Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“MEHR” ITLAR BOSHPANASI

14.1.2023 369

Hamida QODIROVA, O‘zJOKU talabasi

Itlarni yaxshi ko‘rasizmi? Itni sayr qildirish, suratga tushish imkoniyati berilganda foydalangan bo‘larmidingiz? Unda birgalikda “Mehr” boshpanasiga fotolar orqali sayohat qilamiz.

“Mehr” – qarovsiz itlar uchun kinologik va veterinar xizmati bilan taʼminlangan O‘zbekistondagi birinchi boshpana hisoblanadi. “Mehr” “Akfa” kompaniyasining homiylik mablag‘lari hisobidan Piskent tu­manida qurilib, 2021-yil 1-avgust kuni foydalanishga topshirilgan.

Dastlab boshpanaga 25 ta it qabul qilingan. Hozir ular soni 1000 dan ziyod. Boshpana hududi 1 gektar bo‘lib, 11 ta blok va 1000 ta itga mo‘ljal­langan xonalardan iborat. Maʼmuriy va tibbiy bino, sayr uchun maydon, jarrohlik bo‘limi, dezinfeksiya may­doni, oziqlantirish va kuchukchalar uchun maxsus blok mavjud.

Jonivorlarning aksari qarovsizlik oqibatida shu yerga kelib qolgan. Ularning qayta ijtimoiylashuvi, qo‘lga o‘rgatilishi va sayrga chiqishi bi­lan mutaxassislar shug‘ullanadi. Ular har chorakda ichki, tashqi dezinfeksiya hamda quturishga va boshqa kasalliklarga qarshi vaksinat­siya qilinadi.

Hozir jonivorlar bilan veterinar shifokor, veterinar feldsher, bosh kinolog va uning ikki yordamchisi, xullas, jami 25 nafar xodim shug‘ul­lanadi. Jonivorlar ikki martalik oziq-ovqat bilan taʼminlanadi. Qish pay­tida itlar isitilgan uychalarda saqla­nadi. Bloklar mamlakat iqlim sharoi­tini inobatga olgan holda qurilgan.

Boshpanaga jonivorlar oldindan arizaga asosan, navbat bilan qa­bul qilinadi. Qabul qilingan har bir jonivor veterinar ko‘rigidan o‘tka­ziladi hamda har xil kasalliklardan davolanadi. So‘ng jonivorlar ro‘yxat­ga olinadi, o‘zining tartib raqami va veterinariya pasportiga ega bo‘ladi. Yangi qabul qilingan itlar boshqa­lariga zarar yetkazmasligi uchun 2 haftalik karantinga olinadi.

Boshpana jamoasining asosiy maqsadi, jonivorlarni yangi egasi bilan uchrashtirish hisoblanadi. Maʼmuriyat itlarni yangi egasiga topshirishda insonning jonivorlar­ga munosabati, yashash sharoiti, sog‘lig‘i, qanday g‘amxo‘rlik qilishi­ga eʼtibor beradi. Ular qo‘riqlash­ga, zanjirband holda boqishga, ov qilishga va issiq uy-joyi bo‘lmagan holatdagi sharoitga berilmaydi.

Siz ham bu yerga kelib, ham­masini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin. Hayvonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni istovchilar uchun boshpana eshiklari soat 10:00 dan 17:00 gacha ochiq. Dam olish kun­lari ekskursiya ham tashkil etila­di. Maʼmuriyat ekskursiya haqida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sa­hifalari orqali (mehr_shelter) eʼlon beradi. Qatnashish uchun faqat yo‘l haqini to‘lasangiz bas.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish