga joylashish davrida o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda bekor qilinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish