Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MEN – YETAKCHIMAN!

10.5.2023 2592

“Yoshlar ovozi” muxbiri Iqbol PARDAYEVA tayyorladi.

Muhammad YUSIFBOYEV, Quyichirchiq tumanidagi “Madaniyat” mahallasi yoshlar yetakchisi:

“Jismoniy imkoniyatim cheklangan holda qilayotgan ishlarimni ko‘rgan mahalladoshlarim mendan katta motivatsiya olishadi”

– Garchi jismoniy imkoniyatim cheklangan boʻlsa-da, bu mening maqsadlarimga erishishim uchun toʻsqinlik qila olmaydi. Hozir mahallada yoshlar yetakchisiman, shu bilan birga, davlatimiz nogironlarga yaratayotgan imkoniyatlar sabab, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universitetining sirtqi boʻlimida grant asosida 2 kursda tahsil olyapman.

Mahalladagi yoshlarning muammolarini qalbdan his etishga intilaman. Ba’zan faoliyatimda shunday holatlar bo‘ladiki, ayrim sabablarga koʻra, haqiqiy yordamga muhtoj yoshlarga ko‘mak berolmayman. Masalan, taʼlim krediti olmoqchi boʻlgan yoshlar asosan, kafil izlab sarson boʻladi. Chunki koʻpchiligining ota-onasi rasmiy ishda ishlamaydi. Shu bois men Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisiga “Yoshlar daftari”ning kredit bandiga “Taʼlim krediti” yoʻnalishini qoʻshish taklifini bildirdim. “Yoshlar daftari” orqali taʼlim kreditini olayotgan, kafilga muhtoj yoshlarga esa “Yoshlar jamgʻarmasi” kafillik qilib berishini soʻradim. Qahramon Quranboyev taklifimni maʼqullab, bu muammo tez orada o‘z yechimini topishini, “Yoshlar daftari” imkoniyatlari yanayam kengayishini ta’kidladi.

Odatda men ishga uch g‘ildirakli velosipedda qatnayman, mahallani aylanaman. Bundan xabar topgan Respublika komissiyasi raisi faoliyatimda yana ham yengillik bo‘lishi uchun menga mototransport (muravey) ajratib beradigan bo‘ldi.

Mahalla yoshlarining qiziqishidan kelib chiqib, “Madaniyat va sanʼatni targʻib qilish”, “Sogʻlom turmush tarzi va sportni ommalashtirish”, “Axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish”, “Maʼnaviyat va kitobxonlikni targʻib qilish”, “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish, “Tadbirkorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash” yoʻnalishlarida 6 nafar koordinatorni oʻzimga yordamchi sifatida tayinlaganman. Mahallada ular mening eng yaqin koʻmakchilarim.

Bu yil mahallamizda dehqonchilik qilish istagini bildirgan 6 nafar yoshga 30 yil muddatga 4,5 gektar yer auksion tanlovi orqali ajratib berildi. Yer olgan yoshlarimiz bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi, qandaydir muammoga duch kelsa birgalikda hal qilishlari uchun kooperativ tarzda ishlashini yoʻlga qoʻydik. Yaʼni 6 nafar dehqon yigit orasidan dehqonchilikni yaxshi tushunadigan Dilshodjon Abdullayevni yosh dehqonlarga sardor etib tayinladim. Natijada ular faqat oʻz yeri uchun emas, olingan jami 4,5 gektar joyda bir xil mehnat qiladigan boʻldi. Ekini ham, chopig‘i ham, sugʻorish jarayonida ham hammasi bir boʻlib mehnat qilmoqda. Bu men kutgan natijani berdi: har olti dehqonning hosili ham bir xilda baravj rivojlanmoqda.

 

Dilshodjon ABDULLAYEV, dehqon:

– Biz, ekin uchun joy olgan 6 nafar yosh dehqonlar doim birgalikda mehnat qilyapmiz. Faqat oʻzimizning ekin uchun emas, barchamizning hosilimiz uchun birdek jon kuydiryapmiz. Kimdir muammoga duch kelsa, uni birgalikda hal qilyapmiz. Agrotexnik ishlarni ham hamjihatlikda bajaryapmiz. Hosilimiz ham birdek yaxshi rivojlanyapti.

 

Kibriyo ASADOVA, talaba:

– Men Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ingliz tili fakultetining 4-bosqich talabasiman. Oʻtgan yili mahallamiz yetakchisining tavsiyasiga asosan, toʻlov shartnoma pulimning bir qismi “Yoshlar daftari” orqali toʻlab berildi. Bundan xursand boʻlib, yozgi taʼtilda yetakchimizning taklifi bilan mahallamiz yoshlariga bepul ingliz tili toʻgaragini tashkil qildim. Mahallamizdagi 30 nafar yoshni bu toʻgarakka jalb qildik. Yoshlar qiziqish bilan til oʻrgandi.

 

Mahalladagi ijtimoiy obyektlar:

1 ta – madaniyat markazi;

1 ta – sunʼiy qoplamali futbol maydoni;

1 ta – maktab sport zali;

1 ta – kutubxona;

1 ta – Street Warkout maydonchasi.

 

Sport toʻgaraklari:

– basketbol;

– oʻzbek jang sanʼati;

– qoʻl janggi;

– futbol.

 

– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 158 nafar yoshning 152 nafariga amaliy yordam koʻrsatildi.

– “Besh tashabbus olimpiadasi”ga 1420 nafar yosh qamrab olindi.

– 2022-yili 15 nafar yosh ishlash va oʻqish maqsadida xorijga chiqib ketgan boʻlsa, bu yil ularning 10 nafari oʻz uyiga qaytib keldi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish