Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MEN VA YANGI O‘ZBEKISTON

5.8.2024 486

Asadbek RO‘ZIYEV, AQShning Arizona davlat universiteti muhandislik (robototexnika) yo‘nalishi talabasi

Men “El-yurt umidi” jamg‘armasining 2023-yilgi 3-stipendiya tanlovi g‘olibiman. Chet elda tahsil olsam-da, O‘zbekiston kelajagi uchun qayg‘uraman, o‘qiyotgan har bir daqiqamda Vatanimiz uchun foydali bilim va tajriba orttirishga, vaqtimni to‘g‘ri maqsadlar uchun sarflashga harakat qilaman. Ushbu maqolada men Prezidentimiz bilan uchrashganim, robototexnika muhandisligiga qiziqishim, yaratgan loyihalarim, universitetda erishgan yutuqlarim, o‘rgangan bilimlarim va orzu-maqsadlarimni O‘zbekistonda tatbiq qilish haqida bo‘lishaman.

2020-yil 25-dekabr Humo arenada va 2021-yil 30-iyun kuni Yoshlar forumida Prezident bilan ko‘rishdim. Shunda u kishi men va tengdoshlarimga robototexnika va IT orqali turli muammolarni yechishga qaratilgan takliflarni bergan edilar. Alisher Navoiy va boshqa allomalarimizning asarlarini barcha tushunadigan, zamonaviy usulda audioyozuvlar bilan taqdim etish taklifini ham. Men o‘sha kundayoq ishga kirishib, ikki hafta ichida jamoam bilan respublikada birinchi bo‘lib shu yo‘nalish bo‘yicha maxsus dasturni foydalanishga chiqardik. Ilovani yaratib, “Ilhom” mukofotini qo‘lga kiritdim. 2021-yilgi Yoshlar Forumida prezidentimiz menga yangi robotlarni va yangi texnologiyalarni yaratishda davom etib, yoshlarni ham jalb qilish taklifini berdi. Men Ecobot AI chiqindilarni tozalovchi avtomatik robotni yaratdim va buni rivojlantirish uchun Vatanimizda bor imkoniyatlardan foydalanishga harakat qilyapman.

“Adiblar.uz” mobil ilovasi haqida. Meni Navoiy va Bobur asarlari hayratga solardi. Biroq ko‘pincha moliyaviy cheklovlar va mahalliy kutubxonalarda yetarlicha adabiyotlar mavjud emasligi sabab ularning asarlarini topishga qiynalardim. Bu meni Adiblar.uz ilovasini yaratishga ilhomlantirdi. Ilova Navoiy va Bobur asarlarini onlayn o‘qish iomkonini beradi. Adiblar.uz ilovasini yaratishdagi sa’y-harakatlar men uchun juda mazmunli bo‘ldi, chunki bu boshqalarning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga imkon berdi. Shu kungacha ilovadan 10 000 ga yaqin foydalanuvchi uchta tilda foydalanib kelyapti.

“EYEMED” mobil ilovasi raqamli rivojlanish masalalarini hal qilishda yordam beradigan sun’iy intellekt va texnologiyalarni o‘rganishda qo‘l keladi. Bu ilova oftalmologiya sohasida inqilob qilish imkoniyatiga ega va men uning yaratilishida ishtirok etganimdan faxrlanaman. Hozir bu ilova butun dunyoda qo‘llanilmoqda va yuzlab insonlarning ko‘z nurini asrashda hissa qo‘shmoqda.

“Ecobot AI” roboti bilan chiqindilar saralashni takomillashtirish va shaharlarda ifloslanishni kamaytirish ustida ishlanmoqda. Mening bu loyiham qayta ishlash jarayonini avtomatlashtirishga yordam beradigan texnologiyani ishlab chiqishga qaratilgan. Loyihani kattaroq va asosiy robot sifatida ishlab chiqarish uchun bilimlarimni oshirib boryapman. Men Eyemed loyihasi bilan AQShning USAID va Qozog‘iston tashkil etgan Xalqaro Startap Weekend xakatonida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Ecobot loyihasi bilan “Robot-uz 2020” va “Robot-uz 2021” musobaqasida uch marotaba sovrindor bo‘ldim.

Bu natijalar bilimlarimni oshirishimga turtki bo‘ldi.

Universitetimning E2 Camp marafonida 2-ichi o‘rinni egallab kumush medalini qo‘lga kiritdim. Shuningdek, birinchi kurs talabalari uchun universitet hisobidan tashkil etilgan E2 muhandislik lagerida qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldim.

Men AQShda mamlakatning turli shtatlaridan va boshqa davlatlardan kelgan ko‘plab aqlli yoshlarni uchratdim. Ularning ko‘pchiligi uchuvchi va muhandis-mexanik bo‘lish uchun tahsil oladi. Tahsil davomida ko‘plab robototexniklar bilan musobaqalashdim. 2023-yil kuzgi semesterda barcha baholarim a’lo bo‘lgani uchun universitet muhandislik fakutletining a’lochilar ro‘yxatiga ham kiritildim.

Akademik maqsadim – yuqori baholar bilan o‘qishda davom etish. Men har bir o‘qigan fanim bo‘yicha bilimlarimni iloji boricha yaxshiroq eslab qolib, ularni hayotga to‘g‘ri tatbiq etish ustida ishlayman.

Battlebot to‘garagi orqali men 2024-yil yanvar oyi musobaqasida eng zo‘r dizayndagi robot nominatsiyasini qo‘lga kiritdim. Meni National Havoc Robot League, ya’ni Norwalk shahridagi Amerikaning eng zo‘r robotlar urushi musobaqasiga taklif qilishdi. Musobaqaning barcha xarajatlarini universitetimiz qopladi. Bizning robotimiz musobaqada ikki marotaba qatnashdi, ammo g‘olib bo‘lmadi. Keyingi safar yaxshiroq tayyorgarlik bilan kelishni maqsad qildik.

Endi men yangi mashina yaratishni maqsad qildim. Mening orzum – dunyoning eng yaxshi elektromobilini O‘zbekistonda ishlab chiqarish. Men va mening jamoam yaratgan texnologiyalardan insoniyat bizdan keyin ham foydalansin. Buning uchun 2019-yildan beri robototexnika orqali kichik mashinaga o‘xshash ixtirolar qilaman. Hozir mashina yaratish uchun universitet imkoniyatlaridan foydalanyapman. Xususan, doktor Junfeng Zhaoning o‘zi boshqariladigan elektromobil ishlab chiqarish laboratoriyasida tadqiqot ustida ishlamoqdaman. Bilimimni oshirish uchun universitetning Chandler markaziga boraman va bu uchun menga Lyft code, ya’ni taksi uchun bepul imkoniyatlar ham berilgan. Universitetning poyga mashinalar yaratish to‘garagida ham ishtirok etaman.

Aeronavtika va astronavtika. 12-sentabr kuni Glendale Munitsipal aeroportidan Arizona bo‘ylab Piper Archer samolyoti orqali ustozim bilan ilk parvozimni amalga oshirdim. Astronavtika bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘p loyihalar qilishni reja qilganman. Masalan, yoshlarni uchuvchilikka o‘qitish uchun Innovatsion rivojlanish agentligi va Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda maxsus kurs tashkil qilishni rejalashtirganman. Bu kurs bilan o‘rganuvchilar O‘zbekistonda turib Cesna-172 kabi samolyotlar orqali uchib, uchuvchilik saboqlarini olishi mumkin.

“English 102” darslarida O‘zbekiston rivojiga qanday hissa qo‘shish haqida ikkita insho yozgan edim. Birinchi insho O‘zbekistonda aeronavtika uchun yangi qonunlarni joriy qilish haqida edi, ya’ni O‘zbekistonda fuqarolarga dronlarni ishlatishga ruxsat berish. Insho uchun professorimiz yuqori baho qo‘ygan. Ikkinchi insho O‘zbekistonda 10 va 11-sinf o‘quv dasturlarini ma’lum yo‘nalishlarga ixtisoslashtirish uchun taklif xati edi. Bu darslarda o‘rgangan bilimlarim orqali turli muammolarni yechish haqida aniq rejalar, mavjud taklif xatlarni ishlatishni o‘rgandim. Universitetning “Fulton Accelerated Community Engagement” dasturi orqali muhandislik sohasida lider bo‘lishni chuqur o‘rgandim. Dasturda 300 dan ortiq talabadan faqat 30 foizi saralab olingan edi.

Universitetimizning Aeronavtika va astronavtika instituti to‘garagida butunlay noldan samolyot yasash tajribasini o‘tkazdik. AIAA 1963-yilda boshlangan aerokosmik sohaga bag‘ishlangan global texnik jamiyatdir. AIAA nashri Amerika siyosatining ovozi va u aerokosmik sohadagi konferensiyalar va tadbirlarga mezbonlik qiladi. U talabalarga turli dastur va tanlovlarni taklif qiladi, masalan, Dizayn-Qurilish-Parvoz musobaqasini tashkil qilgan. Ushbu musobaqa xalqaro ravishda har yili o‘tkaziladi. Bu yil 12 ta davlatdan 100 dan ortiq jamoa qatnashgan. Bizning samolyotimiz ham muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirdi.

Men universitetimning talabalar assotsiatsiyasida senatorman va shu orqali 140 000 dan ortiq talabalarning muammolarini yechish ustida ishlayman. Har bir talaba kontrakt to‘lovi bilan birga universitet talabalar assotsiatsiyasi uchun 50 dollar qo‘shimcha pul to‘laydi. Bu anchagina mablag‘ bo‘lib, tadbirlarga va universitet klublariga taqsimlaymiz. Senator sifatida biz universitet klublari biror tadbir uchun pul so‘raganida, ularni tasdiqlash uchun ovoz beramiz. 2024-2025-o‘quv yili uchun lavzoimim oshdi va meni senat prezidenti etib saylashdi.

Men ushbu assotsiatsiyani O‘zbekistondagi universitet va maktablarda ham joriy qilishni maqsad qildim. Maktablarda va universitetlarda yilda bir marta badal to‘lovi qilib, ushbu muassasalardagi sardorlar yig‘ilgan mablag‘ni to‘g‘ri taqsimlash bilan shug‘ullanishsa, yaxshi amaliyot bo‘ladi. Men Innovatsion rivojlanish agentligida ishlash uchun shartnoma qilganman va bu loyiha ustida boshqa vazirliklar bilan ishlashni maqsad qildim.

O‘zbekiston Talabalar Assotsiatsiyasi orqali vatanimiz haqida turli tadbirlar qilishni ham reja qilganman. Hozirda Arizona davlat univeristeti uchun O‘zbekiston Talabalari assotsiatsiyasini ochish ustida ishlab kelmoqdaman. Bugungacha Talabalar assotsiatsiyasi orqali  Navro‘z bayrami bilan bog‘liq hamda Ramazon hayiti tadbirlarini o‘tkazdim. Keyingi o‘quv yilida milliy taomlari, “O‘zbek milliy kiyimlar kuni” kabi tadbirlarni tashkil qilish ustida universitetning xalqaro talabalar markazi bilan ishlamoqdaman.

Kelajakda elektromobil ishlab chiqaruvchi kompaniya tashkil qilishni reja qilganman. Yana ekologiya, qishloq xo‘jaligi, harbiy muhandislik va boshqa xalqchil muammolarni yechuvchi robotlarni yaratishni o‘ylayapman. Maqsadim chet elda emas, O‘zbekistonning o‘zida eng zo‘r, sifatli va hamyonbop narxda texnologiyalarni yaratish.

Men hozirgacha erishgan yutuqlarim uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bunday imkoniyatlarni doim rivojlantirib kelayotgani uchun Prezidentimizga rahmat. O‘zbekiston kelajagini kodma-kod bunyod etamiz!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish